Jahon | 08:47 / 11.04.2018
11586
2 daqiqa o‘qiladi

Alp tog‘larida germaniyalik milliarder yo‘qolib qoldi

Foto: Martin Meissner / AP Photo

Alp tog‘larida Germaniyaning Tengelmann Group xoldingi rahbari Karl-Erivan Xaub yo‘qolib qoldi. Xolding OBI qurilish do‘konlari tarmog‘iga egalik qiladi. Bu haqda Spiegel nashri xabar bermoqda. 

Ta'kidlanishicha, chang‘i uchish ishqibozi bo‘lgan 58 yoshli Xaubni oxirgi marta Shveytsariya-Italiya chegarasidagi Klyayn-Matterxorn tog‘i yonbag‘rida ko‘rishgan. Milliarder 7 apreldan beri aloqaga chiqmayapti. Shu kuni uning soat 16.00da Shveytsariyaning Tsermattida uchrashuvi bo‘lgan, biroq u uchrashuvga kelmagan.

Dunyodagi eng boy oilalardan hisoblanuvchi Xaub oilasi milliarderni topish uchun ancha mablag‘ ajratgan, biroq qutqaruv operatsiyasi yomon ob-havo sharoiti va ko‘chki xavfi borligi bilan murakkablashgan. 

Tengelmann Group 30 mlrd yevrolik oborot va 215 ming xodimga ega 73 ta investitsiyaga egalik qiladi. Karl-Erivan Xaub xoldingni 2000 yildan boshqarib kelgan. 

Xaub oilasi dunyodagi eng boy oilalardan biri bo‘lib, 4,5 mlrd dollar boylikka egalik qiladi.

Mavzuga oid