Light | 20:50 / 19.03.2018
18560
5 daqiqa o‘qiladi

Navro‘z kunlari qayerlarga borish mumkin? Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tavsiya qiladi

Navro‘z bayrami arafasida qiziqarli turistik mahsulotlar va noyob turlar yaratilmoqda. Ichki turizmni rivojlantirishga yo‘naltirilgan "O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!" dasturiga muvofiq, yurtimizning qator maskanlarida bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati  hududlardagi bayram tadbirlariga doir ma'lumotlar bilan bo‘lishdi.

Sarmishsoyda "Sumalak-shou"

Navoiy yaqinida joylashgan Sarmishsoy nafaqat o‘zining go‘zal tabiati, balki noyob yodgorliklari bilan ham mashhur. Bu yerdagi qoyalarda qadimiy petrogliflarni ko‘rish mumkin, ba'zilarining yoshi 10 ming yildan oshadi.

"Sarmishsoy" dam olish zonasida qulay hordiq chiqarish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Tur narxiga qulay o‘tovlar yoki kottedjlarda yashash, nonushta, gid, ekskursiyalar, milliy estrada qo‘shiqchilarining shou-dasturi, gulxan atrofidagi oqshomlar, nomerlarni tozalash ishlari, mangallar, barbekyu va piknik uchun sharoitlar va, albatta, sumalak bilan mehmon qilish kiradi. Tabiat qo‘ynida faol dam olish, madaniy dastur va betakror taomlar ushbu sayohatga otlanishingiz uchun arziydi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Shahrisabzda Xalqaro milliy liboslar festivali

O‘zbekistonda birinchi marta 21-22 mart kunlari Shahrisabzda ushbu bahorning eng diqqatga sazovor hodisalaridan biri - Xalqaro milliy liboslar festivali o‘tkaziladi. Bu yerda milliy uslubdagi bahorgi-yozgi ayollar liboslarining eksklyuziv namunalarini ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi. O‘zbekistonning 10 dan ortiq yetakchi dizayneri va boshqa mamlakatlarning ko‘zga ko‘ringan  dizaynerlari tadbirdagi ishtiroklarini tasdiqlashdi.

Dizaynerlar milliy matolar va yangi formatdagi motivlardagi yangi kolleksiyalarini namoyish qilishadi hamda an'anaviy obrazlarni yangicha shaklda taqdim etishadi. Shuningdek festival doirasida "Shahrisabz go‘zali" tanlovi o‘tkaziladi. G‘olib tadbirning yopilish marosimida e'lon qilinadi. Folklor ansambllar va yosh ijrochilarning chiqishlari ajoyib bayram muhitini to‘ldiradi. Tadbirga kirish erkin tarzda.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Samarqandda El Merosi tarixiy kostyumlar teatri

Samarqanddagi El Merosi tarixiy kostyumlar teatri Qadimiy Sharqning betakror muhitiga sho‘ng‘ib, asrlar va avlodlar osha sayohat qilishga taklif etadi. "Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab" tomoshasi muxlislarni mintaqa hayoti, turmushi, urf-odatlari va an'analari bilan tanishtiradi. Teatr turli tarixiy davrlardagi kostyumlarni namoyish etadi.

Samarqandliklar va shahar mehmonlari har yakshanba soat 16:00da o‘lkamiz qadimiy tarixiga sayohat qilish imkoniga ega bo‘lishadi. Lazgi raqsi va o‘zbek to‘ylari ham hech kimni befarq qoldirmasligi tabiiy. Tomoshalar turistik guruhlar buyurtmasiga ko‘ra tashkillashtiriladi. Teatr tomoshasining xorijiy sayyohlar uchun narxi mehmonlar soniga bog‘liq.

Surxondaryoda Navro‘z tomoshalari

Surxondaryo viloyatida Navro‘z tantanalari birinchilar qatorida boshlandi. 15 mart kuni bu yerda viloyat hokimligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston aeronavtika federatsiyasi tashabbusi bilan Afg‘oniston va Tojikiston delegatsiyalari ishtirokidagi keng ko‘lamli bayram tantanalariga start berildi.

Aerostatlar uchirilishini kuzatish, milliy raqslar va folklor ansambllar chiqishlarini tomosha qilish, kurash va ko‘plab boshqa milliy o‘yinlarni kuzatish barchaga birdek zavq ulashishi aniq.

Bunday tadbirlar Surxondaryoda 22 martga qadar har kuni o‘tkaziladi. Shunday ekan, ajoyib festival ishtirokchisiga aylaning. Bayram kunlari ayniqsa Boysun, Sariosiyo, Uzun, Sho‘rchi, Oltinsoy kabi joylarga bosangiz, katta taassurotlar bilan qaytasiz.

Bundan avval Toshkent shahrida bayram tantanalari o‘tkaziladigan joylar haqida ma'lumot berilgan edi.

 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid