Jahon | 17:56 / 21.04.2018
36697
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi muhojirlar ish uchun nimalarga tayyor? 

Foto: TASS/Sergey Karpov

Rossiya Dumasi a'zosi mamlakatga mehnat maqsadida kirib keluvchi xorijiy davlat, aynan sobiq Ittifoq fuqarolari sug‘urta polisi sotib olishi zarurligini ta'kidlamoqda. Parlamentariyning ta'kidlashicha, polis tibbiy xizmat va migrant farzandlarning tahsil olishi uchun sarflanadigan mablag‘larni qoplashga yo‘naltiriladi. Shuningdek, vatanga deportatsiya qilish chiqimi ham ushbu sug‘urta hisobiga kiritilishi mumkin.

Deputat Vitaliy Milonov so‘zlariga ko‘ra, bu vaziyatda migrantlardan olinadigan majburiy tibbiy sug‘urta polisi bekor qilinmaydi: chet eldan kirib keluvchi ajnabiy shaxs har ikki hujjatni rasmiylashtirishi lozim. Qonunchilikka taklif qilinayotgan o‘zgartirish amalda bo‘lgan shartnoma va kelishuvlarga zid: O‘zbekiston fuqarolari sug‘urta polisini sotib olmay, Rossiyaga borishi mumkin.
«Migrant oilalarning farzandlari ta'lim olishi uchun davlat byudjyetidan pul sarflanmoqda. Bu adolatdan emas», deydi deputat.

Tug‘ruqxona, maktab va maktabgacha ta'lim muassasalariga Rossiya fuqarolaridan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lov amalga oshirilishi shart.

«Soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan fuqarolarimiz ijtimoiy xizmatlardan to‘laqonli foydalana olmayapti», deydi Milonov.

Ma'lum qilinishicha, qo‘shimcha sug‘urta polisi joriy etilgan taqdirda, og‘ir mehnat sharoitida faoliyat olib borayotgan yosh oila vakillari to‘lovni nisbatan ko‘proq amalga oshiradi. Birinchidan, yosh ayol tug‘ruqxona xizmatidan foydalanishi mumkin, ikkinchidan, og‘ir mehnatda ishchining jarohat olish xavfi yuqori bo‘ladi. Shunga ko‘ra, sug‘urta polisining narxi xorijiy mamlakat fuqarosining jinsi, yoshi, Rossiyaga kelish maqsadi va muddati bilan farqlanishi mumkin.

Deputat hozircha migrantlar Rossiyadan chiqib ketishida, ularga qancha tovon to‘lanishi haqida aniq tushunchaga ega emas. Bundan tashqari, migrantlar patent uchun pul to‘laydi, xarajatlar hududlarga qarab o‘zgarib turadi.

Vaziyatga boshqa ko‘z bilan qaraganda, xorijiy fuqaro Rossiyaga ko‘chib kelishi bilan to‘qnash keladigan ilk muammo - yashash joyida ro‘yxatdan o‘tishi. Bunday hujjatsiz patent ham, sug‘urta ham olishning imkoniyati yo‘q. Mantiqan o‘ylab qaraganda, ro‘yxatga qo‘yish va patent masalasi ish beruvchining (yoki RFga kelishga taklif qilgan xonadon egasi) zimmasida, ammo migrantlar avvaldan mehnat shartnomasini imzolamasdan (keyin ham bunday shartnoma tuzilmaydi) RFga kelishi vaziyatni chigallashtiradi. 

Mehnat muhojiri sifatida Novosibirskka borgan o‘zbekistonlik muhojirning aytishicha, migrantlar har oyda taxminan 3500 rubl patent uchun to‘lovni amalga oshiradi. Shuningdek, «cho‘ziluvchi» ijara xonadon uchun har oyda bir marta 2500 rubl, rus tilini bilmagan patentga talabgorlar esa 5000-10000 rubl pora «uzatishadi». Patent olish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish lozim, navbatsiz va tezkor hujjatlar uchun Rossiyaning bepoyon hududida ishlashni juda istagan muhojir 7-10 ming rubl pora berishga ham tayyor. Hammasi bo‘lib, bir parcha (va yo‘qotib qo‘yish aslo xush ko‘rilmaydigan) qog‘oz uchun 35 ming rublgacha pul ketishi mumkin.

Aslida, davlat migrantlarni «moliyaviy qaram qullar»ga aylantirib qo‘ygan: ishlash uchun yo‘lga otlangan mehnat muhojiri avvaldan qarzga botib kelgan bo‘ladi.

Lekin Vitaliy Milonov migrantlar oqimini kamaytirish Rossiya iqtisodiyoti va turmush tarziga salbiy ta'sir qilmasligiga ishonchi komil: bu ruslarni to‘shakdan turib, ishlashga undaydi.​

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid