O‘zbekiston | 16:23 / 24.03.2018
12609
4 daqiqa o‘qiladi

Maktabgacha ta'limda davlat - xususiy sektor hamkorligi o‘rni milliy va xalqaro ekspertlar tomonidan muhokama etilmoqda

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YuNICeF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi «O‘zbekiston Respublikasida sifatli maktabgacha ta'limni kengaytirish uchun imkoniyat yaratishda innovatsion yondashuv» mavzusida konferensiya o‘tkazmoqda.

Davlat va xususiy sektorning 300 nafardan ziyod vakillari davlat hamda xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik orqali O‘zbekistonda maktabgacha ta'lim tizimini takomillashtirish va kengaytirish yo‘llarini muhokama qildi. O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari, Ta'lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksining rahbari Qahramon Akmalov, maktabgacha ta'lim vaziri Agrepina Shin, YuNICeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann, shuningdek turli vazirlik va idoralarning mas'ul xodimlari konferensiyada ishtirok etdi.

Konferentsiyaning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasida sifatli maktabgacha ta'limdan foydalanish imkoniyatlarini rivojlantirish va kengaytirish istiqbollarini belgilash, bolaning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ta'lim-tarbiya jarayonida innovatsion tajribalarni joriy etishga ko‘maklashishdir.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Konferentsiya ishtirokchilari davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik orqali O‘zbekistonda maktabgacha ta'lim tizimini takomillashtirish va kengaytirish usullarini, shuningdek maktabgacha ta'lim muassasalarining ta'lim faoliyatini boshqarishning zamonaviy yondashuvlarini muhokama qildilar. Ular O‘zbekistonda davlat-xususiy sektor hamkorligini amalga oshirishning tashkiliy masalalarini va mexanizmlarini ko‘rib chiqdilar va maktabgacha ta'lim muassasalarida ta'lim va rivojlanish muhitini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berdilar. Xalqaro ekspertlar ushbu sohadagi ilg‘or xalqaro tajribani taqdim etdilar.

«Ilg‘or xalqaro amaliyotlar shuni ko‘rsatadiki, kichik yoshli bolalarga sarmoya kiritish uzoq muddatli eng yaxshi sarmoyadir, biroq 3-7 yoshdagi 2,6 million bolani maktabgacha ta'lim bilan ta'minlash, ulardan 70% maktabgacha ta'lim muassasalariga bormasligini e'tiborga olgan holda, oson vazifa emas», - dedi YuNICeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann.

Maktabgacha ta'lim vazirligi bolalarning erta ta'limini ustuvor masala qilib qo‘ygani va O‘zbekistonda universal maktabgacha ta'limni ta'minlash maqsadida davlat-xususiy sektor hamkorligining innovatsion modellarini ko‘rib chiqayotgani e'tiborga loyiqdir.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Dalillar shuni ko‘rsatadiki, davlat-xususiy sektor hamkorligi maktabgacha ta'lim sohasida erishilgan yutuqlarga hissa qo‘shishi mumkin. Natijada maktabgacha ta'lim qamrovi kengayishi va uning samaradorligi oshishi, ayniqsa, e'tibordan chetda qoladigan hududlardagi bolalar ham qamrab olinishi mumkin.

Konferentsiya Hukumat va manfaatdor tomonlar o‘rtasida maktabgacha ta'lim tizimini takomillashtirishda davlat-xususiy sektor hamkorligining o‘rni va salohiyatiga oid umumiy tushuncha paydo bo‘lishiga yordam berdi. Ishtirokchilar ushbu sohadagi asosiy muammolarni ham e'tirof etdilar va maktabgacha ta'limda davlat-xususiy sektor hamkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun huquqiy va me'yoriy muhit yaratish zarurligini ta'kidladilar.

«Maktabgacha ta'lim qamrovini kengaytirish, maktab ta'limiga sifatli tayyorlash, ular uchun imkoniyatlar yaratishda innovatsion yondashuvlardan foydalanish masalalari ertangi kunni belgilaydigan masalalardir va biz ularni albatta amalga oshiramiz!» - dedi maktabgacha ta'lim vaziri Agrepina Shin.

Mavzuga oid