O‘zbekiston | 01:03 / 28.03.2018
57003
4 daqiqa o‘qiladi

"Kim yurtdan yovni quvsa, mendurman o‘shal!"

O‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalaridan biri Maqsud Shayxzoda 1908 yil 25 oktabrda Ozarboyjonning Oqdosh shahrida tavallud topgan. Shoir 1928 yilda Toshkentga kelib, umrining oxiriga qadar poytaxtda yashab, ijod qilgan. U bu shaharni ikkinchi vatani deb bilgan. Shayxzoda «O‘n she'r», «Undoshlarim», «Uchinchi kitob», «Kurash nechun», «Jang va qo‘shiq», «Kapitan Gastello», «Ko‘ngil deydiki…» kabi she'riy to‘plamlari, «Jaloliddin Manguberdi» tarixiy dramasi va boshqa qator publitsistik asarlarni yaratdi.

Maqsud Shayxzoda 1944 yilda, ayni ikkinchi jahon urushi payti, keyinchalik boshiga ko‘p g‘avg‘olar (o‘zbek xalqining “feodal o‘tmishini ideallashtirish”da ayblanib, hibsga olingan) kelishiga sababchi bo‘lgan «Jaloliddin Manguberdi» tarixiy dramasini nega yozgan edi?

Taniqli adabiyotshunos Naim Karimovning fikriga ko‘ra, urush yillarida hokimiyat vakillari yozuvchilarni o‘tmishdagi mashhur sarkardalar haqida asar yozishga da'vat etishgan. Ular bunday asarlar xalq va armiyani o‘tmishdagi jasur sarkardalardan, xalq qahramonlaridan ibrat olishga da'vat etishi, ularni bu mashhur shaxslarning vatanparvarlik fazilatlari ruhida tarbiyalashi mumkin degan qarashda bo‘lishgan. Shunday ijodiy buyurtmani olgan Shayxzoda o‘zbek xalqining jasur farzandlaridan biri Jaloliddin Manguberdi haqida sahna asari yozishga kirishgan. Respublikaning o‘sha paytlardagi  rahbari Usmon Yusupov shoirning asarini tezroq yakunlashi uchun uni yurtimizning xushmanzara maksanlaridan biri Farg‘ona viloyatiga yuboradi. “Boshqa ishlar bilan xayolingni bo‘lma. Xalq sendan Jaloliddin to‘g‘risidagi asarni intizorlik bilan kutmoqda. Vodilga borib, uni tezroq tugallab qayt!” deya rahbar shoirni ruhlantiradi. Shunday qilib, Maqsud Shayxzoda rafiqasi Sakinaxonim bilan Farg‘onaga borib, olti oy ichida tarixiy dramani yozadi.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, bunday tarixiy-qahramonlik asarlari o‘sha davr tuzumi o‘ylagandek bo‘lib chiqmadi. Bu asarlar xalqda o‘zligini anglash, millati bilan g‘ururlanish ruhini uyg‘ota boshladi. Shundan so‘ng garchi buyurtma asosida yozdirilgan bo‘lsa-da bunday asarlar mualliflarini, jumladan Maqsud Shayxzodani ham o‘tmishni ideallashtirishda ayblab qamoqqa olishdi...

...Buni qarangki, odamlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini jo‘sh urdiruvchi, qahramonlik ruhidagi bu asar bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Oradan ko‘p yillar o‘tsa ham Shayxzoda domla asarlari o‘z kuch-qudratini namoyon etib kelmoqda. Yaqinda  shoir Botir Ergashevning aynan "Jaloliddin Manguberdi" dramasidagi "Ulug‘vor niyatlarga kor qilmas ajal, Kim yurtdan yovni quvsa, mendirman o‘shal" misrasidan ilhomlanib yozgan she'ri Ozodbek Nazarbekov tomonidan maromiga yetkazib kuylanishi  va bu qo‘shiq xalqimiz ko‘nglidan chuqur o‘rin egallagani bunga yorqin misol.

Asarda sulton Jaloliddinning oxirgi so‘zi sifatida quyidagi satrlar keltiriladi:

 Bir kun paydo bo‘laman shu yurt, shu yerda,
Yurt shaydosi ko‘rinmas g‘urbatda – go‘rda.
Kim yurtdan yovni quvsa, mendurman o‘shal!
Ulug‘vor niyatlarga kor qilmas ajal

Mavzuga oid