O‘zbekiston yoshlari Qurolli Kuchlar safiga muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun jo‘nab ketishmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 13 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mamlakatning turli hududlarida chaqiriluvchilarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga muddatli harbiy xizmatga kuzatish marosimlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda O‘zA ma'lum qilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Buxoro viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida yoshlarni milliy armiyamiz saflariga tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli milliy armiyamiz yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi va xalqimiz osoyishtaligini ishonchli himoya qilishga qodir, jismonan va ma'nan barkamol harbiylar bilan ta'minlangani ta'kidlandi.
– Garchi Buxoro madaniyat kollejini tugatib, viloyat musiqali drama teatrida ishlayotgan bo‘lsam-da, harbiy bo‘lish orzusi bir zum xayolimni tark etgani yo‘q, – deydi Buxoro shahridan bo‘lajak askar Rafiq Ikromov. – Bugun juda baxtiyorman. Ammo bunga erishish oson bo‘lgani yo‘q. Tarix, o‘zbek tili, matematika fanlaridan o‘tkazilgan test sinovlari va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha musobaqada yaxshi natijalarga erishganim bois, saralanganlar qatoridan o‘rin oldim. Muddatli harbiy xizmatdan so‘ng, albatta, shu sohada oliy ma'lumot olaman va professional harbiy bo‘laman.
Jizzax viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida o‘tkazilgan marosimda ham huddi ana shunday ko‘tarinki va mardona kayfiyat hukmronlik qildi. Viloyat hokimligi, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etgan marosimda bo‘lajak askarlarning ota-onalari qatori Zomin tumanining Yom qishlog‘idan nabirasi Boymir Qarshiboyevni kuzatishga kelgan 63 yoshli otaxon Mirzaahmad Qarshiboyev bugun harbiy xizmat nima sababdan barchada havas uyg‘otishini soddagina qilib aytib berdi.
– Xizmatga Urganchdagi "Temurbeklar maktabi"ni bitirib borayapman, – deydi Boymir Qarshiboyev. – Prezidentimiz, xalqimizning biz, yoshlarga bildirgan yuksak ishonchiga javoban, harbiy xizmatchi, ofitser bo‘lishga ahd qildim. Muddatli xizmatni o‘tab bo‘lgach, harbiy oliy o‘quv yurtiga, undan so‘ng harbiy akademiyada o‘qimoqchiman.
Andijon viloyati hokimligi, Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, bo‘lajak askarlarning ota-onalari ishtirok etgan tadbirda milliy armiyamizni yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta'kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida o‘tgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, chaqiriluvchilarning ota-onalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda yoshlarga “Mahalla” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limining sovg‘alari topshirildi.
– Muddatli harbiy xizmatga chaqirilganimdan juda xursandman, sababi otam ham bir umr harbiy bo‘lgan, hozir nafaqada. Men ham otam kabi harbiy bo‘lmoqchiman. Mana, bugun dastlabki qadamni tashladim. Keyinchalik harbiy oliy o‘quv yurtiga kirib o‘qish niyatim bor, – deydi Nukus shahridan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan Abubakr Abdimuratov.
Ma'lumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yilning 2 fevral kuni imzolangan tegishli Farmoniga muvofiq safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga qabul qilingan fuqarolar tomonidan maxsus hisobraqamiga to‘lanadigan pul badali joriy yilning 5 fevralidan boshlab eng kam oylik ish haqining 20 barobari, ya'ni 3 444 800 so‘m etib belgilandi. Unga qadar safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olingan fuqarolar tomonidan to‘lanadigan pul badali eng kam oylik ish haqining 27,5 barobari, ya'ni 4 736 600 so‘mni tashkil etgan.
Mavzuga oid
12:30 / 04.11.2024
Rada safarbarlik tezligi sekinlashishi bilan bog‘liq muammo haqida ma’lum qildi
22:40 / 11.10.2024
Rossiya armiyasidan Qozog‘istonga qochgan 6 nafar dezertir Yevropa vizasini oldi
23:40 / 27.09.2024
Ukraina Qurolli Kuchlari frontga kelgan yangi askarlarning yarmidan ayrilmoqda
19:45 / 16.09.2024