O‘zbekiston | 01:04 / 31.03.2018
5813
2 daqiqa o‘qiladi

Adliya vaziri: «​Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»​gi qonunda javobgarlik nazarda tutilmagan»​

Foto: Amerika Ovozi

«Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga ko‘ra, fuqarolarning o‘z o‘zini boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari jamiyat manfaatlari buzilganligi faktlari aniqlangan taqdirda ushbu materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining XIV yalpi majlisida senatorlar yoqlab ovoz bergan «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga shu mazmundagi moddalar kiritilgan.

Qonunda yozilishicha, jamoatchilik nazorati sub'yektlari tadbirlari o‘tkazish yuzasidan tashabbus ko‘rsatish, shuningdek, ularda ishtirok etish huquqiga ega. Bundan tashqari, ular jamoatchilik nazoratini amalga oshirish doirasida zarur axborot olish uchun davlat organlariga so‘rovlar yuborish; jamoatchilik nazoratining natijalariga ko‘ra takliflar va tavsiyalar tayyorlashi mumkin.

Davlat organlarining qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari ustidan bo‘ysunuv qilish va jamoatchilik nazorati natijalarini ham e'lon qilish sub'yektlar huquqlari sirasiga kiradi.

Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslan Davletovning ta'kidlashicha, jamoatchilik nazorati natijasida tegishli davlat organi, tashkilot yoxud idoralarga kiritilgan taqdimnomalarga munosabat bildirmagani uchun qonunda javobgarlik belgilanmagan.

«Avvaliga jamoatchilik nazorati mexanizmi bizning jamiyatda qay darajada ishlashini kuzatamiz. Zaruriyat paydo bo‘lishi bilan qonunchilikka qo‘shimchalar kiritib, javobgarlik masalasi ham paydo bo‘ladi», deydi vazir.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid