O‘zbekiston | 21:20 / 09.03.2018
221867
17 daqiqa o‘qiladi

Rog‘un GESidan xavf yo‘qmi? Orolni qutqarib qolish mumkinmi? Olim prezidentlarga taklif berdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 9 mart kuni Tojikiston Respublikasiga tashrif buyurdi. Mazkur tashrif amaliy jihatdan har ikkala mamlakat uchun har tomonlama imkoniyat eshiklari ochilishiga turtki bo‘lishi kutilmoqda. KUN.UZ tahririyati mazkur tarixiy voqea munosabati bilan huquqshunos, xalqaro ekologiya, inson va tabiat xavfsizligi fanlari akademiyasi a'zosi Anvarmirzo Xusaynov bilan Tojikistonda qurilayotgan Rog‘un GESi loyihasi borasida suhbatlashdi. Olim mintaqadagi muammolarni hal etish, xususan, Orolni saqlab qolishga qaratilgan loyihasi haqida so‘zlab berdi.

Anvarmirzo Xusaynov

—  Qadimdan o‘zbek va tojik millatlari haqida ajoyib bir naql yuradi: «Ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq». Bu ikki millatning qardoshligi jahon tarixida kamdan-kam uchraydigan misoldir. Bugun Samarqandda Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyning haykali qad rostlamoqda. Bu qadimiy Samarqandni bezaydi, ikki millat qadrdonligini mustahkamlaydi. 

Rog‘un GESi mavzusiga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam, bu loyihaga boshida berilgan baho noto‘g‘ri bo‘lgan. Boshida eng baland tog‘ cho‘qqisida bu GES qurilsa, unda 10 mlrd kub suv yig‘ilsa, erta-indin, Xudo ko‘rsatmasin zilzila bo‘lsa, Tojikiston va O‘zbekiston shaharlari suv ostida qoladi degan fikrga to‘xtalinar edi. Mana shuning natijasida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashdi, chegaralar yopildi, devorlar tortildi. 

XXI asr zamonaviy ilm-texnikasi nuqtai nazaridan olib qaraydigan bo‘lsak, bunday qo‘rquvlarga asos yo‘q. Bu loyihaga pul ajratgan xalqaro tashkilotlar GESning xavfsizligini, albatta, inobatga olishgan. Agar suv ombori mustahkam qilib qurilsa, u 9 balli zilzilaga ham chidashi mumkin. Bunga Markaziy Osiyo davlatlari miqyosida qurilgan va foydalanilayotganiga 30-40 yillab vaqt bo‘lgan suv omborlarini misol qilib keltirsa bo‘ladi.

Gap shundaki, mana shu vaziyatdan foydalangan chetdagi kuchlar bor e'tiborni shunga qaratdi. Natijada, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashdi. Bugunga kelib, biz – olimlar jamoasi mana shu Rog‘un GESi orqali Markaziy Osiyodagi davlatlarda uchraydigan suv muammosini hal etish loyihasini yaratdik. Bu GESning qurilishi Amudaryo qirg‘oqlarida joylashgan to‘rtta davlat – O‘zbekiston, Tojikiston, Afg‘oniston va Turkmaniston uchun o‘ta manfaatlidir. 

Bugun biz Rog‘un GES qurilishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Menimcha, davlat rahbarining fikri shunga yaqin va yoki aynan shunday. Bugungi kunda Tojikiston hukumatining katta bosh og‘rig‘i bor. Rog‘un GESi 2020 yilda foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan. Hozir qurilish ketyapti. Suv omborining baland joyi 135 metr bo‘ladi, keyinchalik bu ko‘rsatkichni 335 metrgacha ko‘tarish mo‘ljallangan.

Suvdan foydalanish, aslida, ikki xil bo‘ladi. Ya'ni, birinchisi sug‘orish, irrigatsiya maqsadlarida, ikkinchisi energetika ishlab chiqarish. Kuz-qish mavsumida energetika ishlab chiqarishdan keyin 2-2,5 mlrd kub metr oqava suv omborda yig‘iladi. Shu suvni qayerga joylashtirish bugun Tojikiston hukumati uchun dolzarb masala bo‘lib turibdi.

Endi tasavvur qiling, Tojikistonda Rog‘un GESini qurish ishlari davom etmoqda, ammo yuqorida aytganimiz tashlandiq suvlarni qayerga yo‘naltirish masalasi hal etilmagan. Ular tashlama suvlarni Amudaryoning eski o‘zani bo‘ylab oqizib yubormoqchi bo‘lsa, bu suv 1100 kilometr bo‘ylab pastlikka qarab ketishi kerak - Taxiatosh suv ombori, Tuyamo‘yin suv omborigacha. Shuni inobatga olish kerakki, Amudaryoning eski o‘zani yoqalarida ekin maydonlari, aholi turar joylari joylashgan. O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston hududida bu o‘zan yoqalab yuz minglab kishilar yashaydi. Agar Rog‘un GESining oqava suvlari Amudaryoning eski o‘zani bo‘yicha qo‘yib yuborilsa, o‘sha yer maydonlarini va aholi manzillari vayron bo‘ladi, 300 ming kishi yashaydigan joylar vayron bo‘ladi. Bu esa jahon miqyosidagi texnogen falokat demakdir. Bunga albatta dunyo hamjamiyati yo‘l qo‘ymaydi.

Foto: centrasia.ru

Shu sabab Tojikiston rahbari Imomali Rahmonning boshi qotgan. Biz olimlar guruhi bu masalaga o‘z yechimimizni berdik.

XIX asrda Buxoro amirining vaziri, keyinchalik Buxoro amirligining Rossiyadagi muxtor elchisi bo‘lgan Ahmad Donish xuddi shu masalada o‘z fikrlarini, loyihalarini taqdim etgan edi. U suvni Amudaryoning yuqori qismidan olib, Surxondaryo va Qashqadaryo orqali Buxoroga olib kelish va u yerdan Chorjo‘yga tushirib, o‘zining o‘zaniga tushirish yo‘lini taklif qilgandi. Lekin keyingi tarixiy jarayonlar, urushlar va inqiloblar bu reja amalga oshishiga yo‘l bermadi. Biz olimlar ham xuddi shu fikrlarni ilmiy konsepsiyaga aylantirib, loyiha tayyorladik.

Bizning yechimimiz shundan iboratki, Rog‘undan tushadigan 2,5 mlrd kubometr tashlama suvni, bu 2020 yilda, keyinroq 5 mlrd kubometr suvni Surxondaryoda qurilajak suv omboriga o‘tkazishni ko‘zda tutganmiz. Surxondaryoda shunday suv ombori uchun qulay joy mavjud. Qishda muzdek suv dalaga haydalsa, nihoyatda katta ekologik halokat yuzaga keladi. Agar suv omborida to‘plasak, bahorda, yozda bu suvdan foydalanishimiz mumkin.

Ustozim Amudaryoni manbaidan, birinchi bulog‘idan boshlab, Orolga quyiladigan joyigacha kezib chiqqan. U daryo yo‘lidagi bir nuqtaga e'tibor qaratgan. Turkmaniston bilan chegaramizda tasmadek yer xaritada Turkmaniston hududida ko‘rsatilgan - eni 300-350 metrlik joy. Lekin shu joyda turkmanlar 6ta nasos stansiyasi qurishgan. Bu stansiyalar orqali daryo suvlari 131 metr balandlikka ko‘tarishadi. Bu suvlar qumlar ichida adashib yuradi, milliardlab kubometr suv qumga singib ketadi, milliardlab kubometr quyoshda parlanib ketadi. Yana bu suvni 131 metr balandlikka ko‘tarish uchun yiliga 1 milliard dollarlik elektr energiya sarflanadi. Bu vahshiylarcha suvni isrof qilishdir. Sobiq tuzum davrida shunday qo‘pol loyihaviy xatoga yo‘l qo‘yilgan. Lekin bu xato mustaqillik yillarida ham tuzatilmadi. Lekin xatoni tuzatishga hech qachon kech bo‘lmaydi, hozir bu xatoni tuzatish uchun qulay vaqt keldi.

Bugungi kunda Shavkat Mirziyoyev, Imomali Rahmon va Gurbanguli Berdimuhammedov bir-biri bilan juda yaxshi munosabatda. Ularning do‘stligi evaziga amalda ko‘p ishlar qilinmoqda.

Bizning taklifimiz shundan iboratki, suvni yangi o‘zandan oqizish kerak. Bu orqali katta muammoni hal qilgan bo‘lamiz

O‘sha 6ta nasos stansiyasi juda eski, energiya tejamkor emas. Ularni ta'mirlash uchun ham katta xarajat qilib turilibdi. Ular ko‘tarib berayotgan suv esa bekorga qumga singib ketmoqda. 

Yangi nasos stansiyasi qurish uchun ham katta mablag‘ kerak. 10 milliard dollar. Bu pulni kim berardi, O‘zbekistonmi, Turkmanistonmi? Qolaversa, undan qimmatrog‘i bor - vaqt yo‘qotamiz. Bunday stansiyalarni qurish uchun 3-4 yil vaqt kerak. Undan tashqari, bu 3-4 yil davomida Qashqadaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlari suvsiz qoladi. Bu vaqt davomida milliardlab kubometr suv qumga ketadi. Bu juda katta yo‘qotish bo‘ladi.

Biz taklif etayotgan loyihamiz esa buning oldini oladi.

Uch prezident agar juda tezlik bilan bir qaror qabul qilishsa, 2019 yil boshida Surxondaryoda suv ombori tayyor bo‘lishi, Amudaryo suvlarini o‘sha suv omboriga g‘amlashimiz mumkin bo‘ladi. Agar nasos stansiyalari ishdan chiqsa ham, hamma suvni Amudaryoning yuqoriroq joyidan Surxondaryodagi suv ombori orqali yangi o‘zanga o‘tkazishimiz mumkin. Yangi o‘zan qurish uchun ham ko‘p vaqt ketmaydi. 1 yil ichida suv omboriniyam, yangi o‘zanniyam qurib ulgurishimiz mumkin.

Turkmanistonga o‘tadigan joyda esa ikkita katta gidroelektorstansiya qurish va elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qondirish mumkin bo‘ladi.

Bizning loyihamizda to‘rtta davlatning ham (O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston) manfaatlari hisobga olingan. Rog‘unda eng arzon, eng ko‘p miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Har bir davlat bu energiyaning to‘rtdan bir qismini sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Bu ayniqsa, Afg‘oniston uchun manfaatli, yuz yilga yetadi bu energiya. Uylar buzilmaydi, siyosiy nizolar bo‘lmaydi, bu loyiha hamma uchun manfaatli loyihadir. O‘zbekiston o‘n milliardlab dollar sarflab nasos stansiyalari qurishiga hojat bo‘lmaydi. O‘zbekistonga 5 milliard kubometr suv kelib turadi. Biz suv mustaqilligiga erishamiz. Bu suvning ortiqcha qismini Orolga qaratib haydashimiz ham mumkin.

Bu loyiha tezroq amalga oshirilsa, bu uch davlat rahbarini Nobel mukofoti uchun nomzod sifatida tavsiya qilishimiz mumkin. Bu loyiha xalqlarning tinchligini ta'minlaydigan loyiha.

Orol muammosi

Orol muammosini ham hal qilish mumkin. Bu loyiha anchagina suv tejab qolinadi va bu suv Orolga oqib boradi.

Bilasizmi, dunyodagi suvni eng ko‘p isrof qiluvchilar afsuski, qo‘shni Turkmaniston. Sobiq tuzum davrida moskvalik loyihachi olimlar, Orolni quritganlar Amudaryodan Qoraqum cho‘li ichiga ikkita kanal o‘tkazishgan. 800 kilometr qum ichidan o‘tgan bitta kanal. Har yili bu kanallarga yo‘naltirilgan suvning 75-76 foizi, 8-10 milliard kubometr suv Qoraqumga singib ketmoqda. Xalqaro konferensiyalarda hamma kuladi, nega suvni bunday isrof qilishga qo‘yib qo‘ydinglar deyishadi.

Holbuki, kanallar ostini betonlash, ustini yopish mumkin. Amerikada hamma kanallar usti yopilgan. Suvni qadrlash kerak. Tilda suvni zar deymiz, oltin deymiz, amalda suvga munosabatimiz juda yomon.

O‘zbekiston tashabbus qilib suv tejamkorligi yo‘liga o‘tishini kutmoqdaman. Turkmanistonning bu kanallardagi suvga ehtiyoji ham yo‘q, ularga foydasiyam yo‘q bu kanalning. Qolaversa, Orol faqat O‘zbekistonning emas, butun mintaqaning muammosi, hammaning boshiga qum sochmoqda bu muammo. O‘zbekiston xalqi hamisha yaxshi ishlarni boshlab bergan va o‘rnak bo‘lgan.

centrasia.ru

Bir yoqadan bosh chiqarib...

O‘zbekiston Rog‘un GESi qurilishiga xayrixoh bo‘lishi orqali qo‘shimcha suv manbaiga ega bo‘ladi. Xalqimizga to‘g‘ri yo‘lni barcha vositalar bilan tushuntirishimiz kerak.

Barcha bir yoqadan bosh chiqarib ishlasak, eng yaxshi yechimga ega bo‘lamiz. Dunyo ustimizdan kulmaydi, qadimiy, madaniyatli xalqlar uyg‘onibdi, deyishadi. 

Suvning qadri, suvning tejalishi milliy g‘oyaga aylanishi kerak. Bu sohani juda yaxshi tushunadigan inson, Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan juda xursandmiz. Yaqinda qabul qilingan oqilona qarorlardan biri Suv vazirligi alohida tashkil qilindi. Bu 25 yil oldin qilinishi kerak bo‘lgan ish edi. 

Endi qilinadigan yana bir ish - suvga narx belgilash kerak. Suvni qishloq xo‘jaligidan tashqari sanoatda ham ishlatiladi. Qishloq xo‘jaligiga sarflanadigan suvga teng miqdordagi suvni metallurgiya komplekslari, kimyo komplekslari iste'mol qiladi. Sanoat korxonalari ham suvga haq to‘lashi yo‘lga qo‘yilishi kerak. Masalan, Navoiydagi tog‘-metallurgiya kombinati bir tiyin to‘lamasdan Amudaryo suvini ishlatib kelmoqda. U yerdagilar suvni tejashni xayoliga ham keltirishmaydi, agar pul to‘lashsa, tejamkor texnologiyalarni qo‘llashga majbur bo‘lishardi.

Tejalgan suv evaziga biz yangi yerlarni o‘zlashtirishimiz, baliqchilikni rivojlantirishimiz va boshqacha turdagi bio xo‘jaliklarni yo‘lga qo‘yishimiz mumkin bo‘ladi.

Rog‘un GESi tarixi

Foto: Vikipedia

Vaxsh daryosida Rog‘un GESi qurilishi loyihasi o‘tgan asrning oltmishinchi yillari oxirida ishlab chiqilgan. 1976 yilda stansiya qurilishi bo‘yicha tayyorgarlik ishlari boshlangan, 1987 yili Vaxsh to‘silgan va 1993 yilga kelib 40 metrli to‘g‘on o‘rnatilgan hamda mashina va transformator zallaridagi asosiy ishlar yakunlangan.

SSSR parchalanganidan keyin obektdagi ishlar to‘xtab qoladi va mustaqillikka erishgan Tojikiston hukumati qurilishni yakuniga yetkazish uchun investor va pudratchilar izlay boshlaydi. Lekin 1992 yilda Tojikistonda fuqarolar urushi boshlandi, bu esa mamlakatda katta loyihalar amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymasdi. Qolaversa, 1993 yilning 8 mayida ro‘y bergan toshqin vaziyatni yanada murakkablashtirdi – suv to‘g‘onning bir qismini buzib yuboradi va stansiyaning texnik inshootlari suv ostida qoladi.

2004-2007 yillarda Rossiyaning «Rusal» kompaniyasi GESda faoliyat olib boradi. Rossiyalik muhandislar tadqiqot ishlari olib borib, GESni qisman tiklashadi. Biroq 2007 yilda shartnoma bekor qilinadi.

Shundan so‘ng Tojikiston Jahon bankini Rog‘un qurilishini moliyalashtirishga taklif etadi. Bank faqat har tomonlama ekspertizadan keyin mablag‘ ajratishga rozi bo‘lgandi.

Mutaxassislar va Amudaryo havzasidagi mamlakatlar bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlardan so‘ng Jahon banki original loyihaga o‘zgartirish kiritilganidan keyin GES qurilishiga kirishish mumkinligini bildirgan.

Chetdan sarmoyador topa olmagach, 2008 yildan boshlab Tojikiston obektni o‘z kuchi bilan qayta tiklashga kirishdi. Dushanbe rasmiylari Rog‘un GESI mamlakatga elektr energiyasi tanqisligini yengib o‘tish imkonini berishini iddao qiladi.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston ko‘p yillar davomida bu suv inshooti qurilishiga qarshilik qilib kelgan. O‘zbekiston hukumati Amudaryoga keladigan suv to‘silishi orqali qishloq xo‘jaligi jiddiy zarar ko‘rishi, shuningdek, mintaqada ehtimoliy zilzila ro‘y berishi to‘g‘onni buzib, o‘z hududlarini suv ostida qoldirishi mumkinligini inobatga olgan holda bu loyihaga rozi bo‘lmagan. Shu tufayli Rog‘un GES mavzusi O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi asosiy bahsli masala bo‘lib kelgan. Ammo 2016 yil sentabrda O‘zbekistonda hukumat tepasiga Shavkat Mirziyoyev keldi va qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlashga jiddiy e'tibor qaratdi. Xususan, tomonlar Rog‘un masalasida muzokaralar o‘tkazishdi.

2016 yilning 29 oktabr kuni Tojikiston Vaxsh daryosi o‘zanini to‘sib, Rog‘un GESi qurilishini boshlab yubordi. Respublika rahbari Imomali Rahmon qurilish ishlariga bosh-qosh bo‘ldi.

Foto: president.tj

Rog‘un GESi 3600 mVt quvvatga ega bo‘lib, inshoot loyihasining umumiy qiymati taxminan 3,9 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi. Uning to‘g‘on balandligi esa 335 metr bo‘lib, bu dunyodagi eng baland to‘g‘on bo‘lishi mumkin.

Tojikiston hukumati Rog‘un GESini qurish uchun mablag‘ topish maqsadida xalqaro bozorlarga 500 million dollarlik qimmatli qog‘ozlarni chiqargandi. Ushbu qimmatli qog‘ozlar AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi va Osiyo davlatlari sarmoyadorlariga sotilgan.

Foto: president.tj

GESning birinchi turbinasi 2018 yil yakunida, ikkinchisi — 2019 yil boshida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu ikkita agregat yordamida ishlab chiqariladigan energiyani qo‘shni davlatlarga, asosan, Afg‘onistonga sotish hisobiga Rog‘un GESining keyingi qurilishi davom ettirilishi mo‘ljallangan. Ayni paytda bu yerda 15 mingga yaqin mutaxassis va ishchilar ishlashmoqda, qurilish ishlariga 2100dan ortiq texnika, mashina va mexanizmlar jalb etilgan. Qurilish 5-8 yil davom etishi mumkin.

Mavzuga oid