O‘zbekiston | 22:20 / 16.02.2018
12391
6 daqiqa o‘qiladi

Nogironligi bo‘lgan insonlarni barcha qatori qabul qilishni o‘rganish vaqti keldi

Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 16 yoshgacha bo‘lgan 84 900 bola nogironligi bo‘lgan inson sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 14 636 nafar bola aqliy va jismoniy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun maxsus maktab-internatlarda o‘z oilalari va jamiyatdan uzoqda yashashadi. Maxsus muassasalarda yashovchi bolalarning taxminan 90 foizi nogironligi bo‘lgan bolalardir. 

16 fevral kuni YUNISEF tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar masalalarini OAVda to‘g‘ri yoritish mavzuiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda BMTning doimiy koordinatori va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakili Xelena Freyzer, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili Sasha Graumann, nodavlat-notijorat tashkilotlar vakillari va OAV ishtirok etdi. Davra suhbati interaktiv o‘yinlar hamda qiziqarli taqdimotlarga ulanib ketdi va barchada katta taassurot qoldirdi. 

Tadbirda asosiy e'tibor nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalarga achinish ko‘zi bilan emas, ularni barcha qatori qabul qilish vaqti kelganiga qaratildi. Zero bugun jamiyatimizning barcha jabhlarida katta islohotlar olib borilmoqda. Shunday ekan, bu jabhada ham insonlar ongini o‘zgartirish va ba'zi holatlarga boshqacha nazar bilan qarashni o‘rganishning ayni vaqti. KUN.UZ muxbiri YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili Sasha Graumanndan mavzuga doir intervyu olishga muvaffaq bo‘ldi.

"Muammo shundan iboratki, biz nogironligi bo‘lgan bolalarga ko‘pincha achinish ko‘zi bilan qaraymiz. Albatta, bu yomon niyatda emas. Biroq bunday munosabat bolaga hech qanday foyda bermaydi, aksincha uning jamiyatga kirib borish yo‘lida to‘siq bo‘ladi. Asosiy masala shundaki, biz bolalarga o‘zini boshqa bolalar kabi his etishiga yordam berishimiz kerak. Asosiy e'tibor ularning huquqlariga qaratilishi kerak. Nogironligi bo‘lgan insonlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ularga achinish nuqtai nazari bilan emas, balki to‘laqonli insonlar huquqlari sifatida qarash kerakligini ta'kidlaydi. Shundagina ularni jamiyatning to‘la huquqli a'zolari sifatida ko‘rish mumkin", - deydi u.

Graumanning so‘zlariga ko‘ra, aynan bolalarga ko‘proq e'tibor berilayotgani sababi bola kichikligidayoq o‘zini anglashi, o‘zini hamma singari bilishi, keyinchalik esa jamiyatda o‘zini barcha qatori teng huquqli insonlardek his qilishi muhimligi bilan izohlandi. 

"Har qanday mamlakatda ham nogironligi bo‘lgan kishilarga munosabatda muayyan muammolar mavjud, bugun ularni hal qilishga baholiqudrat harakat qilinmoqda. Shuning uchun ham Nogironligi bo‘lgan insonlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning mamlakatlar tomonidan ratifikatsiya qilinishi muhimdir. Ana shu konvensiyaning O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilinishi uchun advokatsiya ishlarini olib bormoqdamiz, chunki bu konvensiya ratifikatsiyasi avtomatik ravishda milliy qonunchilikka ham tegishli o‘zgartirishlar kiritishni talab qiladi. O‘zbekistonga Nogironligi bo‘lgan insonlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgan mamlakatlarga qarab, ularning tajribalariga nazar tashlashni tavsiya qilamiz", - deydi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda YUNISEF hukumat bilan doimiy ravishda ishlamoqda va hozir bu borada juda yaxshi sa'y-harakatlar qilinmoqda. "O‘ylaymanki, har qanday mamlakat ham u yoki bu konvensiyaga qo‘shilganidan keyin o‘z zimmasiga katta majburiyatlarni oladi va milliy qonunlarni shunga muvofiq o‘zgartiradi. O‘zbekiston tomon ham shu nuqtai nazardan tayyorgarlik ko‘rib, ratifikatsiya qilish uchun sa'y-harakatlar olib bormoqda, zero bu majburiyatlarni bajarish uchun muayyan ishlarni amalga oshirishga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun davlat bunga juda jiddiy yondashmoqda. 

Biz - BMT Bolalar jamg‘armasi va BMTning boshqa vakolatxonalari bu jihatdan O‘zbekistonda imkon qadar yordam berishga tayyormiz. Masalan, hozir nogironligi bo‘lgan insonlarning ahvolini bilish va baholash yuzasidan juda keng miyosli tadqiqot olib boryapmiz, uning natijalari kelgusida to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga yordam beradi", - deya ishonch bildirdi Graumann.

Bundan tashqari, tadbirda nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari ham qatnashib, ularga bo‘lgan to‘g‘ri munosabat qanday bo‘lishi kerakligiga e'tibor qaratishdi. Ularning ta'kidlashicha, nogironligi bo‘lgan shaxslarga achinish hissi bilan qarash, ularga boshqalardan ajralib turishini qaysidir xatti-harakatlar yoki gap-so‘zlar bilan bildirish bunday insonlarga salbiy ta'sir qiladi, ruhiyatini cho‘ktiradi. Shunday ekan, ularni o‘zimiz kabi qabul qilishni, hurmat qilishni o‘rganaylik. Bilib-bilmay ularning dilini og‘ritib qo‘ymaylik. Bu birdaniga bo‘lmasligi mumkin, lekin har bir inson o‘zgarishni o‘zidan boshlasa, oxir-oqibat jamiyatda ularga bo‘lgan munosabat ijobiy tomonga o‘zgaradi. 

Mavzuga oid