Sport | 12:40 / 15.03.2018
29696
2 daqiqa o‘qiladi

Bir yo‘la to‘rtta murabbiy O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqaradi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston milliy terma jamoasining 23 va 27 mart kunlari Senegal va Marokash terma jamoalari bilan safarda o‘rtoqlik o‘yinlariga bir yo‘la to‘rtta murabbiy bilan boradi. Bu haqda O‘FA rasmiy sayti xabar tarqatdi.

O‘rtoqlik o‘yinlarga futbolchilarni saralab olish, ularni tayyorlash va olib borish va murabbiylar shtabini shakllantirish uchun O‘zbekiston milliy terma jamoasiga Temur Kapadze vaqtinchalik bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi. Temur Kapadzeda hali murabbiylik tajribasi yo‘qligini inobatga olgan holda, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov tomonidan tuzilgan tajribali mutaxassislardan iborat murabbiylar kengashi Temur Kapadzega O‘zbekiston milliy terma jamoasini bo‘lajak o‘rtoqlik o‘yinlariga tayyorlashga yordam beradi.

Murabbiylar kengashidan «Bunyodkor» klubi ustozi Mirjalol Qosimov, «Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze va «Nasaf» jamoasi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev joy olgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasiga chaqirilgan futbolchilar avval Toshkentda yig‘inni boshlashadi, keyin esa Mirjalol Qosimov, Shota Arveladze, Ro‘ziqul Berdiyev, Temur Kapadzedan iborat murabbiylar kengashi boshchiligida Marokashga yo‘l olishadi.

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid