O‘zbekiston | 12:02 / 12.04.2018
14498
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat mukofotlaridan qanday hollarda mahrum etishadi?

"Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri e'lon qilindi.

Qonun bilan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslar qanday hollarda ulardan mahrum etilishi mumkin ekani belgilab qo‘yildi:

shaxs og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun hukm qilinganda — sudning taqdimnomasiga binoan; 

shaxs o‘z sha'ni va qadr-qimmatini badnom etuvchi xatti-harakat sodir etganda — taqdirlash to‘g‘risida taqdimnoma kiritish huquqiga ega bo‘lgan organ yoki tashkilotning taqdimnomasiga binoan.

Davlat mukofotlaridan mahrum etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat mukofotlaridan mahrum bo‘lganlik belgilangan imtiyozlar bekor qilinishiga sabab bo‘ladi.

Davlat mukofotidan mahrum etilgan shaxsga tegishli davlat mukofoti va unga doir guvohnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiyaga qaytarilishi lozim.
Qonunga zid ravishda hukm qilingan va to‘liq oqlangan shaxslarning davlat mukofotlariga bo‘lgan huquqlari qonun hujjatlariga muvofiq tiklanadi.

Ordenni, medalni, faxriy unvonga doir ko‘krak nishonini qonunga zid ravishda taqib yurish, sotib olish, sotish, almashish yoki o‘zga tarzda haq evaziga berish belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Tashqi ko‘rinishi davlat mukofotlariga o‘xshash bo‘lgan esdalik va ko‘krak nishonlarini, idoraviy yoki boshqa mukofotlarni ta'sis etish hamda tayyorlash taqiqlanadi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olib qo‘ygan O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari, shuningdek egasi aniqlanmagan davlat mukofotlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiyaga topshiriladi.
 

Mavzuga oid