Sport | 17:00 / 23.03.2018
31552
8 daqiqa o‘qiladi

Messi Buffonga, Ronaldu Salohga qarshi. Bugun katta o‘yinlar bor

Bugun terma jamoalar o‘rtasida qiziqarli o‘rtoqlik uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. «Tribuna» bu uchrashuvlarning eng asosiylari anonsini taqdim etadi.

Chempionlar o‘yinlari
Germaniya - Ispaniya. Dyusseldorf. «Esprit arena» stadioni. Boshlanish vaqti soat 00:45

15 iyul kuni Moskvadagi «Lujnikov» o‘yingohida oxirgi ikki jahon chempionlari - Ispaniya va Germaniya o‘zaro ro‘baru kelsa, hech kim hayron qolmaydi. Gap titullarda ham emas, nemislar va ispanlar namoyish etayotgan o‘yin darajasida. Bu ikki terma jamoa ayni vaqtda Braziliya bilan bir qatorda jahonning eng kuchli terma jamoalari bo‘lib turibdi. Katta turnirlar arafasidagi strategiyaga ko‘ra, bu ikki terma jamoa ham bo‘lajak o‘yinda ehtiyotkoronalik bilan harakat qilishi ham mumkin. Germaniya termasi bosh murabbiyi bu o‘yinda Roysning sog‘lig‘ini tavakkal ostida qoldirishni istamadi. Bugun shuningdek, kichik jarohati bor Emre Janning ham maydonga tushish ehtimoli oz.

Xulen Lopetegi esa «Qizil furiya» tarkibiga chaqirilgan istalgan futbolchiga imkoniyat berishi mumkin. U «Chelsi»da o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan Moratani ham, mavsumning birinchi davrasida o‘ynamagan Diyego Kostani ham Rossiyaga olib borishi mumkin. Hozirgi yig‘inga chaqirilgan Marko Alonso va Dani Parexo ilk bor termaga jalb etilishi, Alonsoning «Chelsi»dagi o‘yinlari o‘z-o‘zidan buni talab etgan bo‘lsa, «Valensiya» sardori Buskets jarohatlangani bois termada.

Kumanning debyuti
Niderlandiya - Angliya. Amsterdam. «Yohan Kroyff arenasi» stadioni. Soat 00:45

Niderlandiya jahon va qit'a chempionatlarining doim ishtirokchisi emas, ammo bu terma jamoaga qiziqish doimo yuqori bo‘lgan. Bu safargi mundialdan ham quruq qolgan «qizil lolalar» Ronald Kuman boshqaruvida yangi davrni boshlamoqda. 

Robben milliy terma jamoa bilan xayrlashgach, Kuman katta avlod bilan xayrlashishga shoshilmayotgan bo‘lsada, Niderlandiyaga yangi yetakchi kerak. Hozircha bu vazifani van Deyk bajarib turadi, Kuman tarkibga «Feyyenoord»da ikkinchi yoshligini o‘tkazayotgan van Persini o‘ynatmoqchi, uning yonida Patrik Klyuvertning o‘g‘li Jastin ham to‘p suradi.

Angliyaliklarda esa tarkib barqarorroq. Darvozabon pozitsiyasini hisobga olmasa, Garet Sautgeyt kuchli tarkibga ega. Hozircha murabbiy Hart masalasida bir qarorga kelmadi, u «Byornli» posboni Houpga imkoniyat bermoqda. Angliya chempionatining bu mavsumida seyvlar soni bo‘yicha faqat de Xeadan ortda qolayotgan darvozabon jahon chempionatida «Uch sherlar» termasi darvozasini qo‘riqlashi mumkin. Amsterdamdagi bo‘lajak o‘yinda hujumda jarohatlangan Keyn o‘rnini Uelbek yoki Reshforddan biri egallashi masalasi ochiq qolmoqda.

Buffonning qaytishi
Argentina - Italiya. Manchester. «Etihad» stadioni. 00:45

Buffonni endi jahon chempionatlarida ko‘rmaymiz - bu nenormal hodisaga o‘xshaydi. Mundialga yo‘llanma qo‘lga kiritilmagach, bosh murabbiysiz qolgan «Skuadra adzurra»ni hozircha Luijji di Byajo boshqarib turibdi. U bugun o‘zini ko‘rsata olsa, o‘z o‘rnida qolishi mumkin. Lekin bugun raqib - Messi boshchiligidagi Argentina bo‘ladi. Ventura tufayli termadan ketgan faxriylardan biri Buffon oz vaqtga qaytishga va Kutrone hamda Keza kabi yoshlarga o‘rnak bo‘lishda davom etishga qaror qildi. Kellini jarohat tufayli o‘yinni o‘tkazib yuboradi, bu o‘yinga italyanlar termasi Astore xotirasiga bag‘ishlangan futbolkalarda chiqishadi.

Yangilangan Italiyani bugun Messining o‘zi sinovdan o‘tkazib beradi. Messining Argentinasi Messining «Barselona»si kabi yorqin o‘yin ko‘rsatmasligi mumkin, ammo Rossiya chiptasini birgina Messining o‘zi qo‘lga kiritgani yo‘q, ikki karra jahon chempionlarida nomlar ko‘p. Xorxe Sampaoli jahon chempionatidan oldin ba'zi narsalarga oydinlik kiritib olishi kerak bo‘ladi. U termaga Iguainni qaytargan, Ikardi yana chaqirilmadi. Murabbiy asosiy hujumchi vazifasini yana Agueroga topshirgan, unga hujumda Messi va Dibala hamkorlik qiladi.

Desham bolalari
Fransiya - Kolumbiya. Parij. «Stad de Frans» o‘yingohi. 01:00

Sankt-Peterburgga tashrifdan oldin uchranglilar jamoasi 2018 yilgi jahon chempionatining boshqa bir ishtirokchisi Kolumbiyaga qarshi o‘ynaydi. Desham terma jamoa guruh bosqichida Peruga qarshi o‘ynashini e'tiborga olgan holda Kolumbiya bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazmoqda. «Atletiko» jamoasi himoyachisi Lyuka Ernandez ilk marta terma jamoadan taklif oldi, «Sevilya»da yorqin o‘yinlar ko‘rsatayotgan Ben Yyedder ham ilk marta Fransiya libosida to‘p surishi mumkin bo‘ladi. Qayd etish kerakki, fransuzlarga jahon chempionatida jarohat tufayli Nabil Fekir («Lion») va Kingsli Koman («Bavariya») yordam bera olmaydi. Desham Leven Kurzava va Dmitri Payyetni tarkibga chaqirishga shoshilmayapti.

Suares va Kavani Xitoydagi turnirda
Urugvay - Chexiya. Nannin. «Guansi Sports Tsentr» stadioni. 16:35

Xitoyda xalqaro turnir bo‘lib o‘tmoqda. Bu turnirning (China Cup) ilk yarim finalida Uels Xitoyni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi (6:0). Bugun Suares va Kavani juftligi bilan Xitoyga tashrif buyurgan Urugvay Chexiya bilan kuch sinashadi.

Ronaldu Salohga qarshi
Portugaliya - Misr. Marbelya. «Estadio Munisipal». 00:00

Bugun Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya terma jamoasi APLda javlon urayotgan Muhammad Saloh jamoadoshlari  — Misrga qarshi to‘p suradi. «Liverpul»da o‘ta kuchli o‘yin ko‘rsatayotgan Saloh termada qanday o‘ynashini ko‘rib olamiz, bu o‘yin Afrikaning eng yaxshi futbolchisi va «Oltin to‘p»ning 5 karra sohibi o‘rtasidagi o‘ziga xos duelga aylanishi tayin. «Real»ga o‘tishi haqida mish-mishlar tarqalgan misrlik futbolchi bugun portugaliyalik yulduz qarshisida hayajonlanmasligi talab etiladi.

Bugun shuningdek, jahon chempionati mezboni Rossiya besh karra jahon chempionlari bo‘lmish Braziliyani qabul qiladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi Senegalga qarshi maydonga tushadi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi esa Andijonda Keniyaga qarshi maydonda saf tortadi.

Mavzuga oid