Jamiyat | 12:45 / 17.04.2018
7175
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Suriyaga u yerda sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha dalillar yig‘uvchi guruhni yuboradi

Foto: UNICEF/Ebo

Suriyada 2011 yildan beri davom etayotgan ixtilof davomida sodir etilgan jinoyatlar haqida dalillarni yig‘ish uchun tashkil etilgan yangi idora tarkibiga 60 ga yaqin mutaxassis kiradi. Bu haqda yangi idora rahbari Katrin Marshi-Uel ma'lum qildi.

2016 yilda BMT Bosh assambleyasi Suriyada 2011 yil martidan sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlarga nisbatan tergovga ko‘mak beruvchi xolis va mustaqil mexanizmni yaratishni ma'qullagandi. 

“Jamoa tarkibiga tergovchilar va turli, jumladan kriminalistik, harbiy, siyosiy va xavfsizlik bilan bog‘liq sohalardagi tahlilchilar kiradi”, deb aytilgan mexanizmning birinchi hisobotida. Bu hisobot BMT Bosh assambleyasida 18 aprelda muhokama qilinadi.

Shuningdek, yangi idoraga jinoiy huquq, elektron ma'lumotlarni aniqlash, kiberxavfsizlik, jinsiy va gender negizda sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha mutaxassislar yollanmoqda. Keyingi yil davomida jamoa to‘liq butlanadi va 60 ga yaqin mutaxassisdan iborat bo‘ladi.  

Hujjatda aytilishicha, mexanizm oldida joriy va bo‘lg‘usi hujjatlarni isbotlarga aylantirish bo‘yicha murakkab vazifa turibdi. Bu isbotlar asosida jinoiy ishlar qo‘zg‘atiladi. Shu sababli, mutaxassislarga Suriyadagi vaziyat bo‘yicha mavjud juda katta hajmdagi materiallar, jumladan videoyozuvlar va boshqa tasvirlar bilan ishlashga to‘g‘ri keladi. 

Katrin Marshi-Uelning ta'kidlashicha, ayni vaqtda idora Suriyaga kirish imkoniyatiga ega emas. Biroq, tuzilma bu masalada Suriya hukumatiga murojaat qilishda davom etadi. Yangi idoraning ofislari Nyu-York va Jyenevada joylashgan.

“Idoraning mustaqilligiga kelsak, idora o‘z ishini bajarishda biror guruhning ko‘rsatmalariga amal qilmaydi, tashqi ishtirokchilar ta'siriga berilmaydi, boshqa tuzilmalarning xulosalariga tayanmaydi. U olingan ma'lumotlarga o‘z xolis bahosini beradi”, deb aytgan idora rahbari. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid