O‘zbekiston | 09:31 / 14.03.2018
15142
3 daqiqa o‘qiladi

Endi chetga naqd valyuta olib chiqish uchun ruxsatnomani viloyat markazlarida olish mumkin

Foto: ©Yaroslav Radlovskiy

«O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan jismoniy shaxslar-rezidentlarga naqd xorijiy valyutani O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsatnomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjatga ko‘ra, jismoniy shaxslarga naqd xorijiy valyutani O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsatnomalar berish tartibi soddalashtirildi.

Nizomga kiritilgan o‘zgartirishlar ortidan o‘rnatilgan yangi tartibga muvofiq, jismoniy shaxslar — rezidentlar tomonidan 5000 AQSh dollari ekvivalenti miqdoridan oshgan naqd xorijiy valyutani O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqish uchun ruxsatnoma Markaziy bankning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Bosh boshqarmalari tomonidan beriladi.

Bunga qadar mazkur ruxsatnoma faqatgina Markaziy bank tomonidan berilar edi.

Endilikda ruxsatnoma olish uchun jismoniy shaxslar Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmasiga tegishli hujjatlarni topshiradi.

09006-1-son shakl ruxsatnoma qat'iy hisobot blanki hisoblanib Markaziy bankning tegishli hududiy Bosh boshqarmasi buyurtmasi bo‘yicha «Davlat belgisi» DIChBda tayyorlanadi va zarur himoyalash darajalariga ega bo‘ladi. Bunda har bir blank yagona seriya va tartib raqamiga ega bo‘lgan ikki nusxadan tashkil topadi.

Adliya vazirligining huquqiy axborot kanalida keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, ruxsatnoma olish uchun naqd xorijiy valyuta kelib chiqishining manbasini tasdiqlovchi hujjatlarga ham aniqlik kiritilgan, chunonchi:

  • ilgari naqd xorijiy valyuta sotib olinganligini tasdiqlovchi bank ma'lumotnomasi;
  • yoki jismoniy shaxsning bankda ochilgan hisobvaraqlariga xorijdan kelib tushgan valyuta mablag‘larini yechilganligini tasdiqlovchi bank ma'lumotnomasi;
  • yoki naqd xorijiy valyutani xorijiy davlatlardan olib kelganligini tasdiqlovchi bojxona deklaratsiyasi taqdim etiladi.

Ruxsatnomaning rasmiylashtirilishi va berilishi uchun jismoniy shaxslardan hech qanday to‘lov undirilmaydi.

Mavzuga oid