Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«MYu» YeChLni erta tark etgani yaxshi bo‘ldimi? «Sevilya»dan mag‘lubiyatning foydalari haqida
Avvalambor, Joze Mourino haqida. Bilasizmi, ko‘pchilik orasida u haqida biroz boshqacha, menimcha noto‘g‘ri bo‘lgan fikr yuradi. Masalan, u kubok o‘yinlari uchun yoki yakkama-yakka kurash uchun mos murabbiy – ya'ni alohida uchrashuvlar uchun jamoani yaxshi tayyorlay oladi, qiyin pallalardan chiqib ketishning uddasidan chiqadi, deyishadi. Aslida esa, butunlay teskarisi, Mourino aynan mana shunday pallalar uchun biroz ojiz murabbiy. Uning yutug‘i, sovrinlari mana shu qobiliyat yordamida kelmagan.
Ko‘rib chiqamiz. Ikki marta Yevropa Chempionlar kubogi, ha. Eslang, «Inter» ham, «Portu» ham o‘sha yili shu sovrinni yutishi shart bo‘lgan favoritlar emasdi. Har ikki holatda ham Mourino uchun final ancha oldinroq, «Barselona» va «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinlarda bo‘lib o‘tgandi. Aynan o‘sha o‘yinlarda Mourino ikkinchi jamoa maqomida bo‘lgan va hech qanday bosimsiz harakat qilib, keyingi bosqichga o‘tgan. «Monako» va «Bavariya» (o‘sha) bilan finallar esa, Joze uchun o‘tgan yilgi «Ayaks» kabi yong‘oq edi, chaqib tashlagan. Bugungi «Manchester Yunayted»ni o‘sha jamoalar bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Biri Yevropaga o‘zini ko‘rsatish ilinjida odimlayotgan yosh jamoa, ikkinchisi ko‘pgina top-klublardan quvilgan alamzada futbolchilar... Mourino uchun ayni muddao. Bugungi «MYu» esa, go‘yoki, faoliyatidagi eng zo‘r shartnomasini allaqachon tuzib bo‘lgan yulduzlar. Yo‘q, o‘xshamaydi.
«Chelsi» bilan «Atletiko» va «PSJ»dan mag‘lubiyatlarni eslasak, murabbiyning ortiqcha ehtiyotkorligi, imkoni boricha, ochiq kurashmasdan masalani hal qilishga urinishi muhim lahzalarda jamoaga pand bergandi.
«Chelsi» va «Real» bilan yutilgan chempionliklar. O‘sha chempionatlarda muvaffaqiyat kaliti nima bo‘lgandi? Irodali o‘yinmi yoki «Barselona», «Arsenal» kabi raqiblar bilan o‘zaro to‘qnashuvlarmi? Yo‘q. Joze bu chempionliklarni avvalo, barqarorlik evaziga oldi. Dastlabki 10 turdan keyin jadvalda peshqadam bo‘lib olgan «Real» va «Chelsi» og‘ishmasdan pragmatik tarzda o‘z yo‘liga davom etdi. Mourino chempionlikni o‘zaro o‘yinlarda esa, boshqa jamoalar bilan o‘yinlarda kamroq xato qilish orqali qo‘lga kiritishni tanlaydi doim. Bunday o‘yinlarda uning ehtiyotkorligi, xato qilish riskini kamaytirishga urinishi yordam beradi. Biroz orqada qolib, ta'qib qilish yoki o‘zaro o‘yinlarda masalani hal qilish lozim bo‘lganda esa, Mourino o‘zini noqulay his qila boshlaydi. Axir buning uchun pozitsion hujum qilish, g‘alabadan boshqasi qoniqtirmaydigan o‘yinlarda maydonga tushishga to‘g‘ri kelardi. «Chelsi»dagi ikkinchi kelishidagi ilk mavsumni eslang: londonliklar aslida «Siti» va «Liverpul» bilan bir xil imkoniyatda bo‘lgan, Joze esa, tinmasdan chempionlik uchun kelasi mavsumdan kurashishini aytishdan charchamagan. Yakunda, biroz ertaroq kurashdan chiqib ketgan va murabbiy buni rejali ishdek ko‘rsatishga uringandi.
Xullas, shuncha gaplarni yozishimdan maqsad shuki, Joze Mourino qo‘l ostidagi «Manchester Yunayted» baribir ham jamoani kutib turgan sinovlarga dosh berolmas edi. Chempionlar Ligasida «Real», «Bavariya» yoki «Barselona», shuningdek ingliz klublari bilan bahslarning yakunida «MYu» g‘alaba qozonish imkoniyatiga ega emasdi, ishonavering. Yuqorida gaplar bilan men «Mourino pley-offlar dahosi, har qanday vaziyatda sovrin uchun da'vogarlik qila oladi» deb o‘ylab, «Sevilya»dan mag‘lubiyatni go‘yoki potensial bir sovrin imkoniyati boy berilgani bilan izohlamaslik kerakligini aytmoqchiman. Ajdar klublar ichidan bosh sovrinni yutib olish yoki hozirgi «Manchester Siti»ni ta'qib qilib, yetvolish Mourino odatda muvaffaqiyat bilan bajaradigan ishlar emas, bo‘lmagan ham. Shu tomondan olib qaraganda, kecha hech narsa yo‘qotilmadi — u chorak finalda biror top klub bilan o‘tadigan ayanchli 180 daqiqadan qutildi xolos.
Endi vaziyatga boshqa tarafdan, jamoaning istiqboli va ruhiy holati nuqtai nazaridan baho beramiz. Kecha, 80-daqiqaga kelib, «Barselona»ni qo‘ying, hatto «Sevilya» bilan o‘yinda pozitsion ustunlikka ega bo‘la olmagan «MYu» g‘alaba golini urishini istamadim. «Sevilya» gol urganida xursand bo‘ldim ham hatto. Negaligini aytaman.
O‘tgan yildan buyon Mourino boshqarayotgan «Manchester Yunayted» kuchli klub bo‘lish yo‘lida qandaydir yo‘lga otlandi. Bir qator transferlar qilindi va o‘ylaymanki, yana bu ish yana davom ettiriladi. Jamoa Yevropa miqyosidagi musobaqalarga favorit bo‘lish uchun tayyor emasligini murabbiynig o‘zi ham aytgan, hamma biladi, to‘g‘rimi?
Xo‘sh, bunday vaziyatda, aynan «Sevilya»dan yutqazish yaxshimi? Ha! Chunki, e'tibor bergan bo‘lsangiz, hech kim ispan jamoasining «MYu» dan kuchli ekanini aytmayapti. Hech kim «MYu» shuncha pul sarflab, bir yarim yillik yo‘l oxirida «Sevilya»ni yuta olmaydigan jamoaga aylanib qolgani haqida gapirilmayapti. Nima deyilyapti, faqat murabbiyning qo‘rqoqligi, jamoaning o‘yinga tayyor bo‘lmagani, yetarlicha ishtiyoqning bo‘lmagani, haddan tashqari ehtiyotkorlik va hokazo. Ya'ni, hamma bu voqea kutilmagan hol bo‘lib, «MYu» faqat va faqat o‘ziga mag‘lub bo‘lganini qayd etyapti, tushunyapti. Barcha tanqid va bosim Mourinoning shaxsiga qaratilyapti. E'tibor bering, oldinroq «Liverpul» yoki «Chelsi» ustidan qozonilgan g‘alabalar ham yordamga kelayotganini — «Sevilya»dan mag‘lubiyat aynan «Sevilya» bilan o‘yinga bo‘lgan munosabat tufayli yuzaga keldi, hammaning fikricha. To‘g‘ri, murabbiy xato qildi, ammo bu degani jamoa u qadar kuchsiz emas, Mourino shunday xatolarni takrorlamasa, umid bor. Jamoa u qadar ilojsiz inqirozda emas, axir «Liverpul» mag‘lubiyatga uchratildi-ku, to‘g‘rimi?
Baribir yakunda g‘olib bo‘linmaydigan turnirdan mana shunday chiqib ketish «MYu» uchun ham, Mourino uchun ham ayni muddao. Yo‘q, ataylab yutqazilmadi, ammo g‘alabadan ko‘ra foydali mag‘lubiyat bu.
Tasavvur qiling, chorak finalda ispan grandlari yoki «Bavariya», balki hatto «Liverpul»ning raqib bo‘lishini. Menimcha, bu raqiblar bilan bugungi «Manchester Yunayted» juda og‘ir zarbani qabul qilishi va endi muammo yanada og‘riqli tarzda o‘rtaga chiqishi mumkin edi. «MYu» o‘ziga o‘zi mag‘lub bo‘lgani yaxshimi yoki murabbiyning juz'iy xatolari evaziga emas, chindanam kuchi yetmagani uchun kurashdan chiqib ketsami?
Lui van Gaalning Manchesterdagi faoliyatiga nuqta qo‘ygan o‘yin, menimcha, so‘nggi mavsumdagi Yevropa Ligasida «Liverpul»ga qarshi o‘yinlar edi. Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun muhim turnirda «Liverpul»dan har jabhada yengilgan van Gaal bir yarim yilda deyarli hech narsa qilmagani oshkor bo‘lib qolgandi.
Burgut ko‘zi bilan xuddi shu fikrni Mourino jamoasiga nisbatan ham qo‘llash mumkindir, lekin ikki farq bor — birinchidan «MYu» katta ehtimol bilan minimum vazifani bajaradi va kuchli to‘rtlikka kiradi. Ikkinchidan, «MYu» ko‘rsatayotgan o‘yin Joze uslubiga yaqin baribir, murabbiy shu yo‘nalishda mehnat qilganini qabul qilish mumkin. Lui esa, butunlay boshqa falsafani ilgari surgan holda, yakunda, o‘sha uslubni namoyish qila olmagandi.
Demak, agar Joze Mourinoning yana kamida bir yil Manchesterda qolishini, o‘z ishini oxirigacha yetkazishini, sarf qilingan shuncha transferlar behuda ketmasligini istasangiz, kechagi mag‘lubiyat Jozening «Yunayted»ini qutqarib qoldi, deyish mumkin. Joze o‘z jamoasi muammolarini biladi va bu yo‘nalishda yana ish qilishiga ishonchim komil. Bu muammolarning kattaroq, sharmandaliroq tarzda yuzaga chiqmasligi esa, ruhan jamoani saqlab qoladi, murabbiyning xatosi bir o‘yin emas, bir yarim yillik bo‘lgandek tasavvur paydo bo‘lishini oldini oladi.
Yo‘q, Jozening ketishini, u hech qachon jamoani odam qilmasligini targ‘ib qiladiganlar uchun ham yaxshi ish bo‘ldi — bemalol oq bayroqni olib, noroziliklarni davom ettirish mumkin. Ya'ni, har qanday «MYu» muxlisi uchun «Sevilya»dan mag‘lubiyat ayni muddao. Jamoaning YeChLda g‘olib bo‘lishi mumkinligiga ishongan uchinchi tur muxlislar uchun esa, yuqorida aytildi — ortiqcha xayollardan qutuldingiz.
Uyog‘i ma'lum. «Manchester Yunayted» kamida 2-o‘rin va Angliya kubogi yarim finalida mavsumni yakunlash uchun «Brayton», «Suonsi», Bornmut», «Vest Hem», «Uotford»larni yutish talab qilinadi xolos. Buni Mourino eplaydi. O‘tgan yildagidek uchta sovrin yutilmasa ham, ancha oldinga tashlangan qadam. Hatto, aytaylik, Angliya kubogi yutib qo‘yilsa, urdi xudo, YeChL chorak finalida chiroyliroq o‘ynab, mag‘lub bo‘lgan Yurgen Kloppni masxara qilish imkoniyati ham bo‘ladi hali Jozeda...
Hayotni go‘zal qilish uchun qayerdan qarash kerak bo‘lsa, Mourino o‘sha tarafni har doim topadi. Chidang.
Qahramon Aslanov
Mavzuga oid
12:05 / 22.05.2025
«Tottenhem» finalda «MYu»dan ustun keldi va mavsumni qutqarib qoldi
15:13 / 21.05.2025
«MYu» yoki «Tottenhem»: ikkinchi darajali yevrokubok kimga ko‘proq kerak?
18:52 / 01.05.2025
«To‘rt og‘ayni botirlar». Yevropa ligasi yarimfinallari oldidan
11:41 / 18.04.2025