O‘zbekiston | 10:10 / 13.02.2018
8405
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda sud hokimiyatining obro‘-e'tiborini yuksaltirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi

Samarqandda O‘zbekiston Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasi hamda viloyat adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda «Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining roli» mavzusida seminar o‘tkazildi, deb xabar beradi Kun.uz’ning Samarqand viloyatidagi muxbiri.

Foto: KUN.UZ

Hududiy boshqarma boshlig‘i Otabek Axtamov Harakatlar strategiyasini ijrosini ta'minlash hamda Prezidentning 2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlisga murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ushbu organlar bilan o‘zaro hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish, inson huquqlari va erkinliklarini yanada ishonchli himoya qilish kafolatlarini hamda advokatura rolini kuchaytirish lozimligi haqida gapirib o‘tdi.

Foto: KUN.UZ

Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan iqtisodiy, fuqarolik, ma'muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari, bojxona boshqarmasi xodimlari, advokatlar hamda adliya organlari vakillari, shuningdek, O‘zLiDeP vakillari ishtirok etgan seminarda so‘zga chiqqan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining raisi Ma'rufjon Tojiboyev sudya va sud xodimlarining mas'uliyati, kasb mahorati va malakasini yanada oshirish, sud hokimiyatini mustahkamlash, fuqarolar huquqlarini kafolatlash, odil sudlovni amalga oshirish, adolatni qaror toptirish, qonuniy va adolatli sud qarorlarini qabul qilish sud hokimiyatining obro‘-e'tiborini yuksaltirishning asosiy omillari ekanligini ta'kidladi.

Foto: KUN.UZ

«Sudyalar tomonidan qonunchilik talablariga rioya etmaslik, sansalorlik va beparvolikka yo‘l qo‘yish holatlari esa ushbu vazifalarni amalga oshirishda to‘siq bo‘lishi shubhasiz. Biz bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etishda hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro hamjihatlikdagi chora-tadbirlarni yanada kuchaytirishimiz zarur», — dedi M.Tojiboyev.

Foto: KUN.UZ

Sud-huquq tizimi faoliyatida qonun ustuvorligini ta'minlash borasida erishilgan natijalar, qonuniylikni ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar, sud-huquq tizimini demokratlashtirish va liberallashtirishga yo‘naltirilgan izchil islohotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2018 yil — «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini ta'minlash, ayniqsa, qishloq aholisi, yoshlari, tadbirkorlari manfaatlarini himoyalash borasida samarali bo‘lishini albatta ta'minlaydi.

Seminarda hamkor tashkilotlar bilan inson huquqlari va erkinliklarini yanada ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish hamda jamiyatda qonun ustuvorligini ta'minlash lozimligi kelishib olindi.

Mavzuga oid