O‘zbekiston | 15:56 / 17.04.2018
14445
2 daqiqa o‘qiladi

Idoraviy qurol olib yurish – harbiy-texnik institut sertifikati bo‘yicha

Illyustrativ foto/miaistok.su

Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti bazasida idoraviy o‘qotar qurol va maxsus vositalarni olib yurish hamda ulardan foydalanishga ruxsat berilgan tashkilotlar xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash kurslari to‘g‘risidagi nizom (12.04.2018 yilda 2997-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) tasdiqlandi.
 
Norma’ning yozishicha, o‘qotar qurol va maxsus vositalarni (rezina tayoqlar va qo‘l kishanlari) olib yurish hamda ulardan foydalanishga ruxsat berilgan lavozimlarga yangidan qabul qilingan xodimlar tayyorlash kurslariga yuboriladi. Kurslarning davomiyligi 2,5 haftani (90 soatni) tashkil etadi.
 
Quyidagi xodimlar qayta tayyorlash kurslariga (2 hafta yoki 72 soat) yuboriladi:

• tayyorgarlikdan yoki qayta tayyorgarlikdan (5 yil) o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikatning amal qilish muddati tugayotganda;
• xodimning lavozim majburiyatlari o‘zgarganda (oddiy xodimlar tarkibidagi lavozimdan kichik va o‘rta boshliqlar tarkibidagi lavozimga yoxud kichik va o‘rta boshliqlar tarkibidagi lavozimdan katta boshliqlar tarkibidagi lavozimga o‘tkazilganda).
 
O‘qish tugagandan so‘ng maxsus, jismoniy va o‘q otish tayyorgarligi bo‘yicha imtihon o‘tkaziladi. Uni kamida 5 kishidan iborat tarkibdagi komissiya qabul qiladi. 100 balldan kamida 70 ball to‘plash zarur. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlarga sertifikat (qat'iy hisobda turadigan blanka) beriladi. O‘ta olmaganlarga (5 kun ichida qayta topshirish imkoni bor) – kurslarni tamomlaganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma beriladi.
 
O‘qish pullik bo‘lib, Harbiy-texnik institut bilan tuzilgan shartnoma asosida yuboruvchi tashkilot xarajatlarni o‘z zimmasiga oladi. O‘qish davrida xodimning egallab turgan lavozimi va o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.
 
Hujjat 13.04.2018 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid