O‘zbekiston | 18:50 / 13.03.2018
10040
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston Afg‘oniston hukumati va toliblar o‘rtasida tinch muzokaralar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqchi» 

Foto: UzReport

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik va mintaqaviy o‘zaro aloqalar» mavzusida Toshkentda oliy darajada xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tishi haqida xabarlar jamoatchilikka e'lon qilinganidan so‘ng, bu fikr chet eldagi ko‘pchilik ommaviy axborot vositalari tomonidan bildirilmoqda, deb xabar berdi «Jahon» AA.

«O‘zbekiston dunyoning eng yaxshi diplomatlarini shu oy oxirida konferensiyaga taklif qildi, - deb xabar beradi Reuters axborot agentligi. - O‘zbekiston hukumati bu anjuman Afg‘oniston rahbariyati va kuchlarining milliy kelishuvga erishish yo‘lidagi sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashiga umid qilmoqda». 

Forumning kutilayotgan ishtirokchilari orasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, uning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tadamiti Yamamoto, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, AQSh va boshqa ko‘plab davlatlar tashqi siyosat idoralari rahbarlari bor, deb o‘z o‘quvchilarini xabardor qilgan Britaniyaning Daily Mail gazetasi.

«Tolibon vakillari Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani asosiy ma'ruza bilan chiqish qilishi kerak bo‘lgan uchrashuvda ishtirok etadimi?» - deya savol bilan murojaat qilgan Euronews telekanali.

O‘z navbatida, Amerikaning nufuzli The New York Times gazetasining ta'kidlashicha, kutilayotgan uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilayotgan yana bir yirik tadbirdir. «2016 yilda davlat rahbari lavozimini egallab, u tashqi dunyoga 32 million aholiga ega bo‘lgan, resurslarga boy mamlakatni ochishga va'da qildi», - deya eslatadi nufuzli nashr.

Amerikaning yana bir gazetasi - US News’ning ta'kidlashicha, Toshkent konferensiyasini tashkillashtirish orqali O‘zbekiston bir marotabalik tadbir bilan cheklanmoqchi emas, balki Afg‘onistonda tinch siyosiy jarayonni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama sa'y-harakatlarni davom ettiradi.

Shveytsariyaning Swissinfo teleradiokompaniyasi xalqaro axborot xizmati xabar berishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp konferensiyani qo‘llab-quvvatlab, uning «ma'muriyati AQShning tegishli delegatsiyasi tarkibini ko‘rib chiqmoqda», deb aytdi.

Cingapurning eng yirik gazetasi Today kuzatuvchilari Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasiga e'tibor qaratishgan. Ushbu hujjat forumning oxirida qabul qilinishi kutilmoqda. «Hujjatda qurolli muxolifatning Afg‘onistonning siyosiy hayotiga kafolatli integratsiyalashuvi va terrorizmning barcha shakllari hamda ko‘rinishlarini qoralovchi chaqiruv aks ettiriladi», - deb yozadi gazeta.

Mavzuga oid