INTeRVYu | 13:30 / 10.04.2018
51864
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilk bor organ ko‘chirib o‘tkazish operatsiyalarini boshlagan doktor bilan suhbat

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va bevosita topshirig‘i asosida mamlakatda ilk bor dunyo tibbiyotida eng murakkab va nozik amaliyotlardan hisoblangan organlar transplantatsiyasi bo‘yicha zamonaviy operatsiyalar amalga oshira boshlandi. 

O‘tgan yildan e'tiboran akademik Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinayotgan bo‘lsa, joriy yildan ushbu markazda mamlakatimiz tibbiyoti tarixida birinchi marta jigarni ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi yuqori natija bilan o‘tkazildi. 

Shuningdek, Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti olimlari jahon tibbiyotining ilg‘or yo‘nalishi — o‘zak hujayra transplantatsiyasini o‘zlashtirib, hozirda uni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ydi. 

Kuni kecha Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida Turkiyaning Bashkent tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda yangiyo‘llik 13 yoshli bemor Umidjon Abdumadjidovga 35 yoshli otasi Ilg‘or Abduqayumov donorligida buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi bajarildi.

Kun.uz Respublika sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati ko‘magida mazkur murakkab jarrohlik amaliyotini bajargan professor Mehmet Haberal bilan eksklyuziv intervyu uyushtirdi

Professor keyingi vaqtlarda turkiy xalqlar o‘rtasida yaxshi munosabatlar qaytganini mamnuniyat bilan e'tirof etgan. 

«Rahmatli Haydar Aliyevning bir gapi bor edi. «Bir millat, ikki davlat». Holbuki endi «Bir millat, yetti davlat» desa bo‘ladigan holga keldik. Chunki, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarboyjon... bari Turkiya bilan birga bir butun bo‘ldik. Bu yerga ikkinchi marta kelganimdan juda xursandman. Meni bu yerga taklif qilgan qadrli qardoshim Abduhakimga va uning do‘stlariga minnatdorchiligimni bildiraman.Turkiy uluslar ba'zan qiyinchiliklar davridan o‘tib keldi. Bugun bizning vazifamiz davlatlarimizning yanada yuksalishi uchun hissamizni qo‘shishdir», dedi u.

U keyinroq xotirjam kelib, Samarqandga, Buxoroga borish, Ibn Sino tug‘ilgan joylarni ko‘rish orzusi haqida gapirib, kelgusida o‘zbeklar bilan tarjimonsiz ham muloqot qila olishiga umid bildirgan.

Professor Jahon transplantologlari jamiyatining prezidenti sifatida bu yerdagi hamkasblarimizga ham xalqaro miqyosdagi aloqalarni o‘rnatishda yordam berishga tayyorligini bildirgan va 2022 yili Istanbulda o‘tkaziladigan Jahon transplantologlari kongressiga barcha turkiy davlatlar transplantologlari, jumladan, o‘zbekistonlik mutaxassislar taklif etilishini ma'lum qilgan. 

U shuningdek, O‘zbekiston tibbiyotida Prezident Shavkat Mirziyov boshchiligidagi islohotlarga munosabatini bildirib o‘tgan.

«Abduhakim Xojiboyev davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning transplantatsiya masalasiga katta e'tibori haqida aytdi. Bu juda ahamiyatlidir. Chunki davlat rahbarlarining sizning qilayotgan ishlaringizga ishonchi bo‘lsa, sohaning rivoji tez bo‘ladi. Bizning vazifamiz ularga yetarli ma'lumot berishdir. Men ham xuddi shunday yo‘l tutdim, Sulaymon Demirel bizning ishlarimiz rivoji uchun barchani safarbar etgandi. Muhtaram prezidentingizga ham o‘z tashakkurlarimni bildiraman, bu sohaga e'tibori uchun.

Transplantatsiya qonuni qabul qilinishi kerak sizda ham. Chunki bemor ko‘p, lekin organlar yetarli emas. Shuning uchun vafot etgan insonlarning organlaridan foydalanish uchun qonun kerak. Alloh aytadiki, bir kishini qasddan o‘ldirgan barcha insonlarni o‘ldirganday gunohga botadi, bir kishiga yaxshilik qilgan barcha insonlarga yaxshilik qilganday savob oladi. Islomda shunchalik katta yaxshilik qilishga da'vat bor. Buni aytganim, Islom dini vafot etgan kishilarning organlaridan foydalanishiga qarshi, degan noto‘g‘ri fikr shakllanmasligi kerak. Zero, Alloh Baqara surasida yana aytadiki, yaxshilik bu – yuzini g‘arbga va sharqqa burish emas, yaxshilik bu – sizning amallaringizdir. Bu borada din peshvolari, imomlar katta yordam berdilar, sizning imomlar ham bu borada sizning faoliyatingiz uchun kerakli dastakni berishadi, deb o‘ylayman. Lekin prezidentingiz o‘zi bu sohaga katta e'tibor berayotgan bo‘lsa, sizlar uchun Transplantatsiya qonuni qabul qilish masalasi yanada oson bo‘ladi», deydi u.

Ta'kidlash kerakki, Turkiya va Yevropaning bir qator davlatlarida transplantologiya yo‘nalishiga asos solgan ushbu professor buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha 1832ta, jigar ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha 344ta operatsiyaga bevosita rahbarlik qilgan. 

Umid qilamizki, mazkur hamkorlik rishtalari bundan keyin ham mustahkamlanib boradi.

Mavzuga oid