Jamiyat | 15:15 / 19.03.2018
14215
4 daqiqa o‘qiladi

Aholi «Xiva - Yangiobod» yo‘nalishiga avtobus qo‘yilishini so‘ramoqda

KUN.UZ tahririyatiga Xorazm viloyati, Xiva tumani, Yangiobod shaharchasida istiqomat qiluvchi fuqarolardan murojaat tushdi.

Xatda Xiva shahri markazidan Yangiobodga (sobiq Qosmobod) qatnaydigan DAMAS rusumli marshrut taksilari yo‘lkira narxini 1000 so‘mdan 1500 so‘mga oshirgani, natijada, kam daromadli oilalar, talabalar, keksalar qiynalib qolgani, shuning uchun ham, marshrutga avtobus qo‘yilishida amaliy yordam berish so‘ralgan.

Muammoni o‘rganish uchun Yangiobod shaharchasiga bordik, mutasaddi tashkilotlarning vakillari, rahbarlari bilan suhbatlashdik.

Yangiobod shaharchasi Xiva shahri markazidan 6-7 km uzoqlikda joylashgan. Bu yo‘nalish bo‘yicha harakatlanuvchi yo‘lovchilarning oqimi juda yaxshi. Ayni paytda, 4-marshrut orqali Xiva - Yangiobod yo‘nalishi bo‘yicha juda ko‘p DAMAS rusumli marshrut taksilari harakat qilmoqda. Yo‘lkira haqi 1500 so‘m ekanligi rost.

Shaharcha aholisi bilan bo‘lgan suhbatda, haqiqatdan ham avtobusga ehtiyoj bor ekani ma'lum bo‘ldi. Xususan, fuqarolardan biri o‘z farzandlarini Xiva shahridagi rus tiliga ixtisoslashgan maktabda o‘qitayotgani, ularning qatnovi uchun marshrut taksilari 1000 so‘m olsa ham, oila byudjyetiga og‘irlik qilayotganini aytdi.

«Agar avtobus qo‘yilsa, bir oyda ancha-muncha mablag‘ni iqtisod qilardik. Bunday oilalar juda ko‘p» - dedi u.

Yo‘lkira haqining oshishidan talabalar, keksalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning boshqa vakillari ham qiynalib qolgan.

«Urganch shahriga borsak, 700 so‘m to‘lab avtobusda yuramiz. Bu yerda esa DAMASlarga 1500 so‘m to‘layapmiz, biz talabalar uchun og‘irlik qilyapti», - deydi Behzod ismli yigit.

Xiva - Yangiobod yo‘nalishiga avtobus qo‘yish masalasi bo‘yicha Daryo va transport agentligi Xorazm viloyat boshqarmasi rahbari Ro‘zmetov Ruslan bilan suhbatlashdik.

«Boshqarma ishchilar guruhi Yangiobodga borib, yo‘nalishni o‘rganib qaytishdi. Yo‘lovchi oqimi yuqori ekani aniqlandi. Yo‘l idorasi va DAN xodimlari xulosasini ham oldik. Biz bu yo‘nalishni avtobus qo‘yishga loyiq degan qarorga keldik.

Ayni paytda, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning barchasi xususiy bo‘lgan. Biz ularga «mana shu yo‘nalishga avtobus qo‘yish kerak» deb faqat tavsiya bera olamiz. Korxonalar o‘z imkoniyatidan kelib chiqqan holda bu ishni amalga oshirishadi.

Bu borada Xiva shahrida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi «Mirzabek Avto» MChJ rahbariyatiga murojaat qilganmiz. Xiva - Yangiobod yo‘nalishiga avtobuslarni qo‘yish ularning rejasiga kiritildi», - dedi Ro‘zmetov.

Bu masala yuzasidan Xiva shahridagi «Mirzabek Avto» MChJ rahbari Allaberganov Hasanboy bilan suhbatlashdik.

«Biz Xiva - Yangiobod yo‘nalishiga avtobus qo‘yish bo‘yicha tegishli tashkilotlar tavsiyasini oldik. Rejaga ko‘ra, korxonamiz aprel oyi oxiri yoki may oyi boshida 5ta avtobus oladi. Shularni Xiva - Yangiobod yo‘nalishiga qo‘yamiz» - dedi Allaberganov.

Fikrimizcha, Xiva - Yangiobod yo‘nalishiga faqat avtobus qo‘yish bilan ish bitmaydi. U yerda avtomobil qatnov yo‘llari bilan bog‘liq muammolarni ham hal qilish, xususan, yo‘llarni ta'mirlash, bundan tashqari, aholi uchun qulay bo‘lgan bekatlarni o‘rnatish va ishga tushirish masalalarini ham hal qilish zarur.

Umid qilamizki, Yangiobod shaharchasi aholisini tashvishga solayotgan bu muammo tegishli tashkilotlar tomonidan ijobiy hal qilinadi.

Mavzuga oid