Jahon | 09:40 / 15.04.2018
17676
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va ittifoqchilar Xavfsizlik Kengashiga Suriya bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini kiritishdi

© RIA Novosti / Flickr

AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya BMT Xavfsizlik kengashiga Suriya Arab respublikasida kimyoviy qurol qo‘llangani bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazishni nazarda tutuvchi yangi rezolyutsiya loyihasini kiritishdi. Bu haqda Liberation xabar tarqatgan.

Qayd etilishicha, bu loyihada «gumanitar yordamlarni to‘siqlarsiz yetkazib berishni ta'minlash, shuningdek, rasmiy Damashqdan Birlashgan millatlar tashkiloti rahbarligidagi tinch muzokaralarda ishtirok etish» talablari ifodalangan.

Bundan tashqari, loyiha Suriyada kimyoviy hujum ro‘y bergani haqidagi ma'lumotlarni «mustaqil ravishda tekshirish»ni taklif etadi.

Shuningdek, ushbu hujjat 2401 raqamli rezolyutsiyaga amal qilgan holda Arab respublikasida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiradi.

Bundan avvalroq Rossiya BMT Xavfsizlik kengashiga AQSh va uning ittifoqdoshlarining Suriyaga bergan zarbasini qoralovchi va bu zarbalarni to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiya loyihasini kiritgan, ammo bu rezolyutsiya rad etilgandi. Rezolyutsiya loyihasini uchta mamlakat qo‘llab-quvvatladi: Rossiya, Boliviya va Xitoy. 8ta mamlakat, shu jumladan Suriyaga zarba bergan AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya unga qarshi ovoz berishdi. To‘rtta mamlakat, shu jumladan Qozog‘iston betaraf qolishdi.

14 aprelga o‘tar kechasi AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya Suriyadagi bir necha nishonga aviazarbalar berdi; ta'kidlashlaricha, zarbalar Suriyada kimyoviy qurol ishlab chiqarish dasturi uchun jalb etilgan obektlarga qarshi qaratilgan edi. Ushbu jangovar operatsiya Suriyaning Duma shahrida hukumat kuchlari tomonidan kimyoviy qurol vositasida hujum amalga oshirilgani, buning oqibatida 70 kishi halok bo‘lgani haqidagi xabarlarga javob bo‘ldi.

Rossiya Mudofaa vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Suriya havo hujumidan mudofaa kuchlari xalqaro koalitsiya harbiylari tomonidan otilgan 100 dan ziyod qanot raketalardan 71 tasini tutib qolishga muvaffaq bo‘lgan.

Mavzuga oid