O‘zbekiston | 08:07 / 23.02.2018
8360
7 daqiqa o‘qiladi

Davlat organlarining axborot xizmatlari faoliyati yanada takomillashtiriladi

Foto: AP

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi.

Qaror bilan «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning samarali mexanizmlari va usullarini joriy etishga, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni izlash, olish va tarqatishga doir huquqlarini ta'minlashga qaratilgan normalari ijrosini so‘zsiz va sifatli ta'minlash barcha darajalardagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining eng ustuvor vazifalaridan biri deb hisoblanadi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi rahbari ushbu vazifalar amalga oshirilishi uchun shaxsan mas'ul ekanligi belgilab qo‘yildi.

Belgilab qo‘yilishicha, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari (matbuot xizmatlari, jamoatchilik bilan aloqalar xizmatlari) (keyingi o‘rinlarda axborot xizmati deb yuritiladi) davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi xodimlarining umumiy soni doirasida tashkil etiladi hamda shu organ rahbariga bevosita bo‘ysunadigan alohida mustaqil bo‘linma hisoblanadi.

Quyidagilar axborot xizmatining asosiy vazifalari etib belgilandi:

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi rahbariyati tomonidan zamonaviy talablarga muvofiq belgilanadigan axborot siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish;

axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati, davlat va xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlarining axborot xizmatlari bilan samarali va amaliy hamkorlikni ta'minlash;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organining faoliyati, uning faoliyat sohasiga doir normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida keng jamoatchilikni xolisona, sifatli va tezkor xabardor qilish;

ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish, axborot xizmati bilan doimiy hamkorlikda ishlaydigan jurnalistlar doirasini shakllantirish, axborot xabarlarini (matbuot uchun axborotlar, byulletenlar va shu kabilarni) tarqatish, ommaviy tadbirlarni tashkil etish;

axborotni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organining rasmiy veb-saytida tezkor joylashtirish va o‘z vaqtida yangilab borish, Internet tarmog‘idagi veb-resurslarni, shu jumladan, ijtimoiy va mobil tarmoqlarni rivojlantirish;

axborot maydoni monitoringini olib borish va tahlil qilish, ularga munosabat bildirishning turlari, usullari va darajasi bo‘yicha ekspertlar bilan birgalikda takliflar tayyorlash, ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet tarmog‘ida materiallar tarqatish bo‘yicha kompleks ishlarni tashkil etish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organining boshqa bo‘linmalari bilan birgalikda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida tarqatish uchun xabar, axborot-ma'lumot tusidagi materiallar, sharhlar va axborot-tahliliy materiallar tayyorlash;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi faoliyatini xorijiy ommaviy axborot vositalarida sifatli yoritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalarini, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalarini axborot materiallari (kino, foto, audio va videomateriallar, bosma mahsulotlar va shu kabilar) bilan ta'minlash;

idora faoliyatiga nisbatan jamoatchilik fikrining holatini hamda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari pozitsiyasini tahlil qilish va ular to‘g‘risida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi rahbariyatiga axborot berish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organining faoliyat sohasiga aloqador matnli, foto, audio va videomateriallardan iborat ma'lumotlar bankini shakllantirish va yuritish.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari:

o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradilar;

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda:

axborot xizmatlari rahbarlari va xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazadilar;

axborot xizmatlari kadrlarining malakasini oshirish va Xizmatlarni jurnalist kadrlar, jamoatchilik bilan aloqalarni tashkil etish va boshqa sohalardagi yuqori malakali mutaxassis kadrlar bilan ta'minlash, shuningdek, axborot xizmatlari faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur zamonaviy moddiy-texnik bazani shakllantirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqadilar;

axborot xizmatlari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari bilan, shu jumladan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining rahbarlari ishtirokida muntazam ravishda (bir oyda kamida bir marta) matbuot anjumanlari, brifinglar o‘tkazilishini hamda ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan ishlashning boshqa zamonaviy shakllarini amaliyotga joriy etadilar.

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining faoliyatida ochiqlik prinsipini amalga oshirish bo‘yicha quyidagilarga qaratilgan metodik tavsiyalarni ishlab chiqadi:

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini oshirish, ularning faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilishning amaliy mexanizmlarini belgilash;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar to‘g‘risidagi axborotdan jismoniy va yuridik shaxslar keng foydalanishini ta'minlash, ochiqlikni ta'minlash bo‘yicha zamonaviy tizimlarni shakllantirishda ularga ko‘maklashish va hokazo.

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bilan birgalikda har yili «Eng yaxshi axborot xizmati», «Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini yoritayotgan eng yaxshi jurnalist» va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunlariga bag‘ishlab tanlovlar tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining jamoatchilik bilan aloqalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2006 yil 22 sentabrdagi 203-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, san'at va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid