Buxoroda XII asrga oid tarixiy obida - ko‘hna masjid qarovsizlikdan to‘kilib bormoqda
Kun.uz pochtasiga aholidan yuzlab murojaatlar kelib tushmoqda va ijodiy guruhimiz imkon qadar barchasini o‘rganib chiqish payidan bo‘lmoqda. E'tiborlisi, murojaatlar ichida shaxsiy muammolardan tashqari, yechimi jamiyatimiz uchun foydali bo‘ladiganlari ham sekin-asta ko‘payib bormoqda.
Buxoro viloyatiga ijodiy safarimiz chog‘ida bizga bu ko‘hna shahardagi «Namozgoh masjidi» tarixiy obidasining ahvoli haqida xat kelib tushdi. Yo‘l-yo‘lakay mazkur obida manziliga to‘xtab o‘tdik va guvoh bo‘lgan manzaramizdan dahshatga tushdik.
Mamalkatimizda turizmga berilayotgan katta e'tibor fonida ko‘hna shahrimizdagi asriy osori atiqalardan birining bu ahvolda qarovsiz yotganini qanday izohlash mumkin?
Dastavval, Buxoroi sharifdagi Namozgoh masjidi tarixi xaqida so‘zlasak. «Namozgoh» masjidi Buxoroning janubi-g‘arbida 1119 yili kurilgan. Namozgoh so‘zi namoz o‘qiladigan joy ma'nosini bildirib, ahlok qoidalari chegarasidagi tabarruk amaldir. Namozgoh toza joyda ibodatni ta'minlash maqsadida xona ko‘rinishida bo‘lgani kabi musulmonlarning joynamozi bo‘lishi ham mumkin. Namozgoh — namoz ibodatini odamlar to‘dasi, butun aholi va safardagi qo‘shinlar bajarishi uchun ta'minlab beruvchi joydir.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, namozgohning butun maydoni baland g‘ishtli devor bilan o‘ralgan, o‘rtasida mehrob va yonida imom va'z kiladigan minbar bo‘lgan. Binoning oldida yog‘och ustunli yengil shiypon qurilgan. Nafis naqshlar va yozuvlar xamda o‘ymakorlik bilan bezalgan mehrobning qoldiqlari hozir ham saqlanib qolgan.
Sohibqiron Amur Temur buyrug‘i bilan butun mehrob atrofidagi devor va bitilgan yozuvlar ta'mirlanib, rangdor koshinburush (terrakota) bilan qoplangan. XVI asrda Shayboniyxonlar sulolasi vakili Abdulloxon ibn Iskandar tarafidan (1551–1598) jiddiy qayta qurish amalga oshirilib, old qismida baland qubbali ayvon bilan uch oraliq peshayvon qurilgan, yoniga esa yangi minbar o‘rnatilgan. Masjid minbaridan mashhur ulamolar xutba o‘qiganlar. Shuni aytish joizki, Namozgoh masjidi shu davrning ko‘pgina mojarolarida sulh tuzish maydoni vazifasini ham bajargan.
XVII asrda masjid hashamatli ayvon ko‘rinishiga ega bo‘lgan: ta'mir davrida masjid binosiga tutashtirib 3 toqili va ustunli peshayvon qurilgan. Tarxi to‘g‘ri to‘rtburchak bo‘lib, 3 asosiy xonadan iborat. O‘rtadagi murabba' tarxli xona yassi gumbaz bilan, yonlaridagi xonalar balxi gumbaz bilan yopilgan. Biroq ulug‘vor tariximixdan so‘zlovchi bu maskan ko‘rib turganingizdek abgor va xaroba xolda.
Quyidagi surat nisbatan yaqin tariximizda — 1995 yilda tushirilganiga kishining aqli bovar qilmaydi. Masjid peshtoqidagi mayolik naqshlar o‘tgan yillar ichida ko‘chirib olingan.
Namozgoh majmuasini ko‘zdan kechirar ekanmiz uning bugungi ahvolidan ko‘nglimiz xira bo‘ldi. Asrlar bo‘yi yashab kelgan tirik tariximiz ko‘z o‘ngimizda nurab, yo‘qolib borayotganidan nihoyatda achindik.
Bunga ma'sul bo‘lgan muassasa rahbarlarining vijdoni qayerda ekan? Axir ular ayni ulug‘vor maskanlarning kelajak avlodga yetkazishda, millat tarixini asrashda javobgar ekanligini bilisharmikan? Mayli, ta'mirlashga mablag‘ yo‘q, deb javob berar. Biroq hech bo‘lmasa ichi va atrofini tozalab, kerak bo‘lsa atrofini himoya to‘siqlari bilan o‘rab, saqlab tursa bo‘ladi-ku?!
Xullas, bu manzarani nima deb baholashni ham bilmadik. Xulosamiz esa aniq: biz ajdodlarimizga hurmat bajo keltira olmas ekanmiz, dunyo hamjamiyati maydonida yurt obro‘sini ko‘tarish haqida bong urmasak ham bo‘ladi.
Xurshid Daliyev,
Kun.uz jurnalisti
Mavzuga oid
09:51 / 21.11.2024
Buxoroning ayrim hududlarida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi
20:55 / 20.11.2024
“Eski, sovuq sinfxonalarda o‘qiyapmiz” – Buxoroda qurilishi bitmagan maktab-internat o‘quvchilari sarson bo‘lyapti
18:24 / 20.11.2024
Fayzulla Xo‘jayevning jiyani professor Sulaymon Inoyatov vafot etdi
14:38 / 20.11.2024