Anqara AQShni kurd kuchlari kiyimidagi amerikalik harbiylarga zarba berishidan ogohlantirdi
Suriyalik kurdlarning mudofaa kuchlari (YPG) kiyimini kiyib olgan amerikalik harbiylar Turkiya qurolli kuchlarining Suriyadagi harbiy amaliyoti nishoniga aylanishi mumkin. Bu haqda Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari Bakir Bo‘zdag aytib o‘tdi.
Oxirgi vaqtda AQSh YPG’ga ko‘mak ko‘rsatayotgani sababli Anqara va Vashingtonning munosabatlari keskinlashgan.
“Agar terrorchilar (YPG) Suriyaning Manbijini tark etmasalar, unda biz bu hududda hamda Frot daryosidan sharqda ham amaliyot boshlaymiz. YPG kiyimidagi AQSh harbiylari ham qurolli kuchlarimiz nishoniga aylanadi”, deb aytgan Bo‘zdag CNN Turk telekanali efirida.
Bo‘zdag 31 yanvarda Vashingtonni Suriyada amerikalik va turkiyalik harbiylar to‘qnashmasligi uchun choralar ko‘rishga chaqirgandi. Uning aytishicha, Anqara bu yuz bermasligi uchun barcha chorani ko‘rmoqda, biroq AQSh ham buning uchun harakat qilishi lozim.
Turkiya 20 yanvardan boshlab Suriyaning Afrinida kurd tuzilmalariga qarshi harbiy amaliyot olib bormoqda. Bunda Anqaraga Suriya ozod armiyasi jangchilari ko‘mak ko‘rsatmoqda.