Sport | 11:30 / 25.02.2018
39489
5 daqiqa o‘qiladi

Dostonbek Hamdamov «Anji»ga qochib ketmagan. Mojaroli transfer tafsilotlari

24 fevral kuni «Bunyodkor» safida 9 yildan buyon to‘p surib kelgan Dostonbek Hamdamov Rossiyaning «Anji» klubi safiga borib qo‘shildi.

Avvaliga OAVda, xususan, «Championat.asia» nashrida Doston Hamdamov Toshkent klubi rahbariyatining ruxsatini olmay turib, Rossiya klubiga ketib qolgani haqida xabar berildi. Ayni vaqtda bu xabar saytdan olib tashlangan.

Xabarda yaqindagina  O‘zbekiston U23 terma jamoasi safida Xitoydan Osiyo chempioni bo‘lib qaytgan futbolchi hech kimga aytmay, Turkiyaga ketgani va «Anji» yig‘iniga borib qo‘shilgani aytilgandi. Ta'kidlanishicha, bundan na klub rahbari Murod Aliyevning va na bosh murabbiy Mirjalol Qosimovning xabari bo‘lgan.

Futbolchining otasi bergan ma'lumotga ko‘ra, uning o‘g‘li Mahachqal'a klubi bilan 1,5 yillik shartnoma tuzgan. U OAVda o‘g‘lining transferi bilan bog‘liq salbiy xabarlarga munosabat bildirdi.

Ma'lum bo‘lishicha, Hamdamovning «Bunyodkor» bilan amaldagi shartnomasi muddati 2018 yil dekabrigacha bo‘lgan. Shartnomadagi bandga ko‘ra, agar Yevropaning biror jamoasi Dostonbek Hamdamov uchun muayyan summani to‘lab bersa, futbolchini keyinroq boshqa klubga sotsa va «Bunyodkor»ga keyingi transferdan 15 foizlik ulush o‘tkazishga rozi bo‘lsa, futbolchini o‘ziniki qilishi mumkin edi. «Anji» bu shartlarga rozi bo‘lgan, futbolchining o‘zi ham kuchini boshqa chempionatda sinab ko‘rishni istagan.

«Rossiya chempionati ishtirokchi bo‘lmish «Anji» klubi «Bunyodkor» Dostonbek uchun so‘ragan summani to‘lashga va qolgan shartlarni ham bajarishga tayyor. Dostonbek ham kuchli chempionatda o‘zini astoydil sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Ayniqsa, uning otasi bu transfer amalga oshishini qattiq istab, o‘g‘lini shunga undadi. Bir qator internet nashrlarida klub rahbari va murabbiy bu transferdan bexabarligi, Doston «Anji»ga qochib ketgani haqida xabar tarqaldi. Aslida esa, «Bunyodkor» Birlashgan arab amirliklarida bo‘lgan yig‘inda ekanida klub rahbari Murod Aliyev hamda bosh murabbiy Mirjalol Qosimov ham Dostonbekning «Anji»ga ketmoqchi ekanidan xabardor bo‘lishgan, faqat ular buni istashmagan. Klub Amirliklardan qaytgach, Dostonbek Antaliyada yig‘in o‘tkazayotgan «Anji» tarkibiga borib qo‘shildi. U bilan gaplashganimda «Bunyodkor»dan bir umr qarzdorligini, nimaga erishgan bo‘lsa, shu klub sabab erishgani haqida gapirdi. Ammo har qanday futbolchi yuqoriga intilishni, o‘sishni istaydi. Uning ustiga, Doston qoida bo‘yicha harakat qildi, klub bilan tuzilgan shartnomani buzgani yo‘q.

Agar amaldagi kelishuvni buzib, qonunga xilof ravishda ketganida «qochib ketdi» degan ibora qo‘llash mumkin edi. Ammo u risoladagiday ish tutdi. Buni «qochib ketdi» deya talqin qilish alamzadalikdan boshqa narsa emas. «Bunyodkor» Dostonni «odam» qilgan bo‘lsa, mana u ham yaxshilikka javob tarqasida jonajon klubi hisobiga anchagina mablag‘ tushishiga sababchi bo‘lmoqda», deydi «Kun.uz»ga futbolchiga yaqin manba.

Doston Hamdamov «Bunyodkor» futbol akademiyasiga 13 yoshida kelgan. U 9 yil davomida shu klubda to‘p surdi va jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylanib, terma jamoaga chaqirildi.

Bundan avvalroq «Bunyodkor» hujumchisi Eldor Shomurodov Rossiyaning «Rostov» klubiga yo‘l olgandi. Keyinroq «qaldirg‘ochlar»ning boshqa bir yetakchisi Otabek Shukurov Amirlik klubiga transfer qilindi.

Mavzuga oid