AQSh O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi
O‘zbekiston mintaqa davlatlari, xususan, Afg‘oniston bilan o‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda. Shu kunlarda poytaxtimizda «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda ishtirok etish uchun kelgan AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tomas Shennon bu haqda O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
– O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida muhim o‘rin tutadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash, o‘zaro qo‘shnilik aloqalarini mustahkamlash, chegara, suv resurslaridan oqilona foydalanish bilan bog‘liq masalalarga tezkor yechim topish borasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bugungi uchrashuvni o‘zim uchun sharaf, deb bilaman. Suhbatimiz keng qamrovli va juda mazmunli o‘tdi. Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, ushbu mamlakatning tinch rivojlanishini ta'minlashga ko‘maklashish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston rahbari bilan suhbatda shu masalada hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdik.
Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent konferensiyasida yirik davlatlar qatorida Markaziy Osiyo mamlakatlarining ham tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari ishtirok etayotgani ushbu muammoni hal etishga xalqaro miqyosda naqadar keng yondashilayotganini ko‘rsatadi.