Xayriya natijasi: Sardorxon va Boburjon davolanish uchun xorijga ketishdi
Shu yilning 5 va 27 yanvar kunlari Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi hamyurtlarimiz, murg‘aq qalb egalari bo‘lgan Sardorxon Ahmadxonov hamda Boburjon Qo‘ldoshaliyevlarning xastalikdan forig‘ bo‘lishlari umidida xayriya aksiyalari boshlangan edi. Sardorxonning orqamiyasida yemirilish borligi, boshmiyasida ham o‘zgarishlar mavjudligini magnit tomografiyasi ko‘rsatgan. Sardorxonning ota-onasi bir necha xorijiy davlatlarga kasallik varaqalarini yuborgan, Turkiyadan ijobiy javob olishgan.
Hamyurtimiz Boburjon esa 4-darajali tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgani, bu bo‘yicha O‘zbekistonda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmasligi sababli Rossiyadagi Bakulev nomidagi yurak-qon-tomir tizimi jarrohligi klinikasida davolanishi talab qilinar edi.
Xayriya aksiyalari boshlanishi bilanoq, juda qisqa fursatda yordamga muhtojlarga xayr-ehson qo‘lini cho‘zishga shoshiladigan saxovatpesha hamyurtlarimiz ko‘magida ikki yurtdoshimiz uchun zaruriy mablag‘lar yig‘ildi.
Sardorxon ota-onasi bilan Turkiyaga yo‘l oldi. Biz ular bilan uchrashib, oq yo‘l tiladik va Sardorxonga shifo berishini Allohdan so‘rab qoldik.
Boburjon ham ota-onasi bilan Rossiyaga ketishdi. Ayni vaqtda ular Moskvada davolanmoqda.
Azizlar, mana ikki oila o‘z vatanlarini vaqtincha bo‘lsa-da, tark etib xorijga ketishdi. Ularga musofir yurtlarda bizlarning pulimizdan ham ko‘proq ma'naviy ko‘magimiz, duoimiz muhim. Shu boisdan ham duo qilaylik, shu jajji hamyurtlarimiz xorijdan komil shifo topib kelishsin. Ota-onasi, el-u yurti, Vataniga xizmat qiladigan, ko‘zlarni quvontirib yuradigan, qadamidan o‘t chaqnagan farzandlar bo‘lib voyaga yetishsin!
Mazkur xayriya aksiyasida o‘zining ozdir-ko‘pdir hissasini qo‘shgan barcha-barchaga Alloh savoblarni ko‘paytirib bersin. Ajrini u dunyo, bu dunyo zoye qilmasin! Omin!
Mavzuga oid
22:14 / 14.08.2024
Yangi Zelandiyada 300 dan ortiq oilaga tarkibida o‘limga olib keluvchi metamfetamin bo‘lgan konfetlar tarqatildi
12:33 / 27.01.2023
"Bolalarim to‘shakka mixlanib qolishidan qo‘rqaman" - ikki farzandi og‘ir xastalikka chalingan ona iztirobi
11:58 / 30.12.2022
“Onam uchun jigarimni beraman”- farzandlari uchun yashashga kuch topayotgan ona o‘kinchi
12:20 / 16.12.2022