Jamiyat | 17:20 / 01.04.2018
38755
4 daqiqa o‘qiladi

G‘ishtko‘prik chegarasida «tovar o‘tkazib beruvchilar» biznesi avj olmoqda

Joriy yil 30-31 mart kunlari O‘zbekiston Davlat xafsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan respublikada faoliyat yurituvchi OAV vakillari, blogerlardan tashkil topgan media-tur uyushtirilgani haqida avval xabar berilgan edi. Unda Kun.uz muxbiri ham ishtirok etdi. 

Biz Toshkent viloyatidagi G‘ishtko‘prik chegara o‘tkazuv maskaniga borib u yerdagi sharoitlar bilan tanishdik. O‘zbekistonda Qozog‘istonga, Qozog‘istondan biz tomonga odamlar oqimi tinmaydi. Bu quvonarli. Ammo Qozog‘istondan keluvchilarning aksari u yoqdan muzlatgichlar, televizorlar va boshqa turli xo‘jalik texnikalarini olib kirayotganini ko‘rib, dilim xira bo‘ldi, ko‘nglim g‘ash bo‘ldi. Nega deysizmi? Chunki Qozog‘istonga o‘tayotganlarning hech biri O‘zbekistondan shu kabi texnikalarni olib ketayotganiga ko‘zim tushmadi, axir.

Texnika olib o‘tilishining sababini so‘raganimizda, u yerda arzon deyishdi, aksariyat. Ammo, olib kirilayotgan texnikalar obro‘li, mijoz ishonchini qozongan firma va kompaniyalarga tegishlidir, degan gumon bilan e'tibor bersak, ular ham Xitoyda ishlab chiqilgan oddiy el tanimagan firmalar mahsuloti ekani oydinlashdi. Qolaversa, bir o‘tishda 300 dollarlik mahsulot olib kirishga ruxsat berilganidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanayotganlar ham bor ekan. 

Hatto, bir kunda 6-7 marta Qozog‘istonga borib keluvchilar ham borligi kishini o‘ylantirdi. Ularning har biri har kirib kelganida 300 dollarlik mahsulot olib kirsa, bir kunda 1800-2100 dollarni tashkil etadi. Agar ushbu pul o‘ziniki bo‘lmay, boshqa birovniki ekaniga ishongan taqdirda ham (bunday deyishga asos bor, ma'lum bir haq evaziga mahsulotni olib o‘tib beruvchilar paydo bo‘libdi) bu holatdan oddiy xalq, oyda-yilda bir bor Qozog‘istonga boruvchilar aziyat chekishi mumkinligi kishini xavotirga soladi. Axir bir vaqtlar 10 dollargacha mahsulot olib kirish mumkin edi. Davlat rahbariyati xalqqa qulaylik yaratish maqsadida dastavval bu miqdorni 1000 dollar sifatida belgiladi. Ammo vaqt o‘tib, bunday qulay imkoniyatni ayrimlar o‘zlarining shaxsiy maqsadlarini amalga oshirishda qo‘llashdi. Shu sababli 300 dollarlik mahsulotlar olib kirishga ruxsat berdi. Biroq hamon ayrim fuqarolar, hukumatning xalqni o‘ylab chiqargan qarorini suiiste'mol qilishi qanchalik to‘g‘ri va adolatli bo‘ladi? 

Caption

Ha endi, tirikchilik-da, deyish mumkin. Biroq ularning kasriga, boya aytganimdek, oddiy odamlar, qolaversa, qonuniy ishlayotgan, bojini to‘lab texnika olib kirayotgan halol tadbirkorlarimiz jabr ko‘rishsa? To‘g‘ri, inson huquqlarini chegaralab bo‘lmaydi, lekin bu suiiste'molchiliklarga yo‘l qo‘yish mumkinligini ham anglatmaydi. O‘ylaymanki, mutasaddi idoralar, 300 dollarlik mahsulot olib kirishni emas, balki bir kunda bir necha marta chegarani kesib o‘tib, o‘ziga xos biznesni yo‘lga qo‘yganlar faoliyatini qonunga qanchalik mos kelishini o‘rganib chiqishadi. 

Tolib Rahmatov 

Mavzuga oid