Jamiyat | 18:15 / 07.03.2018
24438
13 daqiqa o‘qiladi

KUN.UZ muxbiri “Sho‘rtanneftegaz” MChJ gaz kondensati o‘g‘riligiga doir xabarga oydinlik kiritdi

Foto: Kun.uz

KUN.UZ saytida 2018 yilning 25 fevral kuni ““Sho‘rtanneftegaz” gaz kondensatini kimlar talon-toroj qilmoqda?” sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Unda “Sho‘rtanneftegaz” MChJ “Tezkor” guruhining sobiq boshliqlaridan biri Normurod Qaysarov murojaati asosida o‘rganishlar olib borilgan edi. Maqolada, shuningdek o‘rganishlar davom etishi hamda ularning natijasi taqdim etilishi qayd etilgandi.

Shu munosabat bilan KUN.UZ muxbiri Qashqadaryoga xizmat safarini amalga oshirib, “Sho‘rtanneftegaz” MChJning ma'muriyatida bo‘ldi hamda dastlabki maqolada e'lon qilingan fikrlar va raqamlarning qanchalik to‘g‘riligiga oydinlik kiritish maqsadida MChJ rahbariyati ixtiyoridagi hujjatlar bilan bevosita tanishdi. Quyida birinchi maqolada qayd etilgan jihatlarga, tegishli xujjatlar asosida quyidagicha izohlar beriladi.

“Sho‘rtanneftegaz” MChJ “Tezkor” guruhining sobiq boshliqlaridan biri Normurod Qaysarov murojaat qilib, 2018 yil 9 yanvarda N.Qaysarov va hamkasblari M.Eshmirzayev, E.Nazarov va F.Sharopovlar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga 5343-s/18 sonli murojaat qilganidan keyin, MChJ rahbariyati tomonidan ularga nisbatan tazyiqlar o‘tkaza boshlanganini, ularning murojaatlari sababli, Chigil sexining 29-kilometridan suyuqlik chiqishi va mahsulot quvurlarida noma'lum shaxslar tomonidan o‘rnatib ketilgan 30 ga yaqin vintellar bartaraf etilganini va ularning bu ma'lumoti bo‘yicha ularga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilganini to‘g‘risida KUN.UZ saytiga ma'lumot taqdim etishgan.

Aslida, 2018 yil 9 yanvar kuni tezkor tarmoq guruh boshliqlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga Rejim va qo‘riqlash bo‘yicha 1-bo‘lim boshlig‘ining olib borayotgan faoliyatidan norozi bo‘lib, murojaat qilishgan, lekin ularning shikoyat arizalarida Chigil hududidagi mahsulot quvurining 29-kilometrida chiqib turgan suyuqlik va mahsulot quvurlarida noma'lum shaxslar tomonidan o‘rnatib ketilgan vintellarni bartaraf qilish buyicha chora ko‘rish to‘g‘risida umuman ma'lumot qayd etilmagan. Suyuqlik chiqishini bartaraf qilinishi Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilgan shaxslar tomonidan emas, balki jamiyat rahbariyati va mas'ul xodimlarlarning tashabbusi bilan amalga oshirilib, kamchiliklar bartaraf etilganligi aniqlandi.

Murojaatchilarning 2018 yil 9 yanvar kuni Prezident virtual qabulxonasiga yozgan murojaatida Rejim va qo‘riqlash bo‘yicha 1-bo‘lim boshlig‘ining olib borayotgan faoliyatidan norozi bo‘lganliklari yozilganligi sababli, ushbu murojaatda ko‘rsatib o‘tilgan bir qancha ma'lumotlarga oydinlik kiritish va xolisona baxo berish yuzasidan jamiyatda Xizmat tekshiruvi tayinlandi. Xizmat tekshiruvi joriy yilning 26 yanvariga qadar olib borilgan. Xizmat tekshiruvida N.Qaysarov va uning hamkasblari tomonidan keltirilgan ma'lumotlar o‘z tasdig‘ini topmagach, jamoada muhitni buzilishiga olib keluvchi omillarni yaratganliklari, ish vaqtida xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlar bilan shug‘ullanganligi va murojaatda keltirilgan ma'lumotlar rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htondan iborat bo‘lganligi sababli ularga nisbatan intizomiy chora ko‘rilganligi aniqlandi.

2018 yil 25 fevraldagi KUN.UZ saytining ushbu masala yuzasidan chiqargan maqolasida “Qaysarovga ko‘ra, u mas'ullar amaliy harakatlar boshlamagani, quvur bo‘ylab boshqa vintellar yo‘qotilmagani, o‘ziga nisbatan turli tayziqlar va tahdidlar qilina boshlanganidan so‘ng, Prezidentning virtual qabulxonasiga hamda Bosh prokuraturaga 2018 yil 16 fevralda takroriy murojaat qilganidan so‘ng, uni 19 fevral kuni ishdan bo‘shatilganligi qayd etilgan edi.

Aslida murojaatchilarning 2018 yil 9 yanvar kuni virtual qabulxonaga yozgan arizalariga oydinlik kiritish maqsadida jamiyatda tayinlangan xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, N.Qaysarov bilan jamiyat o‘rtasida tuzilgan shartnoma bekor qilingan, ya'ni uni mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha qaror jamiyatda 2018 yil 26 yanvar kuni qabul qilinib, kasaba uyushma qo‘mitasiga rozilik berish to‘g‘risida xat yo‘llangan. Kasaba uyushmasida ushbu masala bir necha marta muhokama qilinib,  kasaba uyushma qo‘mitasi 2018 yil 16 fevral kuni MChJ rahbariyatiga rozilik berganidan so‘ng, N.Qaysarov 19 fevral kuni bo‘shatilganligi aniqlandi. Shunga binoan, N.Qaysarov ta'kidlaganidek, 16 fevralda Virtual qabulxonaga takroriy murojaatidan so‘ng, 19 fevralda ishdan bo‘shatilgani haqidagi da'volari ham asossiz ekani ma'lum bo‘ldi.

Normurod Qaysarov 2018 yil 9 yanvarda hamkasblari M.Eshmirzayev, E.Nazarov va F.Sharipov bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga 5343-s/18 sonli murojaat yo‘llagan. Ammo bundan avval, 2018 yil 9 yanvar kuni Rejim va qo‘riqlash bo‘yicha 1-bo‘lim boshlig‘i MChJ rahbariga N.Qaysarov ustidan bildirgi (raport) kiritgan. Unda Qaysarovning faoliyati yuzasidan norozilik ma'lum qilingan.

“Bundan xabar topgan N.Qaysarov o‘z sheriklari bilan Prezident Virtual qabulxonasiga murojaat qilishgan, unda asosan, MChJdagi ishlar emas, mening ustimdan shikoyat qilishgan. Menga turli tuhmatlar va bo‘htonlar yog‘dirishgan”, - dedi 1-bo‘lim boshlig‘i.

1-bo‘lim boshlig‘ining ta'kidlashicha, aslida N.Qaysarovning noroziligiga haqiqatdan ham “Chigil” sexiga aralashmaslik bo‘yicha ko‘rsatma sabab bo‘lgan. 2017 yil 25 dekabrda Rejim va qo‘riqlash bo‘yicha 1-bo‘lim boshlig‘i rahbarligida “Tezkor” tarmog‘ining barcha guruh boshliqlari (jami 6 kishi) ishtirokida tashkil etilgan yig‘ilishdan so‘ng, ularga maxsus ko‘rsatmalar chiqarilib, tartib belgilangan.  Unda 1-bo‘lim boshlig‘i tomonidan ko‘rsatmalar berilib, har bir guruh rahbarlari o‘zlariga buyruq asosida biriktirilgan hududlarga javobgar ekani, maxsus buyruqsiz o‘z hududidan boshqa hududlarga chiqmasligi shartligi majlis bayoni rasmiylashtirilgan va “tezkor” guruhlar boshliqlari o‘z imzolarini chekishgan.

“Biroq N.Qaysarov “Chigilneftegaz” MChJ “Sho‘rtanneftegaz” MChJ tarkibiga qo‘shilganidan boshlab, garchi o‘zi Shimoliy Sho‘rtan guruhiga rahbar bo‘lsa-da, turli bahonalar bilan Chigil sexi (“Chigilneftegaz” MChJga tegishli hudud shunday atala boshlagan) hududiga boraverdi, hattoki ish jadvali bo‘yicha taqvimda dam olishi belgilangan kunlarida ham jiyani yoki boshqa qarindoshlarining mashinasida Chigil hududiga borib, menga telefon qilar, u aniqlandi, bu aniqlandi, derdi. Maqsadi nima edi, nima uchun dam olish o‘rniga u yerga bora boshladi? Nima uchun mendan o‘zini Chigil sexiga o‘tkazishni talab qila boshladi?”, - dedi 1-bo‘lim boshlig‘i.

1-bo‘lim boshlig‘ining aytishicha, N.Qaysarovning mehnat intizomiga rioya qilmasligi oqibatida “Shimoliy Sho‘rtan” guruhi hududidan 15 tonna neft o‘g‘irlangan. Bundan tashqari, garchi Yangikent qishlog‘ida “Tezkor” tarmoq qo‘riqloviga berilgan birorta mahsulot quvuri bo‘lmaganiga qaramay, 36 marta qishloqqa kirib chiqqanligi xam xizmat tekshiruvida aniqlangan.

Dastlabki maqolada “Qaysarovga “Tezkor” guruh boshliqlarining Prezident qabulxonasiga murojaatlaridan so‘ng, 2018 yil 10 yanvardan 11 yanvarga o‘tar kechasi Chigil sexiga tegishli 0.530*19 mm.li quvurning 13-kilometridan 39-kilometrigacha bo‘lgan masofada o‘rnatilgan jami 17 ta xufyona vintel aniqlanib, stakan usulida ta'mirlangani” ta'kidlangan edi.

“Sho‘rtanneftegaz” MChJ direktorining ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari ayni shu masalaga oydinlik kiritdi. Uning aytishicha, aslida “Chigilneftegaz” MChJga tegishli gaz quvuri bo‘yicha o‘g‘rincha vintellarni aniqlash ishlari tashkilotning “Sho‘rtanneftegaz” MChJ tarkibiga qo‘shilgan kunidan e'tiboran boshlangan. Vintellarning to‘liq ro‘yxati shakllantirilgan. Shu vaqt mobaynida quvurni vintellardan tozalashga tayyorgarlik bo‘yicha tashkiliy ishlar ham amalga oshirilgan.

Bu nimani anglatadi? Ishlab chiqarish bo‘yicha direktor o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra,  aslida bu o‘g‘irliklar sxemasi “Chigilneftegaz” MChJ “Sho‘rtanneftegaz” MChJ tarkibiga qo‘shilmasdan avval mavjud bo‘lganini, tashkilot quvurini qo‘riqlashi lozim bo‘lgan ishchilar o‘z vazifalariga mas'uliyatsizlik bilan yondashganini bildiradi. Axir, bir necha oy mobaynida oylik maoshlarini olmagan qo‘riqchilar nima uchun boshqa ish qidirmagan? Ular qanday qilib oilalarini boqishgan? degan savol ochiq qolmoqda. Qolaversa, “Chigilneftegaz” MChJ “Sho‘rtanneftegaz” MChJga qo‘shilganidan keyin tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi bir sutkada 2 hissa oshirilib, 350 ming m3 dan 700 ming m3ga oshgani ham ishlab chiqarish bo‘yicha direktor o‘rinbosari fikrini tasdiqlaydi. Shu bilan “Chigilneftegaz” MChJ “Sho‘rtanneftegaz”ga qo‘shilganidan so‘ng, qorovullarning rotatsiya qilinishi va boshqa choralar natijasida vintellar va o‘g‘irliklar fosh etilgani ayon bo‘ladi.

Tezkor tarmoqning Shimoliy Sho‘rtan guruhi rahbari N.Qaysarov o‘ziga berkitilmagan hududlarga rahbarlarga bildirmasdan borib, har hafta qo‘riqchilarning almashtirish jadvalini tuzishda qatnashgan, o‘z tashabbusi bilan Chigil hududidagi qonun buzilish holatlarini oldini olish uchun ruxsat so‘rab, Chigil sexiga jamiyatda ishlamaydigan begona shaxslar va jamiyatga tegishli bo‘lmagan avtotransport vositalarida borgan. U yerda hech qanday qonun buzilish holatlarini aniqlamagan bo‘lsa-da, tezkor tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan rahbarlik qilib, Rejim va qo‘riqlash bo‘yicha 1-bo‘lim boshlig‘ining buyruqlariga buysunmagan. Uni jamoa ichida behurmat qilib, sha'niga har xil so‘zlarni aytgan, o‘z xizmat vazifasini yetarli darajada bajarmagan. Aksincha, Chigil hududidagi mahsulot quvurlarini o‘z nazoratiga olib, u yerdan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishni qasd qilgan.

Shuningdek, 2018 yil 16 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga yozilgan arizada imzo qo‘ygan shaxs tezkor tarmoq guruh boshlig‘i M.Eshmirzayevning imzosi emasligi ham aniqlandi. N.Qaysarov, M.Eshmirzayev, I.Nazarov va F.Sharopovlar qilayotgan murojaatlari faqat tuhmat va bo‘htondan iborat bo‘lib, ular bu ishlari bilan jamiyat rahbariyati va tegishli xodimlarini obro‘sini poymol qilinishi va jamiyatdagi sog‘lom muhitni buzilishiga olib kelmoqda. Yuqorida nomlari ko‘rsatilgan xodimlarning asl maqsadlari mahsulot quvurlarini qo‘riqlash emas, u yerda noma'lum shaxslar bilan birgalikda talon-toroj qilishni amalga oshirishdan iborat. O‘zlarining yashirin maqsadlarini amalga oshirish uchun MChJ rahbariyati va mutasaddi xodimlariga tuhmat uyushtirib, ularning sha'ni va obro‘siga zarar yetkazib, yuqori turuvchi tashkilotlarning rahbarlari hamda KUN.UZ tahririyatini chalg‘ituvchi ma'lumotlar taqdim etganliklari ma'lum bo‘ldi.

Shu munosabat bilan maqola muallifi  2018 yil 25 fevralda e'lon qilingan maqolani tayyorlashda bir tomonlama yondashib, izoh berganligi sababli “O‘zbekneftgaz” Aktsionerlik jamiyati rahbariyati va  “Sho‘rtanneftegaz” MChJ jamoasidan uzr so‘raydi.

Mavzuga oid