O‘zbekiston | 00:05 / 10.03.2018
67494
5 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi - Kunning qisqacha tafsiloti

Bugun, 9 mart kuni ertalab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk davlat tashrifi bilan Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahriga uchib ketdi. Kun.uz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati, Tojikiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati, shuningdek boshqa ommaviy axborot vositalari tomonidan kun bo‘yi e'lon qilingan xabar va yangiliklar asosida voqea tafsilotlarini taqdim etadi.

Dushanbe shahridagi xalqaro aeroportda Shavkat Mirziyoyevni qo‘shni davlat rahbari Imomali Rahmon, shuningdek, hukumatning boshqa a'zolari kutib olishdi. Ikki davlat rahbarlari faxriy qorovul ortidan o‘tishdi.

Shundan so‘ng prezidentlar Tojikiston rahbarining qarorgohi — «Qasri millat» saroyiga yo‘l olishdi. Qarorgohda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, davlat madhiyalari yangradi.

Marosimdan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon yakkama-yakka muzokara o‘tkazdi.

Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika, turizm, madaniy-gumanitar sohalarda va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning o‘zaro qatnovi uchun qulayliklarni oshirish masalalari muhokama etildi.

Ikki mamlakat hukumatlariga o‘zaro savdo hajmini oshirish va uning tarkibini diversifikatsiya qilish masalalarini o‘rganish topshirildi. Foydalanilmayotgan zaxiralarni ishga solish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi, turli qo‘shma ishchi guruhlar tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev «bir plyus bir» shaklidagi uchrashuv boshlanishidan avval matbuot uchun qisqacha bayonot berdi.

«Tojikiston-O‘zbekiston munosabatlari yaqin vaqt ichida strategik sheriklik darajasiga chiqadi. Toshkent Dushanbe bilan munosabatlarni barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlantirib boradi», — deya aytib o‘tdi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirishdi.

Prezidentlar Do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot, O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomani imzolashdi.

Savdo, iqtisodiyot, investitsiya, moliya, transport va tranzit, qishloq xo‘jaligi, suv-energetika, soliq, bojxona, turizm, fan-ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlik hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan jami 27ta hujjat imzolandi.

Jumladan, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari o‘rtasida vizasiz tartib o‘rnatilgani haqida muhim ijtimoiy hujjat imzolandi.

O‘zbekiston va Tojikiston tez orada temiryo‘l, avtomobil va havo yo‘llari qatnovlarining to‘liq tiklanishi bo‘yicha ishlar amalga oshirilishi borasida kelishuvga erishishdi. Shu bilan birga, tranzit tashuvlar tariflarini pasaytirish ham ko‘zda tutilmoqda,

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi davlat rahbarlarining samarali muzokaralari, ishbilarmon doiralarning bevosita muloqoti natijasida 1 milliard dollarga olib chiqiladigan bo‘ldi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekiston davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvini o‘zbek-tojik munosabatlaridagi yangi tarixiy davrning boshlanishi deb atadi.

Muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahrini aylanib, «Do‘sti» maydonidagi Ismoil Somoniy haykali poyiga gul qo‘ydi.

Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon Dushanbe shahrida ochilgan O‘zbekiston sanoat korxonalari milliy ko‘rgazma-yarmarkasiga tashrif buyurdi.

Bu yerda dastlab «G‘alaba – Amuzang – Xushadi» temir yo‘l tarmog‘ining rasmiy ochilish marosimi bo‘ldi. Prezidentlar poyezd harakatini boshlash uchun ramziy tugmani bosishgan.

Dushanbe shahrining «Ko‘hi Borbad» san'at saroyida O‘zbekiston va Tojikiston san'at ustalari ishtirokida konsert bo‘lib o‘tdi.

Ushbu konsert O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari o‘rtasidagi madaniy yaqinlik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnilik munosabatlarining navbatdagi namoyishi bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi davom etmoqda.

Mavzuga oid