Jamiyat | 01:41 / 20.04.2018
14539
4 daqiqa o‘qiladi

Giyohvandlik vositalari bilan qo‘lga olingan shaxslar jazosini oldi

Foto: KUN.UZ

Bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudida sudya K.Amataxunov boshchiligida sudlanuvchilar A.Mutalov va R.Fayziyevlarga nisbatan jinoyat ishi ko‘rildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, A.Mutalov 1998 yil 29 aprelda Jinoyat kodeksining 276 modda 1 qismi, ya'ni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, egallash, tashish yoki jo‘natish bilan sudlanib, 6 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan. 2000 yil 14 iyulida 168 modda 3 qismi «b» bandi, ya'ni firibgarlik jinoyati bilan sudlanib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 2001 yil amnistiya akti qo‘llanilib, jazodan ozod qilingan.

Ikkinchi sudlanuvchi bo‘lmish R.Fayziyev muqaddam 5 marta turli xil (farzandlikka olish sirini oshkor qilish, 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, o‘g‘rilik, bezorilik) jinoyatlarni sodir etib, muqaddam sudlangan, ozodlikdan mahrum qilingan.

Sudlanuvchi A.Mutalov 2018 yil 2 yanvar kuni soat 10 larda O‘zbekiston Respublikasi IIV hamda Yakkasaroy IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida «Eski Juva» dehqon bozorining atrofida aylanib yurgan paytida giyohvandlik moddalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishda gumonlanib to‘xtatiladi. Xolislar ishtirokida tintuv qilinadi. Yonidan 5 dona paketga o‘ralgan «Gashish» borligini tan oladi. Bayonnoma asosida undan giyohvandlik vositalari olinadi. Tezkor surishtiruv natijasida giyohvand moddalar sudlanuvchi R.Fayziyevdan sovg‘a tariqasida olinganligi aniqlanadi. Xolislar ishtirokida uning uyi ham tintuvdan o‘tkaziladi. «Kanabis moyi» deb nomlangan giyohvand modda topilgach, bayonnoma tuzilib olib qo‘yiladi.

Sud barcha (yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi)holatlarni hisobga olib, A.Mutalovni Jinoyat kodeksining 276 moddasi 2 qismi «a» bandi (ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, egallash, tashish yoki jo‘natish) bilan aybdor deb topildi. U qilmishi uchun uch yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Jazoni o‘tash davrida surunkali ichkilikbozlik va giyohvandlikdan majburiy tartibda davolanish chorasi qo‘llaniladigan bo‘ldi.

R.Fayziyev esa Jinoyat kodeksining 273 moddasi 5 qismi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan aybdor deb topildi. Unga nisbatan 10 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni o‘tash davrida surunkali ichkilikbozlik va giyohvandlikdan majburiy tartibda davolanish chorasi qo‘llaniladigan bo‘ldi.

Sudlanuvchilardan olingan giyohvand moddalar yo‘q qilinishi ko‘rsatib o‘tildi.
Hukmdan norozi taraflarga hukm e'lon qilingandan so‘ng 10 kun ichida appelyatsiya, 10 kundan keyin esa kassatsiya tartibida protest yoki shikoyat keltirishlari mumkinligi ko‘rsatilib o‘tildi.

 

Mavzuga oid