O‘zbekiston | 17:40 / 02.03.2018
207504
3 daqiqa o‘qiladi

Ulug‘bek Sunnatov va Jamshid Fayziyev qo‘lga olingan. Prokuratura xabar «sir tutilgani»ga izoh berdi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi yana ikki prokuror qo‘lga olingani haqida rasman ma'lumot berdi.

Prokuratura rasmiy saytida ma'lum qilinishicha, Toshkent viloyatining sobiq bosh prokurorlari Jamshid Fayziyev va Ulug‘bek Sunnatov ayni vaqtda hibsda.

Foto: O‘zbekiston24/chapda Ulug‘bek Sunnatov

«Hozirgi kunda jinoyat ishi bo‘yicha bosh prokurorning sobiq o‘rinbosarlari hamda Toshkent viloyatining sobiq prokurorlari J.Fayziyev va U.Sunnatov ushlangan», deyilgan xabarnomada.

Xabarda internet nashrlarida O‘zbekiston Respublikasi sobiq bosh prokurori Rashid Qodirovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ortidan tarqatilayotgan ko‘plab axborotlar foydalanuvchilarda tergov tafsilotlari borasida turli fikr va mulohazalarni keltirib chiqarayotgani qayd etilgan.

«Shu munosabat bilan, Bosh prokuratura O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq tergov organi dastlabki tergovni olib borish vaqtida jinoyat ishidagi barcha ma'lumotlarni yoki uning muayyan qismidagi ma'lumotlarni oshkor qilinmaydigan deb e'tirof etishga haqli ekanligini ma'lum qiladi.

Bu turdagi ma'lumotlar tergovning sifatli, to‘la va xolisona o‘tkazilishini ta'minlash, shuningdek jinoyat izlarining yo‘q qilinishi, jinoiy yo‘l bilan topilgan ashyolar, vositalarning yashirilishi, tergov organlarining haqiqatni aniqlash borasidagi faoliyatiga to‘sqinlik qilinishi yoki tergov jarayonini qiyinlashtiruvchi boshqa qonunga xilof harakatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida oshkor qilinmaydi.

Bu kabi axborotlarni e'lon qilish tezkor tadbirlar va dastlabki tergovga ziyon yetkazishi, aybdor shaxslarni o‘z vaqtida fosh etish va ushlashga to‘sqinlik qilishi mumkin», deyilgan xabarda.

Ulug‘bek Sunnatov va Jamshid Fayziyev ishi bo‘yicha tergov sirini tashkil qilmaydigan qo‘shimcha axborotlar vujudga kelishi barobarida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining rasmiy saytida tegishli ma'lumotlar chop etib borilishi ma'lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Rashid Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 221-moddasi tartibida ushlanganligi haqida 24 fevral kuni xabar berilgan edi. U qo‘lga olingani haqida 22 fevral kuniyoq xabarlar tarqalgandi. Qodirovga nisbatan «Tovlamachilik», «Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish», «Pora olish» moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Keyinroq «Kun.uz» saytida Jamshid Fayziyev va Ulug‘bek Sunnatov ham qo‘lga olingani, ammo bu ma'lumot rasman tasdiqlanmayotgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid