Biz bilmagan Tojikiston Kun.uz nigohida
Kecha Tojikiston poytaxtiga yetib kelganimizdan so‘ng, Dushanbeda tunab, shahardagi sayrimizni ertalab Sadriddin Ayniy nomidagi teatr maydonidan boshladik. Chunki o‘sha binoning yonidagi «Rohat» mehmonxonasiga qo‘ngan edik. Alohida ta'kidlash joizki, kechasi bilan Dushanbeda qattiq shamol turib, osmondan chang yog‘ilgandi, keyingi kuni, biz shaharni tark etgunga qadar ham havoning avzoyi ochilmadi.
Shunga qaramasdan erta bahor og‘ushidagi Dushanbe benazir darajada go‘zallik kasb etgan edi.
Shaharda, asosan, xorijda ishlab chiqarilgan mashinalar harakatlanadi. Barchasi «Toyota», «Mersedes», «Opel» kabi dong‘i ketgan brendlar. Onda-sonda o‘zimizga yaxshi tanish «Neksiya-1», «Matiz», «Lachetti», «Damas» va hattoki «Tiko»ni ham uchratib qolish mumkin. Ular O‘zbekistondan emas, Koreyadan olib kelingan bo‘lsa kerak.
Shaharda harakatlanuvchi lisenzion taksilarning barchasi lyuks turdagi xorijiy avtomashinalar. Hattoki politsiyachilar «Honda» jipida yurishibdi.
Shaharda jamoat transporti juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Toshkent va Samarqand bir necha yil avval voz kechib yuborgan trolleybuslar insonlar uzog‘ini yaqin qilmoqda. Trolleybuslar shaharning eng markaziy ko‘chalarida harakatlanishadi. Masalan, manavi buzilib qolgan trolleybus Tojikiston prezidenti ma'muriyati oldida to‘xtab turibdi.
Shaharda Turkiyada ishlab chiqarilgan past polli «Isuzu» avtobuslari ham harakatlanayotganiga guvoh bo‘ldik.
Dushanbe markazida yo‘llar kengaytirilmagan. Necha yillik chinorlar saqlanib qolingan. Biroq bu hech qanday avtomobillar tirbandligiyu, tiqilinchlarni yuzaga keltirmayapti. Mashinalar bir maromda harakatlanmoqda. Umuman, shaharda hozirdanoq yozning jazirama kunlari xushhavo, soya-salqin bo‘lishi bilinib turibdi.
Dushanbeda qurilish ishlari avjida. Shaharda zamonaviy va tojik milliy uslubini uyg‘unlashtirgan arxitekturadan foydalanib ko‘p qavatli turar-joy binolari va ofis idoralari qad ko‘tarmoqda.
Yo‘llar haqida ko‘p to‘xtalib o‘tish kerakmas. Shaharda o‘ydim chuqur yo‘llar u yoqda tursin, asfaltning biror qismida yamoq ham ko‘zga tashlanmaydi. Hammasi ideal, hammasi joyida — yo‘ldagi chiziqlar va yo‘l belgilarigacha. Svetoforlarni aytmaysizmi? Ularning ko‘pchiligi muqobil energiya manbai — Quyosh nuridan quvvat olib ishlaydi.
Shahardagi Ismoil Somoniy haykali poyida ziyoratchilar ko‘p. Biz ulardan ayrimlarini suhbatga tortdik. Ular Xatlon viloyatidan kelgan o‘zbek millatiga mansub maktab o‘quvchilari ekan.
Ular biz bilan suhbatda O‘zbekiston televideniyesini muntazam ko‘rishlari, shaharlardan Samarqandga borishga — Registonni ko‘rishga orzumand ekanliklarini bildirishdi. Yoshlar o‘zbek shou biznesi vakillarining deyarli barchasini tanishar ekan.
Shu yerda suratga tushirib yurgan suratkash Sher Murodov chegaralar ochilib, bordi-keldi, savdo aloqalari ko‘payganidan nihoyatda mamnun ekanligini bildirdi. O‘zbekistondan oziq-ovqat mahsulotlari kirib kelayotgani, bu esa baland narxlarning pasayishiga xizmat qilayotganini aytib o‘tdi. «Bir dona tuxum 1,20 somoniyga chiqib ketgan edi, chegaralar ochilgach, hozir 0,6–0,7 somoniygacha tushdi», deydi u. Un narxi ham arzonlab qolgan ekan.
Tojikistonda yer osti o‘tish yo‘laklari gul va sovg‘a (suvenir) sotuvchilarga ijaraga berilgan. Bizning poytaxtimiz Toshkentda ham ushbu ijobiy jihatni o‘zlashtirsa bo‘lar ekan. «Akfa» romlaridan bino qilingan mo‘'jaz do‘konlarida gul va sovg‘alar sotishni yo‘lga qo‘yishni! O‘zingiz o‘ylang: «gul yoki sovg‘a kerakmi — metroga chop», degan qoida yuzaga kelardi. Dushanbeda shunaqa ekan: «Podzemka»ga chop.
Dushanbe markazidagi «Bog‘i parcham» («Bayroq bog‘i»), Ro‘dakiy bog‘i istirohat maskanlarida yakshanba bo‘lishiga qaramasdan kunduzi deyarli hech kim yo‘q. Ayniy teatri maydoni va sanab o‘tilgan joylarga xalq kechasi sayr qilishga chiqar ekan.
Rekordchi flagshtokdagi ulkan bayroq ham negadir tushirib qo‘yilgan. Kechasi qattiq shamol turgani uchun bo‘lsa kerak.
Aviakassalarda «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning reklamasi, milliy aviakompaniyamiz uchadigan manzillar tushirilgan xaritani uchratdik. Bunday reklamalarni ko‘paytirish kerak!
Tojikistonda menga ma'qul bo‘lgan narsa har qanday bino — u do‘kon bo‘ladimi, idora bo‘ladimi, ofis bo‘ladimi, avtomobillar yuviladigan maskan bo‘ladimi — barchasining peshtoqiga davlat tili — tojikchada uning qanday joy ekani yozib qo‘yilgan. Ruscha yoki inglizcha yozuvlarni deyarli uchratmaysiz. Davlat tiliga hurmat mana shunday bo‘lishi kerak.
Dushanbe hayvonot bog‘i odamlar bilan juda gavjum. Yakshanba bo‘lgani uchun barcha o‘z farzandini olib kelgan. Biz O‘zbekistondan ekanligimizni bilishgach, ayrimlar kameraga o‘z fikrlarini bildirishdi. Boshqalar esa turli savollar bilan bizni ko‘mib tashlashdi. Ayrim yosh dushanbeliklarga «Kobalt» mashinasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi yangilik bo‘ldi.
Dushanbelik ayollar kameraga gapirishni unchalik xohlashmas ekan, buni hayo va iboga yo‘ydik. Biz bilan, asosan, erkaklar hamsuhbat bo‘lishdi. Shunchalikki, ko‘cha bo‘ylab borayotib biz s'yomka qilayotganimizni payqab, kameraga ko‘zi tushgan qizlar ham yuzlarini to‘sib olishdi.
Mashinani tayinli joyga qo‘yib, shaharni taksida aylandik. Taksi narxlari bizdagidan ancha qimmat. Ularda metan yo‘qligidan bo‘lsa kerak. «Rossiyaga borib ishlab kelib mashina oldim, endi bormayman, shu yerda ishlayman», dedi taksichilardan biri.
Tojikistonda internetga ulanish uchun sim-karta xarid qilish uchun harakatlarimiz besamar ketdi. Sim karta bizdagidek dilerlar vositasida emas, faqat pasport bilan uyali aloqa kompaniyalarining markaziy ofislarida rasmiylashtirilar ekan. Bizda ham telefon raqamini paypoqdek almashtiradigan «xirapashsha»lar va «qalloblar»ni kamaytirish uchun shunday yo‘l tutish kerakmikan?..
Ulug‘vor «Kohi navro‘z» saroyini suratga tushirib, O‘zbekistonga qaytishga chog‘landik. O‘sha-o‘sha, Dushanbedan Tursunzodagacha bizni oynadek tekis yo‘l allalagandek olib keldi.
Darvoqe, Dushanbedan chiqishimiz hamono bir marta radarga tushdim. Bularning radari qiziq ishlar ekan, xuddi Need for Speed o‘yinidagidek. Kameraning chaqmog‘i (vspyshkasi) chaqnadi. Bilmadim, endi nima bo‘ladi. Shu radardan sal o‘tib DAN xodimi meni to‘xtatdi. «Urdi xudo», deb turuvdim, yo‘q u hujjatlarni uzatsam «kerakmas» dedi va «Xush kelibsiz, mehmonlar» deb, Tojikistondan olib qaytayotgan taassurotlarimiz bilan qiziqdi va yana kelinglar, albatta, deya oq yo‘l tiladi.
Umuman, tojikistonliklarning ko‘pchiligi uyiga olib ketib, mehmon qilish taklifi bilan chiqishdi. Biz minnatdorchilik bildirib, ishimiz ko‘pligini ro‘kach qilib sekin rad qildik.
Yo‘llarda dehqonchilik avjida. Hamma joyda parniklar qilingan. Ichida ko‘katlar va sabzavotlar o‘sgan, xo‘jako‘rsinga emas, astoydil, daromad ko‘rish uchun qilingani bilinib turibdi.
Tursunzoda shahrida esa yo‘lning o‘ng tomonidan tillarga tushgan o‘sha mash'um alyuminiy zavodini ko‘rdik. Hash-pash deguncha 60 km ortda qoldi va biz O‘zbekiston chegarasiga yetib keldik.
Kechagi yozgan reportajimda «Sarazm» postidan kirishda tojikistonlik bojxonachilar avtomobil uchun to‘lov undirishmadi, degan edim. Bugun sal qolsa, shu narsaning kasriga qolib ketay dedim. «Do‘stiy» postida «to‘lov haqidagi qog‘oz qani?» deb so‘rashdi. Hech qanaqa qog‘oz berishmaganini aytsam, o‘sha qog‘ozsiz chiqib keta olmaysiz Tojikistondan, deydi bojxonachi. «Urdi xudo-2!»
Yo‘q, kattaroq rutbadagi bojxonachilardan biri kelib, bunaqalar ham kelyapti, o‘tkazib yubor dedi. Darhol odatdagidek, «rohi safed» yangradi. Tojikistonni tark etishga 10 daqiqa vaqt sarfladim.
O‘zbekiston chegarasida bo‘lib o‘tgan tekshirishni batafsil hikoya qilib o‘tirmayman, shunchaki 45 daqiqacha vaqt olganini aytaman, xolos. Tushunamiz: u yoqdan narkotik moddalar kirishi tahdidi kuchli. O‘zbekistondan Tojikistonga nimayam kirardi? Odamlar nuqul fleyka-fleyka tuxum tashib ketishmoqda.
Tanish yo‘llar va O‘zbekiston boshlandi...
Tojikistonni me'yoridan ortiq maqtab yuborgandirman. Kimningdir ensasi qotar. Men sizga Dushanbening yaxshi taraflarini boricha hikoya qilib berishga harakat qildim.
Menga yoqmagan tomonlari ham bor. Azbaroyi posangi to‘g‘ri bo‘lishi uchun ularni ham tilga olib ketmasam bo‘lmas.
Birinchisi, Imomali Rahmonning suratlari yo‘llarda haddan ziyod ko‘pligi. Dushanbedan O‘zbekiston chegarasigacha 87 dona ana shunday katta pannoni sanadim. Imomali Rahmon qo‘lini ko‘tarib turgan, u uzum uzmoqda, u (yashil) bug‘doyzor ichida, u olma terayapti, u ko‘chat o‘tkazmoqda, u sportchi yoshlar davrasida, u mehnat qahramoni bilan suhbatlashmoqda, u, u, u... Poytaxtdan chiqqandan so‘ng yo‘llarda birorta milliy brendning yoki xorijiy kompaniyaning reklamasiga ko‘zim tushmadi.
Ikkinchisi, tungi Dushanbeni yoritishda hamon ibtidoiy usullar saqlanib turibdi. Varzobdan tushib kelishda lampochkali simyog‘ochlar yo‘lning o‘rtasiga joylashtirilgan. Uning o‘rtalariga esa daraxtlar ham ekilgan. Yorug‘likni daraxtlar to‘sib qo‘ymoqda. Albatta, bu yerda motoarrani olib, «Ҷyek-Mekafonam»ni «yoqib» olib, daraxtni kesish emas, simyog‘ochni yo‘l chetiga o‘tkazish chorasini ko‘rish kerak.
Bizdagiga nisbatan zamonaviy yoritish texnologiyalari, reklama chiroqlaridan foydalanish borasida ancha ortda qolishgan. Balki bu mamlakatda sovuq fasllarda elektr energiyasi yetishmovchiligi tufayli uni iqtisod qilib ishlatish ortidan kelib chiqqan zaruriyatdir…
Nima bo‘lganda ham, Tojikistondan o‘rganishimiz kerak bo‘lmagan narsalardan ko‘ra, o‘rganadiganimiz ko‘proq ekan. Albatta, eng avvalo, tekis yo‘llarni. Biznikilar shuncha yildan beri eplay olmayotgan ekan, biz ham bu ishga eplay oladigan xorijliklarni jalb qilishimiz kerakdir? Xitoyliklar qurgan Xorazm yo‘lini hamma maqtayapti-ku?
Biz ushbu reportajda qisqacha fotosessiyalar bilan tanishtirdik. Hali montaj ishlari tugasa, mazkur safarimizning videoreportaji ham e'tiboringizga havola etiladi.
Shuhrat Shokirjonov, Ma'rufjon Asqarov.
Kun.uz jurnalistlari
Mavzuga oid
14:42
Amerikaning kruiz kompaniyasi Tramp siyosatidan qochishni istaganlar uchun dunyo bo‘ylab 4 yillik sayohat taklif qilmoqda
19:32 / 31.10.2024
Tojikiston prezidenti ijtimoiy tarmoqlardagi «layk» uchun odamlarni ta’qib qilmaslikni talab etdi
14:16 / 31.10.2024
Tojikistonda Counter Strike va GTA videoo‘yinlarini taqiqlash taklif qilindi
23:10 / 24.10.2024