Markaziy bank raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi. Bu 1 yil ichida bank rahbariyatidagi yettinchi o‘zgarish
Markaziy bank raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi. Telegramdagi davletovuz kanalida xabar qilinishicha, Markaziy bank Pul-kredit siyosati departamenti direktori bo‘lib ishlab kelayotgan Ilhom Norqulov rais o‘rinbosariga aylangan.
U fevral oyida Markaziy bank Raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan Alisher Valiyevich Akmalov o‘rnini egallagan. Alisher Akmalov 21 yil shu lavozimda ishlagandi.
I. I. Norqulov Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetining «Xalqaro iqtisodiy munosabatlar» fakultetida tahsil olgan. Shuningdek, Glazgo Universitetining (Buyuk Britaniya) «Iqtisodiy rivojlanish» yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani tamomlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tizimida va ishlab chiqarish sohasida ish tajribasiga ega.
Markaziy bankdagi faoliyatini 2010 yilda bosh mutaxassis lavozimidan boshlagan. 2013-2018 yillarda Markaziy bankning Monetar siyosat departamentiga rahbarlik qilgan.
Qayd etish kerakki, bu 10 kishilik bank rahbariyatida keyingi bir yil ichidagi yettinchi o‘zgarish bo‘ldi.
2017 yilning 18 aprelida «Trastbank» rahbari (2010 yildan) Sherzod Rafatovich Xadjizadayev Prezidentining tegishli farmoniga asosan Markaziy bank raisining o‘rinbosari etib tayinlangandi.
2017 yilning 23 may kuni 1991 yildan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankini boshqargan Fayzulla Maqsudjonovich Mullajonov 67 yoshida vafot etdi.
2017 yilning 6 iyunida sobiq Moliya vaziri (2000-2004) va Samarqand viloyatining sobiq hokimi (2004-2006), Markaziy bank raisi maslahatchisi (2006 yildan), Senatning Byudjyet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Mamarizo Berdimuratovich Nurmuratov Markaziy bank raisiga aylandi.
2017 yilning 7 iyunida esa Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Timur Aminjanovich Ishmetov Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosarligiga tayinlandi. Sobiq birinchi o‘rinbosar Saidkamol Xo‘jayev rais o‘rinbosari bo‘ldi. Markaziy bank raisi o‘rinbosarlari — Shohruh Shoahmedov va Sherzod Xajimuratov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan egallab turgan lavozimlaridan ozod qilindi.
2017 yilning 21 iyunida prezident farmoniga asosan «Xalq banki» raisi o‘rinbosari Shuhrat Xoldorovich Otaboyev Markaziy bank raisining o‘rinbosari etib tayinlandi.
2017 yilning avgustida Saidkamol Xo‘jayev Markaziy bank raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi «Agrobank»ka rahbar etib tayinlandi, 14 avgust kuni uning bank raisi o‘rinbosarligidagi o‘rnini shu vaqtgacha valyuta ayirboshlash va konversion operatsiyalar maxsus boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib kelgan Botir Erkinovich Zohidov egalladi.
2018 yilning 31 yanvarida esa prezident farmoni bilan shu kungacha O‘zbekiston Prezidenti Devoni ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish xizmatining bosh konsultanti sifatida faoliyat ko‘rsatgan Adham Rustamovich Islomov O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining o‘rinbosari etib tayinlandi.
Mavzuga oid
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 43 mlrd dollardan oshdi
11:23 / 01.11.2024