Professordan bo‘lajak onalarga tavsiyalar va ogohlantirishlar: KUN.UZ’da yangi loyiha
Inson salomatligi bebaho ne'mat. Uning o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Insonning biron joyi og‘risa, ko‘ziga dunyo qorong‘i ko‘rinib ketadi. Og‘riqdan, darddan qutilish chorasini izlab qoladi. Ammo u mana shunday holatga ham tushmasligi mumkin edi? Sog‘lom hayot kechirgan inson bu kabi noxushliklardan uzoq yuradi. Xo‘sh, sog‘lom turmush tarzi qanday kechiriladi, sog‘lom hayotga qanday erishiladi?
KUN.UZ tahririyati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati bilan hamkorlikda yangi – «Sog‘lom hayot» turkum ko‘rsatuvlar loyihasini boshladi. Bundan maqsad odamlar orasida tibbiy madaniyatni rivojlantirish, ularning sog‘lom turmush tarzi olib borishlarida ko‘makchi bo‘lishdir. Loyihamizning birinchi mehmoni Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Maxmuda Hamdamovna Kattaxo‘jayeva bo‘ldi. Professor bilan onalik va bolalik mavzusida atroflicha suhbatlashdik.
- Avvalambor, assalomu alaykum. Bu loyihaga qo‘l urilgani juda ma'qul ish bo‘libdi. Chunki odamlar salomatliklari haqida, umuman tibbiyot va tibbiy madaniyat haqida yetarlicha ma'lumot olishlari kerak, bu loyiha esa bu ishda ayni muddaodir.
Bugun biz reproduktiv salomatlik haqida so‘z yuritmoqchimiz. So‘nggi paytlarda ko‘p tilga olinayotgan va hatto davlat rahbari tomonidan alohida e'tibor qaratilayotgan bu yo‘nalishning o‘zi nima? U, asosan, nimalarga e'tibor qaratdi? Reproduktiv salomatlik sodda til bilan tushuntirganda ona va ota bo‘lish borasida to‘liq jismoniy va ijtimoiy farovonlik holatidir. Reproduktiv salomatlikning katta qismini homiladorlik, onalik va bolalik qamrab oladi.
Homilador ayol to ko‘zi yorigunga qadar to‘rt marta ultratovush tekshiruvdan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Birinchisi, homiladorlikning 10, 12 yoki 14 haftasigacha bo‘lgan davrda (birinchi uch oylik) o‘tiladi va bu birlamchi skrining deyiladi. Bu davrda onada qandaydir patologik o‘zgarishlar bo‘lsa, darrov aniq bo‘ladi. Ikkilamchi, asosiy skrining homilaning 16-20 haftaligida bo‘lib o‘tadi. Bunda nafaqat ultratovush, balki biokimyoviy skrining ham o‘tkaziladi. Agar bolaning rivojlanishida qandaydir nuqsonlar bo‘lsa, bunda aniq ko‘rinadi. Uchinchi davr 26-28 haftalikda va nihoyat to‘rtinchisi bola tug‘ilishida to‘rt hafta qolganda o‘tkaziladi. Bu to‘rtta davrda o‘tkaziladigan tekshiruvlar Sog‘liqni saqlash vazirligi va Akusher-genikologlar assotsiatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan standartlarga mos.
Maxmuda Kattaxo‘jayevaning ma'lum qilishicha, homilador ayollarning aksari bu davrda kamqonlik kasalligi bilan ko‘p murojaat qilishadi. Kamqonlik – bu noxush holat. Oddiy inson kamqonlikka yo‘liqsa uning organizmidagi to‘qimalarda kislorodga bo‘lgan talab kuchayadi. Homilador ayolda bu holat bir yarim marta og‘irroq kechadi. Shuning uchun ayolda homiladorlik payti kamqonlik bo‘lsa, bolada ham, onada ham asorat kuzatiladi. Onada holsizlik, qon bosimining pasayishi, bosh aylanish holatlari, bolada esa rivojlanishdan ortda qolish kuzatiladi. Bundan tashqari, kamqon homilador ayollarda erta tug‘uruq bo‘lishi ham ehtimoldan yiroq emas. Eng ayanchlisi, bu ayollarda tug‘uruq payti ko‘proq qon ketadi.
- Bu noxushlikning oldini olsa bo‘ladi. Davlatimiz tomonidan bugungi kunda homilador ayollarga yarim vitamin mineral komplekslar berilyapti, - deydi M.Kattaxo‘jayeva. – Butun homiladorligi davomida har bir ayolga bu davlat byudjyeti hisobidan olib beriladi. Minerallar bu dori-darmonlar emas, balki qo‘shimcha biologik faol moddalar, mikroelement va vitaminlardir. Har bir tabletka yoki kapsulaning ichida organizmga kerak faol moddalarning 13tasi jamlangan. Bitta tabletka bir kunlik tana ehtiyojini qoplaydi.
Mahmuda Kattaxo‘jayeva bilan suhbatlashar ekanmiz, mavzuni tabiiy tug‘uruq va kesir kesish yo‘li bilan farzand dunyoga keltirish, jarrohlikdan so‘ng qilinadigan davolanish choralariga qaratdik.
- Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ko‘rsatmalari bo‘yicha, ayni kunlarda taxminan 10-15 foiz tug‘uruq jarayoni kechir kesish amaliyoti bilan tugaydi. Bu tabiiy holat. Negaki, ona tarafdan, uning homilasi tarafdan ko‘rsatmalar bo‘ladi. Shunday holatlar bo‘ladiki, tug‘uruq faqat kesar kesish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Agar mazkur jarrohlik amalga oshirilmasa, ona va bola salomatligiga jiddiy xavf paydo bo‘ladi. Bu borada o‘zimizning ishlab chiqqan standartlarimiz bor. Biz jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ishlab chiqqan standartni O‘zbekiston sharoitiga, ayollarimizning salomatligiga moslashtirdik.
Kesir kesish jarayonida nafaqat qorin, balki bachadon ham kesiladi. Shu bois bachadon devorida chandiq hosil bo‘ladi. Bu uncha yaxshi holat emas. Chunki navbatdagi homiladorlik va tug‘uruq paytida bu chandiq asoratga olib kelishi mumkin. Eng qo‘rqinchli asorati chandiq bo‘yicha yorilib ketishi. Bu jarrohlikni boshidan o‘tkazgan ayol keyingi homiladorlik vaqtida o‘ta e'tiborli bo‘lishi lozim. Nafaqat ayol, balki oiladagi barcha onaga e'tiborli bo‘lishi kerak. Bunday paytda homilador ayolning salomatligiga xavf soladigan belgilarga e'tibor qaratish kerak. Bulardan birinchisi – og‘riq paydo bo‘lishidir. Buni lokal og‘riq deymiz. Bunda ayol aynan qaysi joyi og‘riyotganini aniq nuqtasini ko‘rsatib bera oladi. Bunday holatda u, birinchi navbatda, ultratovush tekshiruvidan o‘tkazilishi kerak. Aksari holatlarda bunday holat kuzatilsa, ayolning keyingi tug‘uruq jarayoni ham kesir kesish amaliyoti bilan tugatiladi.
Shifokorning ta'kidlashicha, kesir kesish yo‘li bilan ko‘zi yorigan ayolning navbatdagi homilasi o‘rtasidagi davr kamida uch-to‘rt yilni tashkil etishi kerak. Bunda chandiqlar mustahkam bitib, asoratga olib kelmaydigan darajada bo‘ladi.
Mahmuda Kattaxo‘jayeva bilan olib borilgan suhbat davomida ona va bola salomatligiga e'tibor qaratiladigan ko‘p jihatlar, homilaga tayyorlanish va bu davrda salomatlik uchun qilinadigan choralar va yana ko‘plab zarur tavsiyalar haqida suhbatlashildi.
Youtube'da ko‘rish
Mover.uz'da ko‘rish
Mavzuga oid
15:17 / 14.11.2023
“Dekret” pulini olgan xususiy sektordagi ayollar soni rejadagidan 7 barobar kam bo‘lmoqda. Nega?
09:58 / 21.09.2022
Xususiy tashkilot xodimlariga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan to‘lash tartibi belgilandi
13:47 / 01.09.2022
1 sentabrdan xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga tug‘uruq va homiladorlik bo‘yicha nafaqa to‘lanadi
09:46 / 07.08.2022