Jamiyat | 18:43 / 08.02.2018
19049
2 daqiqa o‘qiladi

Paxtaobod tuman tibbiyot birlashmasi tizimidagi 8 nafar rahbar xodim vazifasidan ozod etildi

Foto: Dreamstime

Andijon viloyati Paxtaobod tumani tibbiyot birlashmasi faoliyati yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida tuman tibbiyot birlashmasi tizimida faoliyat yuritib kelayotgan ayrim rahbar xodimlar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish, profilaktika tadbirlarini olib borish, shifoxona ichi infeksiyasining oldini olish kabi dolzarb vazifalarni qoniqarsiz bajarib kelayotgani aniqlandi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati «Kun.uz»ga xabar berishicha, shu munosabat bilan, Paxtaobod tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Q.Sayidumarov, tuman tibbiyot birlashmasining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Q.Mamadaliyev, tuman tibbiyot birlashmasi QVP koordinatori A.Miskinova, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mudiri D.Dehqonova, shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi mudiri T.Tojiboyev, jarrohlik bo‘limi mudiri M.Yunusov, tez tibbiy yordam mudiri N.Mamadaliyeva, terapiya bo‘limi mudiri M.Teshaboyeva o‘z lavozimidan ozod etildi.

Viloyatdagi har bir davolash muassasasi rahbariga xalq roziligi va aholi manfaatlari yo‘lida shaxsiy javobgarlikni his qilib ishlash, birlamchi tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyojni sifatli va samarali qondirish kabi muhim vazifalar tushuntirilgan.

«Sog‘liqni saqlash sohasida birlamchi tibbiyot tizimi rivojisiz yuqori natijaga erishish mushkul. Shu bois davlatimiz rahbari birlamchi bo‘g‘inni takomillashtirish, faoliyati samaradorligini oshirish, bunda har bir rahbarni qat'iy tartib-intizom bilan, shaxsiy javobgarlikni his qilib ishlashga undamoqda.

Bu talabga javob bera olmagan, xalqimiz oldidagi mas'uliyatni his qilmagan rahbar esa, albatta, o‘z vazifasiga nomunosib deb topiladi», deyilgan xabarda.

Mavzuga oid