Fan-texnika | 22:00 / 04.04.2018
4523
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi iPhone masofadan boshqariluvchi tizim va moslashuvchan displeyga ega bo‘lishi kutilmoqda

Foto: Reuters/Thomas Peter

Apple korporatsiyasi iPhone'ning navbatdagi versiyasini ishlab chiqish uchun yangi texnologiyalar ustida ishlamoqda. Bloomberg shu haqida xabar berdi. Yangi smartfonda moslashuvchan ekran va masofadan boshqaruv tizimi tatbiq qilinishi kutilmoqda. 

Bu izlanishlar tobora kengayib borayotgan qurilmalar bozorida Apple mahsulotlarining ajralib turishi uchun olib borilmoqda. Kompaniya turli modellar ustida  tajribalar o‘tkazdi. Shunday qilib, iPhone'ning so‘nggi modellarida  tachskringa barmoq bosimining kuchini inobatga oluvchi 3D Touch funksiyasi tatbiq qilingan. Endi esa korporatsiya aloqasiz boshqaruvni amalga oshirishni rejalashtirmoqda, unda smartfon ekrani bilan jismoniy aloqaga kirishilmaydi: foydalanuvchi muayyan masofadan turib barmoqlarini harakatga keltirsa bo‘lgani. 

Manbaga ko‘ra, texnologiya ikki yil ichida tayyor bo‘ladi. Samsung 2014 yildan buyon shunday funksiyani Air Gestures nomi ostida taklif qilmoqda, biroq Apple'da u old paneldagi qo‘shimcha sensorsiz amalga oshirilishi kerak. 

Apple shuningdek displey shakli borasida ham tajriba qilmoqda — moslashuvchan ekranli smartfonni yaratish. Ta'kidlash joizki, bundan avval Samsung, LG va Xiaomi ekran shakllari ustida tajribalar qilgan. Apple'ning  iPhone 8 va iPhone X'da OLED-texnologiyaga o‘tishi ana shunday tajribalarni amalga oshirish imkonini berdi. Bu texnologiya suyuq kristalli ekranlardan farqli o‘laroq, displeyning bukilishiga imkon beradi. Bunga qo‘shimcha ravishda Apple ekranlar uchun MicroLED nomli yangi texnologiya ustida ishlamoqda. 

Ekran ishlab chiqaruvchi shaxsiy texnologiya ishlanmasi Apple faoliyatidagi yangi bosqich bo‘ladi, zero bunga qadar kompaniya boshqa kompaniyalar ishlanmalaridan foydalangan. Masalan, Apple'ning ilk OLED-telefonlari hisoblanrgan IPhone X va iPhone 8'da Samsung texnologiyasi qo‘llangan.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid