Jamiyat | 22:15 / 12.04.2018
39809
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonning «sirti yaltiroq, ichi qaltiroq» maktabida

Tahririyatimizga Andijon viloyatidan murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaatni o‘rganish maqsadida Andijon tumaniga tashrif buyurdik. Murojaat tumandagi 44-maktab haqida bo‘lib, xatda aytilishicha, u yerdagi vaziyat anchayin og‘ir, xonalar sovuq, o‘quvchilarning darsga qatnashish foizi juda past, ma'muriyat esa bunga befarq bo‘lib kelmoqda.

16 mart, haftaning juma kuni. Maktabga tashrif buyurdik. Kelishimizdan qanday xabar olishgan bilmadik, lekin borishimiz bilan maktab direktori shaxsan o‘zi kutib oldi. Tashqi tarafdan hammasi risoladagidek. Gullar ekilgan, suvlar sochilgan, devorlar bo‘yalgan. Bizni qiziqtiradigan masalalar esa maktabning ichki qismida edi.

Jurnalistik surishtiruvimizni yuqori sinf xonalarini ko‘zdan kechirish bilan boshladik. 8-sinf o‘quvchilari o‘tirgan xonaga kirishimiz bilan barchasi sekin-astalik bilan oydinlasha boshladi. Jahon tarixi darsida 28 nafar o‘quvchidan 11 nafari ya'ni 40 foiz o‘quvchi darsda yo‘q. Davomat daftari mavjud emas. Fan jurnallari to‘ldirilmagan. Xonalar qish bo‘yi talabga javob bermaydigan pechkalarda isitilgan. Xonalarda isitish trubalari bor bo‘lsa-da, ishlatilmagan.

U yerdan chiqib 9-sinfga, fizika darsi o‘tilayotgan xonaga kirdik. Bu sinfda ham shu ahvol, 26 o‘quvchidan 11 nafari darsga qatnashayotgani yo‘q. O‘quvchilarning biridan daftar so‘rasam, «daftari to‘lib qolgan ekan». Boshqa birining daftarida mavzu fanning 31-paragrafida qolib ketgan. Vaholanki, biz borgan sanada o‘qituvchi tomonidan 37-paragraf o‘tilayotgan edi.

Undan keyin dars vaqtida o‘tkazilayotgan tadbirga bordik. Tadbirlar va sport mashg‘ulotlari uchun birgina zal mavjud ekan. Unda ham sharoitlar talab darajasida emasdi. Tadbirlar nega dars vaqtida o‘tkazilmoqda, davomat nega juda past degan savollarimizga maktab ma'muriyati javob bera olmadi. Maktab ma'muriyati nega davomatni nazorat qilmaydi? Ota-onalar nega farzandlarining taqdiriga befarq? Shahar, viloyat xalq ta'limi mutasaddilari qayerga qarashmoqda? Biz jar solib kelajak bugungi yoshlarimiz qo‘lida deymiz-ku, biroq kelajak avlodlarimizga qanday muomala qilsak, ertaga ulardan ham shu munosabat qaytishini nahot tushunib yetmaymiz? Savollar juda ham ko‘p. Umid qilamizki, mazkur muammolarga tegishli tashkilotlar tomonidan e'tibor qaratiladi.

Solijonov Zafarbek

Mavzuga oid