«Andijoncha fonogramma». Nogironlarga uy berib, qaytarib olish tomoshasi
O‘tgan 2017 yil boshida davlat rahbari tashabbusi bilan boshlangan yuksak insoniy loyihalardan biri — mehnatga layoqati cheklangan, nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizga imtiyozli tarzda uy-joylarning berila boshlanganidir. Ushbu xayrli ish bugun respublikamizning barcha tuman va shaharlarida amalga oshirilmoqda.
Aytish kerakki, bu kabi xayrli ish ko‘ngli yarimlarga cheksiz quvonch va baxt hadya etishi bilan ahamiyatlidir. Prezident aynan xalqni rozi qilishdek ulug‘ ishni ko‘ngli o‘ksik opa-singillarimizdan, aka-ukalarimizdan boshlagani ham bejiz emas. Boisi ularga ulashilgan quvonch oldimizdagi ulkan rejalarni amalga oshirishda mayoq bo‘lsa ajab emas.
Yodingizda bo‘lsa, «Kun.uz» saytida Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida mehnatga layoqati cheklangan, uy-joyga muhtoj 82 nafar fuqaroga boshlang‘ich badallari to‘lab berilgan uy-joy va Prezident sovg‘alari topshirilgani haqida quvonchli xabar e'lon qilingan edi.
Afsuski, endi Andijon viloyatidan xunuk bir xabar eshitdik. Xabarga ishonqiramasdan yo‘lga otlandik va yo‘l bo‘yi uning yolg‘on bo‘lib chiqishini xohladik. Gap shundaki, Andijon viloyati Buloqboshi tumanidan 6 nafar uy-joyga muhtoj, nogiron va mehnatga layoqatsiz yurtdoshlarimiz «Prezident sovg‘asi» sifatida ko‘p qavatli uy sohiblari bo‘lgandi. Biroq tantanali tadbirda topshirilgan uylarning kaliti aslida boshqa birovlarniki bo‘lib chiqqan. Bu nima, ko‘zbo‘yamachilikmi? Yoki nogironlar ustidan kulishmi? Mana shunday iztirobli xayollar bilan Andijon viloyatining Buloqboshi tumaniga yetib keldik. Dastavval taqdirlanganlar ro‘yxatda bo‘lganlardan biri Patidinova Muhabbat opa xonadoniga bordik.
Guvohi bo‘lganingizdek, Muhabbat onaning bu ro‘yxatda turishi haqli, ammo unga uy emas, uning kaliti berilgan, xolos. Bu holdan uning oila a'zolarining ham ko‘ngli cho‘kkan.
Ijodiy guruhimiz mazkur holatga izoh olish niyatida tuman hokimligiga yo‘l oldi. Ta'kidlash kerakki, Buloqboshi tumaniga ayni paytda O‘tkir Mamurov hokimlik qilmoqda. Biz tilga olgan muammo esa avvalgi hokim — Doniyor Maqsudov davrida chiqqan. Tuman hokimligida bizni hokimlik yuristi Tohir Mamasiddiqov, hokimning qurilish ishlari bo‘yicha muovini Farhod Normatov hamda tuman hokimi yordamchisi Zafar Torashev kutib olishdi.
Ular ijodiy guruhimizni yangi qurilayotgan namunali uylar tomon olib borishdi va nogironlar uchun shu uylardan joy berilishini ma'lum qilishdi. Biroq uylar hokimlik vakillari va'da qilishayotganidek, ko‘ngli yarim nogironlarga beriladimi? Qurilayotgan yangi uylarning hujjatlarida nogironlarning ism-familiyasi qayd etilganmi? Bu savollarimiz afsuski mavhumligicha qoldi.
Shundan so‘ng biz yana tuman hokimligiga qaytib keldik. Va'daga ko‘ra, nogiron yurtdoshlarimizga tantanali tarzda topshirilgan uylar ko‘rsatilishi kerak edi. Ammo negadir tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Iroda Sotvoldiyeva bizni tuman hokimini kutishga chorladi. Qurilish ishlari bo‘yicha hokim o‘rinbosari Farhod Normatov esa umuman ko‘rinish bermadi. Tantanali tarzda topshirilgan ko‘p qavatli uylarni o‘zimiz qidirib yo‘lga otlandik. Sovg‘a qilingan xonadonlar joylashgan ko‘p qavatli uylarni qiyinchiliklarsiz topib bordik.
Birozdan so‘ng ortimizdan tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Iroda Sotvoldiyeva 2 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar — o‘sha tantanali oqshomda Prezident sovg‘asi sohibi bo‘lgan ko‘ngli yarimlarni boshlab keldi.
Qisqa suhbatdan so‘ng ularga topshirilgan uylarga kirib ko‘rdik. Bir xonaga jamlab qo‘yilgan uy jihozlarini ko‘zdan kechirdik. Shundan barchasi tushunarli bo‘ldi. Ma'lum bo‘lishicha, Buloqboshi tumanidan 5 nafar mehnatga layoqati cheklangan, uy-joyga muhtoj fuqarolarimizga qog‘ozda uy va sovg‘alar berilganu, amalda esa manzara sahnalashtirilgan bo‘lib chiqayapti. Tadbirda berilgan uylarning barchasining boshqa egalari bor. Ayni damda nogironlarga va'da qilinayotgan namunali uy-joylarning esa biror hujjati taqdim etilmadi. Bu ko‘zbo‘yamachilikning o‘zginasi emasmi? Prezidentni aldash, yolg‘on hisobotlar bilan ish bitirish emasmi? Mayli, agar uy berilishi kechikib, qachondir berilar, lekin nogiron yurtdoshlarimizning ko‘ngli o‘ksimaydimi? Bayramda uy berdik, deb e'lon qilinsa-yu, aslida uy birovniki bo‘lib chiqsa. Shundoq ham hayot tashvishlaridan ezilib turgan insonga yana bir ruhiy zarba bo‘lmaydimi? Hayotga, insonlarga ishonchi susaymaydimi?
Ta'kidlash kerak, mehnatga layoqati cheklangan, uy-joyga muhtoj fuqarolar ro‘yxatini shakllantirish, ularga boshlang‘ich badallari to‘lab berilgan uy-joy va Prezident sovg‘alarining topshirilishi joylarda viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raislari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari ma'sul qilib, ko‘rsatma berilgan edi. Nahotki, Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusovaning Buloqboshidagi sahnalashtirilgan manzaradan xabari bo‘lmasa. Yoxud xabari bulgan-u, viloyat hokimiga o‘zi ma'sulligidagi bu muammo yechim topa olmayotganini aytishni lozim topmaganmikan?
Ushbu masalaning yagona yechimi — nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizga va'da qilingan uylarning berilishi va vazifasiga loqaydlik bilan qaragan mutasaddilarga tegishli choralar ko‘rilishidan iborat bo‘ladi. Umid qilamizki, Andijon viloyat hokimligi, viloyat rahbari mazkur muammoga befarq bo‘lmaydi.
Tahririyatdan: Mana shu kabi ko‘zbo‘yamachilikka respublikamizning boshqa go‘shalarida ham guvoh bo‘lgan yoki jabrlangan yurtdoshlarimizdan «Kun.uz» tahririyatiga murojaat qilishni so‘rab qolamiz. Telefonimiz: +998 (95) 146-23-23
Shuhrat Shokirjonov, Xurshid Daliyev,
Kun.uz muxbirlari
Mavzuga oid
13:56
Andijonda sel oqizib ketgan ko‘prik aytilgan vaqtda bitkazilmadi. Yangi muddat – 1 aprelgacha
20:54 / 26.11.2024
Davlat budjetining 9 oylik ijrosi. Defitsit – 36 trln so‘m
15:56 / 25.11.2024
Andijon davlat texnika instituti tashkil etiladi
07:40 / 25.11.2024