Fan-texnika | 22:45 / 27.03.2018
66346
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yig‘ilgan "KAMAZ" avtomobillari taqdimoti bo‘lib o‘tdi (fotojamlanma)

27 mart kuni "O‘zekspomarkaz"ning Milliy ko‘rgazmalar majmuasida O‘zbekistonda yig‘ilayotgan “KAMAZ” yuk avtomobillariining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati hamda Rossiyaning "KAMAZ" OAJ bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirga Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, mamlakatimiz vazirlik va idora rahbarlari, “O‘zavtosanoat” AJ hamda "UzAutoTrailer"ning ishbilarmon hamkorlari tashrif buyurishdi. Tadbirda qatnashgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi. 

"KAMAZ" avtomobillarini ishlab chiqarish Samarqand viloyatining Jomboy tumanida joylashgan "UzAutoTrailer» MChJning ishlab chiqarish maydonida boshlangan. 

Yuk mashinasi taqdimoti doirasida tashrif buyurganlar O‘zbekistonda yig‘ilayotgan "KAMAZ" avtomobillari bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. 

Taqdim etilgan modellar orasida yuk avtomobilining noyob modeli hisoblangan "KAMAZ" 5490-024-87 mavjud bo‘lib, u yuk avtomobillarning innovatsion konsepsiyalarini ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi sanalgan "Daimler AG" avtomobil konserni bilan birgalikda ishlab chiqarilgan. 

"KAMAZ"ning mazkur modeli YeVRO 5 ekologik darajasidagi "Daimler" dvigateli bilan jihozlangan, kabina dizayni, tormoz va yurish tizimi nemis avtokonserni mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

Shu bilan birga, ekspozitsiya mehmonlarini jahon yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchilar orasida o‘tkaziladigan xalqaro "Dakar" ralli-marafonining 15-karra g‘olibi, "KAMAZ-master" jamoasining afsonaviy sport yuk mashinasi qarshi oldi.

Taqdimot marosimidan oldingi matbuot anjumanida ma'lum qilinishicha, "UzAutoTrailer"  zavodida 10 dan 36 tonnagacha yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega bo‘lgan 11 turdagi "KAMAZ" yuk avtomobillari yig‘iladi. Mazkur avtomobillarga o‘rnatiladigan dvigatellarning 240 dan 401 gacha ot kuchiga ega bo‘lib, ular YeVRO 3, YeVRO 4 hamda YeVRO 5 ekologik me'yorlarga javob beradi.

100 ta "KAMAZ"dan iborat ilk partiya  "UzAutoTrailer"  zavodida joriy yilning birinchi choragida chiqarildi. 

"UzAutoTrailer"  zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati 1500 ta yuk mashinasini tashkil qiladi, keyinchalik ushbu ko‘rsatkichni 3 000 taga yetkazish ko‘zda tutilgan. 

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, "UzAutoTrailer"  zavodida ishlab chiqariladigan "KAMAZ" avtomobillari nafaqat mahalliy bozor, balki Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlariga ham yetkaziladi.

 "Biz o‘zaro hamkorlik ko‘lami kengayishiga katta ishonch bildiryapmiz, sababi bu ikki mamlakatning birlashishi, tashqi bozorlar – Yaqin va Uzoq Sharqqa raqobatbardosh mahsulot olib chiqish uchun ajoyib imkoniyatdir" - deydi "KAMAZ" OAJ bosh direktori Sergey Kogogin. 

"KAMAZ" yuk avtomobillarining bizning zavodda ishlab chiqarilishi kompaniya rivojidagi yangi bosqich, shuningdek O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi yuqori texnologik sohada hamkorlik uchun muhim qadam sanaladi, - deydi "UzAutoTrailer"  bosh direktori Alisher Xadjibayev. "KAMAZ" bilan birgalikda Respublikamizning barcha viloyatlarida zamonaviy dillerlik va servis tarmog‘ini  tashkil etish, hamda o‘zbek ishlab chiqaruvchisining mahsulotini xorijiy bozorga olib chiqish bo‘yicha alohida strategiya ishlab chiqilmoqda. Ushbu yuk avtomobillari nafaqat O‘zbekiston yo‘llarida, balki qo‘shni mamlakat yo‘llarida ham o‘zining o‘rniga ega bo‘lishiga ishonamiz".

Mavzuga oid