O‘zbekiston | 08:47 / 27.03.2018
31869
7 daqiqa o‘qiladi

Tomorqa yer uchastkalari qaysi tartibda uch baravar yer solig‘iga tortiladi?

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining 18.03.2018 yildagi 205-son «Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 10.10.2017 yildagi PQ–3318-son qarori bilan tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish tartibini buzayotgan yer egalariga nisbatan qo‘llaniladigan choralar belgilangan:

• yer solig‘ining 3 barobar oshirilgan miqdori – yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalarining tomorqa qismida asossiz ravishda qishloq xo‘jaligi ekinlari ekmagan yoki uni obodonlashtirmaganda;
• yer uchastkasiga bo‘lgan huquq bekor qilinadi – dehqon xo‘jaligi yuritish uchun uy-joy qurish huquqisiz berilgan yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi ekinlari ekmaganda. 
 
Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan qarorda bunday yerlardan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida mazkur sanksiyalarni qo‘llash mexanizmlari belgilangan.
 
1-bosqich. Samarali foydalanish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish
 
Tuman hokimining qaroriga muvofiq tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish holatini o‘rganish bo‘yicha tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining raisi boshchiligida ishchi guruh tashkil etiladi. Uning tarkibiga mazkur kengash, shuningdek quyidagi tuman bo‘linmalari vakillari kiradi: qishloq xo‘jaligi bo‘limi, suv xo‘jaligi bo‘limi, yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, kasaba uyushmalari, xotin-qizlar qo‘mitasi, bandlikka ko‘maklashish markazi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengash, davlat soliq inspeksiyasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar hamda profilaktika inspektori.
 
Ishchi guruh har yili xonadonma-xonadon yuradi. Tomorqa yer uchastkalari maydonlari, tuproq-iqlim sharoiti va suv ta'minotidan kelib chiqib ekin turlari, mevali daraxtlar turi va soni, chorva mollari va parrandalar soni, shuningdek, ularning yil davomida tomorqa yer uchastkasida yetishtiriladigan mahsulot turlari va sotish hajmlari hamda issiqxona barpo etish, chorva mollari va parranda boqishga bo‘lgan xohish o‘rganib chiqiladi.
 
O‘rganish natijalari bo‘yicha ishchi guruh maxsus shaklda ma'lumotnoma to‘ldiradi, o‘rganish natijalari esa umumlashtiriladi va fuqarolar yig‘ini kesimida tayyorlangan ma'lumotlar tuman hokimiga 10 fevralgacha taqdim etiladi.
 
2-bosqich. Prognoz ko‘rsatkichlarni tasdiqlash
 
Taqdim etilgan ma'lumotlar tuman hokimi tomonidan o‘rganib chiqiladi va 15 fevralgacha tomorqa yer uchastkalari kesimida yetishtiriladigan ekin va mahsulot turlari, ularni sotish hajmlari, shuningdek, issiqxonalar barpo etish, mevali va manzarali daraxtlar ekish hamda chorva mollari va parrandalar sotib olish prognoz ko‘rsatkichlarini (keyingi o‘rinlarda prognoz ko‘rsatkichlar deb ataladi) tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
 
Mazkur qaror xalq deputatlari tuman kengashiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi (20 fevralgacha tasdiqlanadi).
 
Prognoz ko‘rsatkichlar sektor rahbarlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan dehqon xo‘jaliklari boshliqlariga va tomorqa yer egalariga ularning olganligini tasdiqlovchi imzo qo‘ydirgan holda yetkaziladi.
 
3-bosqich. Prognoz ko‘rsatkichlar bajarilishi monitoringini amalga oshirish
 
Ishchi guruh sektor rahbarlari bilan birgalikda prognoz ko‘rsatkichlar bajarilishi monitoringini amalga oshiradi. Qoida tariqasida, monitoring ishlari ekish (mart-aprel, avgust-sentabr, noyabr-dekabr oylari) va parvarishlash davri bo‘yicha belgilanadi.

Tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi har chorak yakuni bo‘yicha (keyingi oyning 15-sanasigacha) soliq imtiyozi sifatida yer solig‘i stavkasining pasaytiruvchi koeffitsiyentini (Prezidentning 29.12.2017 yildagi PQ-3454-son qarorining 28-bandi) qo‘llash bo‘yicha tuman hokimiga taklif kiritadi. Bunday takliflar ekin yerlaridan maqsadli va samarali foydalanib, tuman hokimining prognoz ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi qarorida belgilangan ekin turlarini to‘liq ekkan, agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida, sifatli bajargan, yilida kamida 2-3 marta yuqori hosil olgan hamda tomorqani obodonlashtirgan, chorva mollari va parrandalarning bosh sonini saqlagan va ko‘paytirishga erishgan tomorqa yer egasiga nisbatan kiritiladi.
 
Tuman hokimi va kengash raisi birgalikda soliq imtiyozini qo‘llash yuzasidan tuman davlat soliq inspeksiyasiga taqdimnoma kiritadi.
 
Agar monitoring natijalariga ko‘ra prognoz ko‘rsatkichlarda belgilangan ekin turlari hamda mevali va manzarali daraxtlar ekilmaganligi, chorva mollari sotib olinmaganligi, issiqxona barpo etilmaganligi, shu jumladan yer uchastkasi obodonlashtirilmaganligi aniqlansa, ishchi guruh tomonidan ogohlantirish xati joyida tayyorlanadi va uning bir nusxasi tegishli dehqon xo‘jaligi boshlig‘i yoki tomorqa yer egasiga beriladi.
 
Bunda Prezidentning 10.10.2017 yilda PQ-3318-son qarorining talablari tushuntirilib, kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir haftalik muddat belgilanadi.
 
Kamchiliklar mazkur muddat ichida bartaraf etilmagan bo‘lsa, guruh 1 kun muddatda bu haqda kengashga xabarnoma kiritadi, xabarnoma ogohlantirish xatlari bilan birga tuman hokimligiga taqdim etiladi.
 
Tuman hokimi kengash raisi bilan birgalikda har chorak bo‘yicha keyingi oyning 15-sanasigacha tomorqa yer uchastkalaridan asossiz ravishda samarasiz foydalanganlik holati yuzasidan:

a) tomorqa yer egasiga joriy yil uchun hisoblangan yer solig‘ining 3 barobari miqdorini qo‘llashni so‘rab tuman davlat soliq inspeksiyasiga taqdimnoma kiritadi. Bunda tomorqa yer egasiga nisbatan yil davomida ko‘pi bilan 1 marta taqdimnoma kiritiladi;
 
b) dehqon xo‘jaligiga nisbatan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish bo‘yicha choralar ko‘riladi.
 
Hujjat 23.03.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid