Jamiyat | 18:30 / 08.04.2018
31871
5 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada dasturga tushmas yo‘l. Aholi u eshikdan bu eshikka qatnab sarson

Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumanidagi Sarmazor mahallasidan Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan arznoma mazmuni diqqatimizni tortdi. Mahalla ahli juda ahil va bir ish boshlasa hamjihatlikda amalga oshirar ekan. Lekin, hokimiyat bilan bog‘liq muammoga ularning kuchi yetmabdi.

Murojaatni o‘rganish uchun Qo‘shtepaga yo‘l oldik.

Sarmazor mahallasida istiqomat qilayotgan aholi Guliston ko‘chasining to‘rt kilometrlik yo‘li qishda botqoq, yozda chang bo‘lishidan qiynalgach, tuman hokimligi, viloyat mutasaddilariga 2012 yildan buyon muntazam ravishda ariza yozib, natija kuta boshlaydi. Biroq, Qo‘shtepa tumani hokimligidan hech qanday ijobiy harakat bo‘lmadi. Aholi o‘z kuchlariga tayanib, ko‘chaga 400 mashina shag‘al yotqizishdi. O‘tgan yili yana 60 mashina shag‘al to‘kilgach, yo‘ldan avtomobil qatnashi mumkin bo‘ldi. Hozirda, shag‘al to‘kilaverib asosiy yo‘l ichki ko‘chalardan bir muncha ko‘tarilib ham ketgan.

Yo‘lni qo‘ldan kelganicha greyder bilan tekislab, mutasaddi tashkilotlardan asfalt yotqizilishini kuta-kuta toqati toq bo‘lgan kishilar muammosini o‘rganish davomida mahallaning birdamligiga yana bir bor hayron qoldik.

Mahalla ahli tomonidan yozilgan arizada muammo shunday bayon qilingan: «Biz mahalladagi turarjoylarimizga 1990 yili ko‘chib kelganmiz. Yillar davomida gaz, suv, elektr energiyasini o‘z hisobimizdan tortdik. Aholi qatnov yo‘lini shag‘allashtirib, tekislab bo‘lgan. Tuman hokimligidan yo‘lni manzilli dasturga tushirib, asfalt qilishga yordam berishini so‘raymiz».

«O‘tgan yillar davomida muammolarni hal qilish uchun turli davlat idoralariga murojaat qildik. Respublika miqyosida qilingan arzlarimizdan so‘ng tuman yo‘l ta'mirlash idorasi xodimlari kelib «Ichki yo‘l ekan, obodonlashtirish boshqarmasi ta'mir qilishi kerak!» deb qaytib ketishdi. Keyin o‘sha obodonlashtirish boshqarmasi o‘rganib, «Avval shag‘allashtirish ro‘yxatiga qo‘shish lozim» degan javobni aytishdi. Vaholanki, achinarli holatdagi yo‘lni epaqaga keltirish uchun mahallamiz odamlari o‘z mablag‘idan 400 mashina shag‘al to‘ktirib, tekislab bo‘lgan. 1990 yili ko‘chib kelib, o‘rnashgan mahalla ahli elektr tokini o‘zi olib kelgan. Asli bu yo‘ldan odam yura olmas edi. Bizni qiynab kelayotgan muammo - yo‘l. Agar yo‘lni tuzatmasak, yana qatnov to‘xtab, transport yurmay qoladi. Tuman hokimligi muammomizga bosh qotirmagani bizni hayron qoldirmoqda», deydi mahalla faoli Nabijon ota Boboyev.

Farg‘ona viloyat avtomobil yo‘llari boshqarmasi vakili V.Haydarov, tuman avtomobil yo‘llari xodimi M.Qosimov va boshqa mutasaddilar tomonidan qo‘lda yozilgan va aholiga taqdim qilingan dalolatnomada muammo o‘rganilgani, haqiqatda aholi o‘z kuchi bilan shag‘al to‘kib tekislagan ko‘chani asfalt qilish tuman hokimligi tomonidan manzilli dasturga qo‘shilganidan so‘ng amalga oshirilishi tushuntirilgani aytiladi.

Aholi ularning «tushuntirish ishlari»ni eshitgan. Lekin, ko‘cha qachon manzilli dasturga kiritilishi noaniq.

«Qo‘shtepa tuman hokimligiga Kun.uz sayti orqali yana bir bor murojaat qilmoqchimiz. O‘tgan yillar davomida hokimlikka transformator so‘rab qilgan arizalarimiz ham ijrosiz qolib ketgan edi. Zora shu yo‘l bilan mutasaddilarimiz aholi muammolarini hal qilishga jiddiyroq kirishsa», deydi Akmaljon Abdullayev.

Sarmazor mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdulaziz Usmonovni idoradan topa olmay, telefon orqali bog‘landik. Mahalla oqsoqoli «Yo‘l bo‘yicha harakat qilyapmiz. Manzilli dasturga tushib qolar...», degan javobni berdi.   

Muammoning katta-kichigi bo‘lmaydi.

Aholi OAV orqali mamlakatimizda «Obod qishloq» loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlardan xabardor. Sarmazorliklar hududini obod qilish uchun o‘z kuchi bilan kirishayotgani ijobiy holat. Ular Qo‘shtepa tumani hokimligidan to‘rt kilometr yo‘lni sifatli qilib ta'mirlab berishni so‘rashmoqda xolos.

O‘ylaymizki, bu safar aholi murojaati besamar qolmaydi.   

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov

Элмурод Эрматов
Tayyorlagan Элмурод Эрматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid