Sport | 21:30 / 07.04.2018
24187
3 daqiqa o‘qiladi

«Lokomotiv» - «Qo‘qon-1912»: ommaviy haqoratlar, hakamga kuch ishlatish va Zidan uslubidagi kalla

Foto: lokomotiv.uz

Superliga 5-turida «Lokomotiv» o‘z maydonida «Qo‘qon-1912»ni qabul qildi.

8-daqiqada Murod Xolmuhammedov penaltini aniq amalga oshirib, mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Marat Bikmayev 17-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Bu natija o‘yin oxiriga qadar o‘zgarmadi.

Ammo, e'tiborga molik voqealar ikkinchi bo‘limda yuz berdi. O‘yin yakunlanishiga oz muddat qolganida Sardor Rashidov jarima maydoniga yorib kirdi, darvozabon O‘tkir Yusupov unga peshvoz chiqib, to‘qnashib ketdi. Natijada, bosh hakam Kovalenko qo‘qonliklar darvozasiga penalti belgiladi. Ammo, yon hakam Shoyaxmetov vaziyatga aralashib, darvozabon to‘pga o‘ynaganini, penalti yo‘qligini ta'kidladi. Natijada, Kovalenko o‘z qarorini bekor qilib, burchak zarbasi belgiladi. Bundan darg‘azab bo‘lgan temiryo‘lchilar yon hakamga tashlanib qolishdi. Sardor Mirzayev esa uni ochiqchasiga turtib yubordi. Biroq, Kovalenko bu vaziyatda hech kimni jazolamadi. Takroriy lavha namoyish etilganida, yon hakam haq ekanini bilib oldik.

Shundan so‘ng, muxlislar ommaviy tarzda hakamlar sha'niga haqoratlarni yog‘dirishdi. 

O‘yinning so‘nggi daqiqalarida «Lokomotiv» hujumchisi Nivaldo qo‘pollik qilgani uchun maydondan chetlatildi. Unga darvozabon Yusupov e'tiroz bildira boshlaganida esa yuziga kalla qo‘yib, uni yerga ag‘dardi. Futbolchilar bir amallab Nivaldoni maydon tashqarisiga kuzatib qo‘yishdi, aks holda ommaviy to‘polon boshlanib ketishi hech gap emasdi.

Eslatib o‘tamiz, «Buxoro» - «Paxtakor» (1:0) o‘yinida yuz bergan shunga o‘xshash holatlar uchun buxoroliklar 300 million so‘m, jamoa sardori Shavkat Salomov 10 million so‘m jarimaga tortilgan, o‘yin hakami To‘xtasinov esa 2 turga chetlatilgan edi.

Superliga, 5-tur
7 aprel 2018. Toshkent. «Lokomotiv» stadioni
Lokomotiv (Toshkent) – Qo‘qon-1912 - 1:1
Gollar: Marat Bikmayev (17) - Murod Xolmuhammedov (8 pen)

Hakamlar: V.Kovalenko (Toshkent), R.Shoyaxmetov (Toshkent), A.Po‘latov (Toshkent), A.Xudoyberganov (Toshkent).
Nazoratchi – A.Popov (Toshkent). Komissar – B.Mametov.
Lokomotiv: 1.Ignatiy Nesterov, 5.Kaxi Maxaradze, 6.Nivaldo, 7.Sadriddin Abdullayev (27.Sardor Rashidov, 32) (19.Husniddin G‘ofurov, 85), 10.Marat Bikmayev, 15.Sardor Mirzayev, 20.Islom To‘xtaxo‘jayev, 22.Sanjar Shoahmedov, 28.Shuhrat Muhammadiyev, 33.Oleg Zoteyev, 88.Igor Yyelich
Qo‘qon-1912: 1.O‘tkir Yusupov, 5.G‘iyos Komilov, 10.Javohir Sidiqov, 15.Oybek Rustamov (19.Suhrob Berdiyev, 55), 17.Quvondiq Ro‘ziyev, 18.Bahodir Pardayev (9.Nosirbek Otaqo‘ziyev, 66), 22.Murod Xolmuhammedov, 23.Aleksandr Merzlyakov, 55.Darko Gojkovich, 65.Marko Milich, 96.Muhammadanas Hasanov (95.Milan Spremo, 60)
Ogohlantirishlar: Quvondiq Ro‘ziyev 16, Marko Milich 25, Oleg Zoteyev 35, Muhammadanas Hasanov 35, Nosirbek Otaqo‘ziyev 66
Chetlatish: Nivaldo 90.

Mavzuga oid