Sport | 09:22 / 21.04.2018
5833
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiya chempionati: Yevrokuboklarda kimlar qatnashadi? So‘nggi turlardagi intrigalar haqida

Rossiya chempionati tugashiga 4 tur qoldi. Hafta o‘rtasidagi o‘yinlar, ayniqsa, Rossiya kubogi yarim finallaridan biri yevrokuboklardagi jamoalar o‘rnini belgilab berdi. Qo‘yida, ushbu chempionatdagi mana shu masaladagi asosiy intrigalar haqida ma'lumot beriladi.

Yevrokuboklarda kim qatnashadi?

Avvalo aytish kerakki, Rossiya Premer Ligasi Yevropa reytingida 6-o‘rinda bormoqda va yangi mavsumda YeChL da uch, Yevropa Ligasida uch jamoa bilan qatnasha oladi. Olti jamoadan beshtasi ma'lum: "Lokomotiv", "Spartak", TsSKA, "Zenit" va "Krasnodar" jamoalari kuchli beshlikdagi o‘rinlarini naqd qilib ulgurishgan.

Agar "Spartak" Rossiya kubogida g‘alaba qozonganida, Yevropa Ligasidagi bir o‘rin ligada 6-o‘rinni olgan jamoaga tegar edi. Ammo bunday bo‘lmadi va endi Rossiya kubogi finalida "Tosno" va "Avangard" jamoalari kuch sinashadilar. Demak, bu jamoalardan biri kubok g‘olibi sifatida Yevropa Ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

O‘z o‘zidan, oltinchi o‘rin uchun kurashayotgan "Arsenal" va "Ufa" jamoalari yevrokuboklarda ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘lib ulgurishdi. Hozirda ular 5-o‘rindagi "Krasnodar"dan 12 ochko orqada borishmoqda. Agar keyingi turlarda "Krasnodar" faqat mag‘lubiyatga uchrab, bu jamoalar yuz foizlik natija qayd etgan taqdirda ham, ochkolar soni teng bo‘lib qoladi. Chempionat reglamentiga ko‘ra, bunday holatlarda eng birinchi bo‘lib, o‘zaro o‘yinlarga qaraladi. "Arsenal" va "Krasnodar" o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlarda krasnodarliklarning ustunligi bor."Ufa" esa, bu borada tenglik qayd etgan bo‘lsa-da, keyingi ko‘rsatkich, g‘alabalar soni bo‘yicha ancha orqada - 9 ga 14.

Chempionlik uchun  "Lokomotiv" yana qancha ochko olishi kerak?

Peshqadam keyingi turlarda, 4 o‘yinda 6 ochko jamg‘arsa, rasman chempionga aylanadi. Ya'ni ikki o‘yinni yutib, ikkitasida mag‘lubiyatga uchrasa ham hech kim ularga yetib ololmaydi. Faqat ochkolar soni bo‘yicha "Spartak" tenglashishi mumkin, ammo bu yerda ham o‘zaro o‘yinlar "temiryo‘lchilar" joniga oro kiradi. Birinchi davradagi o‘yinda "Lokomotiv" 4:3 hisobida g‘alaba qozongan, ikkinchi o‘yinda esa durang qayd etildi.

"Lokomotiv"ning keyingi o‘yinlari u qadar oson emasligini ham ta'kidlash kerak. Barcha raqiblar yuqorida tilga olingan kuchli oltilikka yaqin yo uning ichidagi jamoalar. Avvaliga, "Lokomotiv" o‘z uyida "Ufa"ni qabul qiladi. Keyin esa Krasnodarga safar qiladi. Undan keyingi uchrashuv yana Moskvada "Zenit" ga qarshi kecha, so‘nggi turda "Lokomotiv" "Arsenal" mehmoni bo‘ladi. 

Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarning farqi bormi?

Yangi mavsumda yuqorida aytilganidek, ikkinchi va uchinchi o‘rindagi jamoalar ham YeChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritadilar. Ammo farq katta. Ikkinchi o‘rinni olgan jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri guruh bosqichiga yo‘l olsa, 3-o‘rindagi jamoa YeChL saralashining so‘nggi ikki bosqichida o‘ynashi kerak.

Shu o‘rinda, balki bu safargi saralashlar o‘tgan safargilardan biroz yengilroq bo‘lishini ta'kidlash kerak. Sababi, yangi qoidaga ko‘ra, endi kuchli to‘rtlikdagi liga vakillaridan to‘rt jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri guruh bosqichiga o‘tadi. Avvalgi yillar kabi, 4-o‘rindagi klublar saralashda qatnashmaydi. Ya'ni Ispaniya, Angliya, Germaniya va Italiya klublari saralash bahslarida rus jamoalariga raqib bo‘lmaydilar. 

Umuman saralashda kuchliroq raqibga ro‘baru bo‘lish ehtimol "Spartak" (85-o‘rin) va "Krasnodar" (60-o‘rin) jamoalarida kattaroq. "Zenit" esa UYeFA reytingida 17-o‘rinda borayotganini e'tiborga olsak, kvalifikatsiya bosqichi piterliklar uchun yengilroq o‘tishi mumkin.

Uch jamoada ochkolar teng bo‘lib qolsa, nima bo‘ladi?

O‘zaro o‘yinlar o‘tib bo‘lganini e'tiborga olib, "Spartak", "Krasnodar" va "Zenit"ni solishtirib ko‘rish mumkin.

1. "Spartak" ikki marta "Krasnodar"ni yengdi

2. "Zenit" o‘z uyida "Krasnodar"ga 1:2 yutqazgan, ammo safarda 2:0 yutgan

3. "Spartak" "Zenit"ni o‘z maydonida 3:1 yutib, safarda 1:5 yutqazgan.
 

Anglash osonki, ochkolar teng bo‘lib qolgan holatda, "Spartak" 9 ochko bilan jadvalda yuqorida joylashadi. "Zenit" keyingi o‘rinda, atigi 3 ochko olgan "Krasnodar" esa keyingi o‘rinni band etadi.

"Lokomotiv" hali barcha ta'qibchilari bilan o‘ynab ulgurmadi, lekin har biri bilan hozircha ustunlikka ega. TsSKA o‘zaro o‘yinlarga ko‘ra, "Lokomotiv" va "Spartak"dan orqada, ammo narigi ikki jamoa bilan keyingi turlarda o‘ynaydi. 22 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan TsSKA - "Krasnodar" va 29 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan "Zenit" - TsSKA o‘yini yuqori o‘rinlarga juda katta ta'sir ko‘rsatadi. Shuningdek, yetakchi klublarning "Lokomotiv"ga qarshi o‘yinlarini unutmaslik kerak. To‘g‘ri, agar "Lokomotiv" keyingi ikki turda barcha masalani hal qilib, uchinchi chempionligiga erishsa, "Zenit"ga qarshi o‘yin ular uchun hech narsani hal qilmasligi mumkin.

Qo‘yida kuchli beshlikdagi, ya'ni YeChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyati bo‘lgan klublarning so‘nggi turlardagi taqvimi bilan tanishtiramiz:

"Spartak" (50 ochko): "Axmat" (uyda), "Amkar" (safarda), "Rostov" (uyda), "Dinamo" (safarda)

TsSKA (48 ochko): "Krasnodar" (uyda), "Zenit" (safarda), "Arsenal" (uyda), "Anji" (uyda)

"Zenit" (48 ochko): "Arsenal" (safarda), TsSKA (uyda), "Lokomotiv" (safarda), "SKA Xabarovsk" (uyda)

"Krasnodar" (47 ochko): TsSKA (safarda), "Lokomotiv" (uyda), "SKA Xabarovsk" (safarda), "Rubin" (uyda)

shampionat.com

Қаҳрамон Асланов
Tayyorlagan Қаҳрамон Асланов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid