O‘zbekiston | 10:45 / 07.03.2018
23851
4 daqiqa o‘qiladi

Yangi qaror: “Limon yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasi tashkil etildi

Foto: Getty Images

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «O‘zbekiston Respublikasida limonchilik sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, ‘"Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki hamda limon yetishtiruvchi tashkilotlarning respublika hududida limon ko‘chatlarini yetishtirishni yanada rivojlantirish va eksport hajmini oshirish maqsadida “Limon yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasini (keyingi o‘rinlarda Uyushma deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Ma'lumot uchun qabul qilinishicha: “Pyure frut treyd” MChJ, “Xolis sarkor zamin” MChJ, “QUBBO meva- sabzavot” MChJ, “Sag‘bon tikuvchi elit” MChJ, “Sora invest” MChJ mas'uliyati cheklangan jamiyatlari shaklidagi limon yetishtiruvchi tashkilotlar, “Uzoqboy nihollari”, “Qurbonov Izzatilla”, “Abdurahmon Abdug‘affor davr” fermer xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari, limon eksporti bilan shug‘ullanadigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar Uyushma muassislari hisoblanadi;

tashkilotlar, fermer xo‘jaliklari va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar shartnoma asosida Uyushmaga mustaqil a'zo bo‘lishlari mumkin va uning tarkibidan chiqish huquqiga egadirlar.

Quyidagilar Uyushmaning asosiy vazifalari etib belgilandi:

respublikada limon ko‘chatlarini yetishtirish va limon yetishtiruvchi issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etishni kompleks rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish, sohada yagona ilmiy-texnikaviy, texnologik, investitsion va eksport siyosati amalga oshirilishiga ko‘maklashish;

tabiiy maydonlardan oqilona foydalangan va intensiv yetishtirish texnologiyalarini qo‘llagan holda limon o‘simligining o‘sishi uchun qulay bo‘lgan hududlarda maxsus issiqxona xo‘jaliklarini tashkil qilish yo‘li bilan limon yetishtirish hamda eksportga mahsulot chiqarish hajmlarini bosqichma-bosqich oshirib borish;

limon yetishtirish jarayonlariga xorijiy sarmoyalarni, chet ellik mutaxassislar hamda konsultantlarni faol jalb qilish, ushbu sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish;

limon ko‘chatlarini limon yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarga tizimli yetkazib berish, limon o‘simligi zararkunandalari va kasalliklariga qarshi biologik hamda kimyoviy vositalar asosida kurashish ishlariga ko‘maklashish;

innovatsion texnologiyalarni limon yetishtirish jarayoniga joriy qilish uchun ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, limonning mahalliy serhosil navlarini yaratish, rayonlashtirish hamda yangi navlarni davlat reyestriga kiritish ishlariga ko‘maklashish;

limon yetishtirish va uni qayta ishlash hamda eksportga yetkazib berish sohasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;

limon yetishtiruvchilarga limonni yetishtirishning zamonaviy usullari va uni parvarish qilish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish xamda metodik yordam ko‘rsatish;

limonni parvarish qilishga jalb etiladigan mutaxassislarni agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri o‘tkazish bo‘yicha o‘qitish uchun maxsus tayyorlov kurslarini tashkil etish;

soha uchun mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash, oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim muassasalarida, shuningdek, xorijda ularning malakasini oshirish ishlarini samarali tashkil etish hamda muvofiqlashtirishda ishtirok etish.

Mavzuga oid