O‘zbekiston | 01:25 / 08.03.2018
23790
7 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Federatsiyasi moliya vaziri O‘zbekiston Prezidenti bilan nimalarni muhokama qildi?

Rossiya Federatsiyasi moliya vaziri Anton Siluanov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Siluanov uchrashuv yakunlari bo‘yicha xulosalarini Prezidentning Facebook sahifasida taqdim etilgan   intervyuda bayon qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

- O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha asosiy e'tibor nimalarga qaratildi?

- Shavkat Miromonovich bilan qator moliyaviy masalalarni muhokama qildik, chunki moliya va byudjyet masalasi shubhasiz fuqarolarimiz hayotiga katta ta'sir ko‘rsatadi. O‘tgan yili biz O‘zbekiston moliya vazirligidagi hamkasblarimiz bilan Hamkorlik memorandumi imzolanishi va moliya vazirligi faoliyatidagi dolzarb masalalarni muhokama qilinishiga kelishib olgandik. Zero hozir Rossiya moliya vazirligi oldida ham qator  vazifalar turibdi - yangi soliq tizimini shakllantirish, qashshoqlar sonini kamaytirish uchun yangicha byudjyet siyosatini yo‘lga qo‘yish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sifatini oshirish va iqtisodiyotning o‘sishiga turtki beruvchi boshqa qator islohotlarni amalga oshirish. Mamlakatlarimiz oldida turgan asosiy vazifalar - qo‘shimcha bandlik, qo‘shimcha ish haqiga asoslangan iqtisodiy o‘sishni ta'minlash, fuqarolar turmush tarzini yaxshilash.

O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashuvimiz vaqtida aynan shu masalalar ko‘tarildi. Biz asosiy iqtisodiy tizim  faoliyati haqida suhbatlashdik, bu nafaqat moliya vazirligi, balki soliq va bojxona xizmatlari hamdir.  Biz asosiy parametrlar - soliq, bojxona va qonunchilik organlari bo‘yicha koordinatsiya va tajriba almashish zarurati haqida gaplashdik.

Shuningdek biz byudjyet tizimi faoliyatiga ham ko‘p vaqt ajratdik. Zero hozir O‘zbekistonda qator islohotlar o‘tkazilmoqda. Shu bois Rossiyaning bu boradagi mavjud tajribasi hamkasblarimiz uchun foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman. Biz erishgan muvaffaqiyatlarimiz bilan ham, yo‘l qo‘ygan xatolarimiz bilan ham bo‘lishishga tayyormiz. Bunday o‘zaro hamkorlik mamlakatlarimiz uchun foydali bo‘ladi, deb hisoblayman.

- Siz katta tajribaga ega professional moliyachisiz. O‘zbekistonning ayni damdagi bosqichda, yangi imkoniyatlar davrida qanday rivojlanayotgani borasida nima deya olasiz?

- Eng avvalo aytishim kerakki, men O‘zbekistonga birinchi marta kelishim, lekin oxirgi yillarda ko‘p o‘zgarishlar kuzatilayotgani haqida eshitganman. Shunday ekan, loyihalar rivoji iqtisodiy prognozlar, o‘sish ko‘rsatikichlari, iqtisodiyot rivojining asosiy ko‘rsatkichlariga bog‘liq. Bu esa bizning xalqlarimiz yanada yaxshi yashashi uchun zamin bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois mavjud mutaxassislarning ma'lumotlaridan kelib chiqib aytish mumkinki, so‘nggi yillarda moliyaviy sohada vaziyat yaxshilangan.

Ishonchim komilki, kelgusida O‘zbekistonda qabul qilinadigan tuzilmaviy choralar mamlakat iqtisodiy o‘sish sur'atlarini oshiradi. Biz ham shu kabi vazifalar ustida ish olib bormoqdamiz, shu bois o‘zaro xabarlashib harakat qilishga kelishib oldik. Byudjyet sohasidagi tajribamiz ham hamkasblarimiz uchun qiziq bo‘ladi va to‘g‘ri qarorlar qabul qilishda kerak bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Foto: Prezident matbuot xizmati

- Uchrashuvdan umumiy taassurotlaringiz qanday? Axir bu sizning O‘zbekistonga ilk tashrifingiz...

Biz birinchi marta uchrashishimiz. Taassurotlar juda ijobiy. Prezident eng avvalo biz hamkorlikda  ishlashimiz kerakligini ta'kidladi. Rossiya va O‘zbekiston iqtisodiyot yo‘nalishida yanada yaqindan hamkorlik qilishi kerakligi ta'kidlandi. Bu mamlakatlarimiz rivojlanishi uchun qo‘shimcha rag‘bat hamdir. Rossiyadan investitsiya jalb qilish, tajriba almashish, o‘zaro hamkorlikda harakat qilish zarurati - bu mamlakatlarimiz o‘rtasida tanlangan to‘g‘ri yo‘nalish deb o‘ylayman. Biz bundan keyin ham uchrashishga kelishib oldik.

Foto: Prezident matbuot xizmati

- Nima uchun moliyachi kasbini tanlagansiz?

- Kasb tanlovini amalga oshirayotganda shubhasiz oilaviy muhitning ta'siri bo‘ladi. Har qaysi kasb - bu san'at. Inson o‘z ishiga ijodiy yondashsa, shubhasiz muayyan muvaffaqiyatlarga erishadi. Bu soha menga qiziq tuyulgani uchun ham aynan shu yo‘nalishni tanlaganman. Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, men to‘g‘ri yo‘l tanlaganman. Men otamning izidan borib Moliya institutini tamomlab, Moliya vazirligiga ishga joylashdim.

Moliyachi - eng qiziq kasblardan biri, deb hisoblayman, chunki inson turli sohalardagi kasb egalari bilan muloqotda bo‘ladi. Moliyachi bu kasblarni ham yaxshi bilishi kerak, zero mablag‘ ajratish yo taqsimlash kabi vazifalar doim talabdan kelib chiqadi. U yoki bu sohadagi  talablarni aniqlash esa byudjyet ajratilayotgan u yoki bu sohani sifatli o‘rganishni talab qiladi. Bizda moliya vazirligida moliyachilardan tashqari har bir soha bo‘yicha mutaxassislar faoliyat yuritadi - qishloq xo‘jaligi, savdo-sanoat, mudofaa sektori va h.k. Shunday ekan, bu juda qiziq kasb deb o‘ylayman - biror ishning uddasidan chiqqaningizda mamnuniyat his qilasiz.

Biz qabul qiladigan qarorlar kimlargadir yoqmasligi mumkin, biroq ular albatta o‘z mevasini beradi. 2015-2016 yillarda mamlakatimiz hayotida murakkab vaziyat yuzaga kelganda shunday bo‘ldi ham. O‘shanda moliya va byudjyet bo‘yicha to‘g‘ri va tezkor qarorlar qabul qilganmiz. So‘nggi yillarda buning mevasini ko‘ryapmiz - RF YaIM 1,5 foizga o‘sdi, bu yil ham iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari amaldagidan-da yuqori bo‘lishiga ishonchim komil. Bu aholi daromadini oshirish, pensiyalar va maoshlarni oshirish imkonini beradi. Ta'kidlash mumkinki, mamlakat rivojida moliyachining roli muhimdir.

- Ishingiz yaxshi rivojlanishi uchun asosiysi nima?

- Asosiysi - sinalgan usullarni qo‘llash. Bu yerda tavakkal qilish yoki omadga ishonib bo‘lmaydi. Moliya sohasida qarorlarni qat'iy qabul qilish kerak, zero ba'zi qadamlarni bir necha yil oldinni mo‘ljallab hisoblab chiqish kerak bo‘ladi. Ularning iqtisodiyotning umumiy holati, odamlar, byudjyetga qanday ta'sir qilishi inobatga olinishi kerak. Hamkasblarimga byudjyet mutanosibligini saqlashda omadlar tilayman.

Bundan tashqari, RF moliya vaziri Anton Siluanov bo‘sh vaqtlarida sport bilan shug‘ullanishga harakat qilishini ta'kidladi. Kelgusida imkon topib kelib, O‘zbekistonning Samarqand va Buxoro shaharlarini ko‘rish istagini bildirdi.

Mavzuga oid