Jahon | 21:43 / 21.02.2018
8764
2 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyev Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazdi

Foto: Akorda.kz

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati ma'lum qildi. 

Yig‘ilishda 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan milliy xavfsizlik strategiyasini amalga oshirish masalalari hamda Janubiy Qozog‘iston viloyatidagi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat muhokama qilingan. 

Nazarboyev o‘tgan yil qabul qilingan strategiya paydo bo‘layotgan tahdid va chaqiriqlarni aniqlash va ularga qarshi choralarni qabul qilishga imkon berishini ta'kidlab o‘tgan. 

“O‘tgan yil milliy xavfsizlikni ta'minlash sohasida dasturiy hujjatni qabul qildik. Milliy xavfsizlik nafaqat mudofaa yoki ichki siyosat sohasida, balki barcha sohalarda, jumladan iqtisodiyot sohasida va o‘sib kelayotgan avlodni tarbiyalashda ta'minlanishi kerak”, deb aytgan Qozog‘iston prezidenti yig‘ilishda. 

Yig‘ilishda Janubiy Qozog‘istondagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sifatini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, infratuzilmani mustahkamlash, avariyaviy maktablarni tiklash va yangilarini qurish, diniy ekstremizmga qarshi kurashish masalalari muhokama qilingan. 

Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra Nazarboyev markaziy va mahalliy idoralarga bir qator topshiriqlar bergan.

 

Mavzuga oid