Fan-texnika | 14:12 / 09.02.2018
7481
2 daqiqa o‘qiladi

Apple Watch aqlli soatlarining neyrotarmog‘i diabetni 85 foizga to‘g‘ri tashxislamoqda

Foto: Engadget

San-Frantsiskodagi Kaliforniya universitetida o‘tkazilgan yangi tadqiqot Cardiogram startapi tomonidan ishlab chiqilgan neyrotarmoq diabetni 85 foizga to‘g‘ri tashxislash imkonini berishini ko‘rsatdi. Undan foydalanish uchun tibbiy asbob-uskunalarga hojat yo‘q — Apple Watch aqlli soatlari bo‘lsa bo‘lgani. Engadget shu haqida xabar berdi. 

Manbada xabar berilishicha, sun'iy intellekt kasallik belgilarini aniqlash uchun insonning yurak urishiga doir ma'lumotlardan foydalanadi. Cardiogram neyrotarmoqni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishda 14 mingdan ziyod kishining ma'lumotlarini tahlil qildi. Shundan so‘ng qo‘l va avtomatik fazalarni o‘zida uyg‘unlashtirgan murakkab o‘rganish jarayoni kechdi. Natijada sun'iy intellekt diabetni aniqlash bo‘yicha juda yuqori natijalarga erishishga muvaffaq bo‘ldi. 

Bundan tashqari, neyrotarmoq xolesterinning yuqori darajasi, gipertoniya va uyqudagi apnoe kabi sog‘liq bilan bog‘liq boshqa muammolarni ham aniqlay oladi. 

Neyrotarmoq yurak urishini hisoblovchi datchikka ega har qanday olib yuriluvchi qurilmaga integratsiya qilinishi  mumkin, masalan, Apple Watch yoki fitnes-trekerlarga. Cardiogram kelgusida bunday gadjyetlarning yangi modellarida glyukoza va qon bosimi datchiklari paydo bo‘lishiga umid qilmoqda. 

Mavzuga oid