O‘zbekiston | 18:46 / 27.03.2018
9992
3 daqiqa o‘qiladi

Adham Ikromov: O‘zbekiston Afg‘oniston uchun muhim strategik savdo hamkoridir

Arxiv foto/ O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi

O‘zbekiston Afg‘onistonning asosiy savdo hamkorlaridan biridir. Toshkent konferensiyasi esa, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aloqalarini kuchaytirish imkonini beradi. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya doirasida bergan intervyusida shunday fikrlarni bildirdi. 

“Toshkent konferensiyasi O‘zbekiston-Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim o‘rin tutadi. Misol uchun, aytish mumkinki, birinchilardan bo‘lib Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan O‘zbekiston 2018 yilda elektr energiyasi yetkazib berishni 30 foizga oshiradi. 

Agar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning diversifikatsiyalashuviga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Afg‘onistonning strategik savdo hamkorlaridan biri sifatida turli nomdagi oziq-ovqat mahsulotlari, bug‘doy, metall, yengil va to‘qimachilik sanoati mahsulotlarini yetkazib beradi”, - dedi SSP raisi. 

Adham Ikromov, shuningdek O‘zbekistonda afg‘on biznesi ishtirokida qancha tadbirkorlik sub'yektlari faoliyat yuritishiga oydinlik kiritdi. 

“O‘zbekiston bozori afg‘onistonlik tadbirkorlar uchun ham manfaatlidir. Bugungi kunda, mamlakatimizda 110ta korxona afg‘on sarmoyasi ishtirokida faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shundan 20tasi to‘liq afg‘on kapitali hisobiga barpo etilgan. Ular O‘zbekiston hududida muvaffaqiyatli ishlamoqda”. – dedi Adham Ikromov. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev O‘zbekiston Afg‘onistonga mahsulotlar eksporti hajmini 3 mlrd AQSh dollarigacha yetkazishni maqsad qilayotgani haqida bayonot bergan edi. Uning ta'kidlashicha, bugungi kunda Afg‘onistonning import bozori 6,5 mlrd dollarni tashkil etadi. O‘zbekiston esa, istiqbolda janubiy qo‘shnisiga ushbu hajmning teng yarmini yetkazib berishi mumkin. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida o‘zaro savdo aylanmasi 617 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu 2016 yildagidan 18,7 foizga ko‘pdir. Bunda e'tiborli jihati shundaki, O‘zbekistonning Afg‘onistonga eksporti 614,9 mln dollarga teng bo‘ldi.

Vazirning qayd etishicha, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘zaro tovar aylanmasni yaqin istiqbolda 1,5 mlrd dollarga yetkazishga kelishib olgan.

Mavzuga oid