INTeRVYu | 02:13 / 20.04.2018
12741
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga 11 yil deganda ilk tashrif: Koreya TIV vaziri taassurotlari haqida gapirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugungi kunga kelib O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga chiqmoqda. 18 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Xva xonimni qabul qildi. Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari hamda xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Prezidentning Facebook'dagi sahifasida Kan Gyon Xva xonim bilan uchrashuv yakunlariga ko‘ra o‘tkazilgan qiziqarli suhbat videosi taqdim etildi.

- Ayni damdagi O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini qanday baholaysiz?

- O‘zbekiston va Koreya Respublikasi strategik hamkor hisoblanadi. O‘tgan yilning noyabrida prezident Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga tashrifi ikki mamlakat munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Koreya Respublikasi prezidenti janob Mun Chjye In va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti janob Mirziyoyev davlatni boshqarishda hamfikr bo‘lib, umumiy falsafaga egadir, shuningdek, ular tashqi siyosatni yuritishda ham bir yo‘nalishda harakatlanishadi. Ikki mamlakat rahbarlari uchrashuvida tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda uch asosiy kelishuvga erishishdi. Bular:

1. Ikki tomonlama munosabatlarni optimallashtirish va kengaytirish;

2. Ikki tomonlama munosabatlar rivoji uchun xizmat qiluvchi normativ-huquqiy bazani mustahkamlash;

3. Amaliy hamkorlik diversifikatsiyasi.

Bu kelishuvlarga rioya qilgan holda, joriy yilning fevralida Koreya Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari va rejalashtirish vaziri Kim Don Yon tashrif buyurdi. O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri ishtirokida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Mart oyida Kadrlarni boshqarish vaziri janob Kim Pan So O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif davomida tomonlar o‘zaro fikr almashishdi va davlat boshqaruv tizimidagi kadrlar faoliyatini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi. Bugun men O‘zbekistonda tashrif bilan bo‘lib turibman va menga ma'lum qilishlaricha, bu Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirining O‘zbekistonga so‘nggi 11 yildagi ilk tashrif ekan.

Foto: O‘zbekiston24

-Tashrifingiz maqsadlari haqida kengroq ma'lumot bersangiz. Sizning uchrashuvingizda strategik hamkorlikning qanday ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi?

- Janob Mirziyoyev ikki tomonlama hamkorlik rivojiga katta e'tibor qaratmoqda, bizning uchrashuvimiz juda iliq muhitda o‘tdi. Ikki tomonlama hamkorlik ko‘p qirrali va ko‘p rejali xarakterga ega. Bunga misol sifatida Buxoro viloyatidagi Qandimdagi gazni qayta ishlash zavodi ochilishini keltirishim mumkin. Bu zavod qurilishida bosh pudratchi sifatida Koreya kompaniyasi ishtirok etgan. Janob prezidentning ushbu zavod ochilishida shaxsan qatnashishi uning O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti, sanoati rivojlanishida Koreya biznesining ishtirokiga naqadar katta e'tibor qaratayotganidan dalolat beradi. Fikrimcha, biz nafaqat gaz, kimyo, energetika sohalarida hamkorlik qilamiz, balki ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qatorida agrar sektori va tibbiyot, sog‘liqni saqlash sohasi ham bor. Bugungi kunda O‘zbekistonda aholining turmush tarzini yaxshilashga doir qator islohotlar olib borilayotganidan xabardormiz. Shu munosabat bilan biz O‘zbekistonga zamonaviy tibbiyot tizimini yo‘lga qo‘yish uchun zarur asos va texnologiyalar borasida ko‘mak beramiz.

O‘z tashrifim davomida mamlakatlarimiz ham ichki, ham tashqi siyosat bo‘yicha yagona kurs bo‘ylab harakatlanishiga yana bir bor ishonch hosil qildim. Biz bir tomonga qaraymiz va kelajakka ishonch bilan boqamiz. Bundan tashqari, bizning mamlakatlarimiz har biri o‘z mintaqasida tinchlik-barqarorlik qaror topishiga katta e'tibor qaratadi va biz bu borada ishonchli hamkorlarmiz.

- O‘zbekistondagi koreys diasporasi turli sohalarda ishlab, O‘zbekistonning rivojiga o‘z hissalarini qo‘shib kelishmoqda. Ularning aksariyati davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Sizningcha, bu mamlakatlarning yanada yaqinlashuvida qanday rol o‘ynaydi?

- O‘zbekistondagi koreys diasporasi yetakchilari bilan uchrashish men uchun katta sharaf  va faxr bo‘ldi. Zero men ularda o‘zlarini namoyon qila olgan, O‘zbekistonni ardoqlaydigan va mamlakatning munosib farzandlari bo‘la olgan shaxslarni ko‘rdim. Ularda minnatdorlik hissini tuydim. Fursatdan foydalanib o‘zbek xalqi, o‘zbek hukumatini O‘zbekistondagi koreyslarga qaratilayotgan e'tibor va qo‘llab-quvvatlash, ularning shaxs sifatida rivojlanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorchilik bildiraman. Ikki tomonlama munosabatlarga kelsak, O‘zbekistonda yashayotgan koreys diasporasi biz uchun eng katta va qimmatbaho aktivdir. Mun Chjye In ma'muriyatining tashqi siyosati savdo-iqtisodiy, xavfsizlik sohalari rivojini qo‘llab-quvvatlaydi, biroq ma'muriyat tashqi siyosatining eng asosiy yo‘nalishi - xalq va hamkor mamlakatlar xalqi bilan kelishuv va konsensunsga erishish. O‘zbekistonda yashayotgan koreyslar O‘zbekistonning munosib farzandlaridir, shu bilan birga, ular koreys madaniyati, an'analari va tarixi vakillari hamdir. Shu bois ikki tomonlama munosabatlarning rivojida koreys diasporasi katta rol o‘ynaydi va ulkan aktiv hisoblanadi.

O‘zbekistonda yashovchi koreys diasporasi vakillaridan biri menga 33 million o‘zbek Koreya Respublikasi prezidentining katta muxlisi ekanini aytdi. Bunga javoban men Koreya Respublikasida yashovchi 50 million koreys janob Mirziyoyev boshchiligidagi O‘zbekistonning muxlisi ekanini aytdim.

Bundan tashqari, Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Koreya yarim orolidagi vaziyat bo‘yicha o‘z munosabatini bayon qildi va bunda O‘zbekistonning qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirdi.

- Kelgusi haftada Janubiy va Shimoliy Koreya yetakchilari uchrashishadi. Barchaga yaxshi ma'lumki, so‘nggi yillarda ikki Koreya o‘rtasida hech qanday muloqotlar va uchrashuvlar bo‘lmagan. Biroq bugunga kelib, ikki Koreya vakillari uchrashib, barcha yig‘ilib qolgan muammolarni muhokama qilishga qaror qilishdi. Hozirda ham Janubiy, ham Shimoliy Koreyada bu sammitga keng tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Undan keyin KXDR va AQSh yetakchilarining tarixiy uchrashuvi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu sa'y-harakatlarning bari Shimoliy Koreya yadroviy muammosini hal qilishga qaratilgan va bunda muammoni hal qilishning diplomatik, tinch yo‘li qo‘llanmoqda. Shuningdek, bizning sa'y-harakatlarimizning asosiy maqsadi - Koreya yarim orolida mangu tinchlik o‘rnatish. Bugungi kunda Koreya yarim orolida ro‘y berayotgan voqealarda O‘zbekiston avvalgidek bizni qo‘llab-quvatlashiga umid qilamiz.

- Sizga qadar Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri lavozimida ayol kishi ishlamagan. Bu qanchalik qiyin va siz oilangizga vaqt ajrata olayapsizmi?

- Siz haqsiz, men Janubiy Koreyaning 48-tashqi ishlar vaziriman va bu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan birinchi ayolman. Fikrimcha, men bugun Mun Chjye Inning qat'iy siyosiy irodasi tufayli shu lavozimda faoliyat yuritib kelmoqdaman. Prezident o‘zining saylov oldi va'dasida turdi. U Vazirlar Mahkamasi tarkibida ayollar sonini 30 foizgacha oshirishga va'da bergandi va bugunga kelib shu ko‘rsatkichga erishildi. Shunday bo‘lsa-da, bizning jamiyatimiz ishlovchi ayollarga u qadar ijobiy munosabatda emas, hozircha Koreyada korporativ madaniyat saqlanib kelmoqda va boshqaruv organlaridagi madaniyat ko‘proq erkaklarga mo‘ljallangan. Men ayol vazir sifatida ayollarning ham oila, ham ishni baravar olib borishlari va oila ayolning karerada o‘sishiga ta'sir qilmasligiga imkon qadar ko‘maklashaman.

Mavzuga oid